Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukrainaning Lugansk va Donetsk regionlarini mustaqil davlatlar deb tan olar ekan, AQSh bu hududlarga sanksiyalar e'lon qildi. Kreml qarori, deydi Amerika rasmiylari, Rossiya Ukrainani bosib olish ahdida qat'iy ekanini anglatadi. Putinning bugungi qarori ketidan Rossiya qo'shinlari Lugansk va Donetskka kirishi kutilmoqda.
"Biz Rossiyadan buni kutgan edik va zudlik bilan javob berayapmiz", - deydi Jen Psaki, Oq uy matbuot kotibi.
Prezident Jo Bayden farmoniga ko'ra, Lugansk va Donetskda AQShdan har qanday taraf sarmoya qilishi man etiladi. Bu hududlarda faoliyat yuritgan shaxslar sanksiya bilan yuzlashadi.
Vashington, shuningdek, uning ittifoqchilari, jumladan Yevropa Ittifoqi va NATOning boshqa a'zolari nazarida, Putinning qarori xalqaro qonunlarga mutlaq ziddir.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Ukrainadagi maxsus vakili Mikko Kinnunen Rossiya tashlayotgan qadamlarni qoralamoqda.
“Putinning qarori shundoq ham tahlikali vaziyatni yanada og'irlashtiradi. Bu qaror Minsk kelishuviga ziddir", - deydi diplomat.
Bu bitimga ko'ra, Donetsk va Luganskning ayrim hududlari Ukraina nazoratida.
"Rossiya Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzmasligi shart", - deydi Kinnunen.
"Diplomatiya va muzokaradan boshqa yo'l yo'q. Maxsus vakil sifatida barcha tomonlarni shu yo'ldan borishga chaqiraman".
Psaki deydiki, Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Amerika qator choralar ko'rishga shay.
"Rossiya Ukraina hududiga kirsa, biz hamkorlarimiz bilan birga keskin iqtisodiy cheklovlar joriy etamiz", - deydi Psaki.
Kremlga ko'ra, Putin Lugansk va Donetskni alohida davlatlar deb hisoblashi borasida bugun Germaniya va Fransiyaga bildirgan.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina suveren davlat ekanini qayd etib, Amerika hukumati va xalqi uni quvvatlashini, hududiy yaxlitligini ta'minlashda unga madad ko'rsatishini eslatmoqda.
Putin ish stolidan Rossiya xalqiga murojaat qilar ekan, Sovet ittifoqi qanday bo'lingani va Yevropa chegaralariga nisbatan qarashlarini uzoq tushuntirgan.
Uning fikricha, Ukraina "hech qachon" alohida davlat bo'lmagan, tarixan Rossiyaning bir qismi sifatida yashagan.
Federatsiya Ukrainaning sharqiy, shimoliy va janubiy chegaralari yaqiniga qariyb 150 ming qo'shin keltirib, Belarus bilan hamkorlikda urushga shay holatda turibdi, deydi Prezident Bayden. Amerika rahbari Milliy xavfsizlik kengashi bilan uchrashar ekan, Putinni vijdonsiz prezident va agressor deya ta'riflagan.
2014-yildan beri Donbas hududida Rossiyaga sodiq separatistlar va Ukraina harbiylari orasidagi to'qnashuvlarda 14 mingga yaqin odam o'lgan. Bu mojaro o'sha sakkiz yil oldin Rossiya Qrimni bosib olganidan keyin avj olgan.
Xalqaro hamjamiyat bu hududlarni hamon Ukraina yeri deb biladi va Kremlni bosqinchilikda ayblaydi.
AQSh va NATO nigohida Rossiya bu mintaqalarda Ukraina harbiy tahdidi oshmoqda degan bahona bilan o'z maqsadlariga erishishga bel bog'lagan. Kreml yillardan beri bu hududlarini o'ziga qo'shib olish taraddudida, deydi G'arb diplomatlari.
Oxirgi kunlarda Ukraina va Rossiya chegarasiga yaqin yashovchi aholi uy-joyini tark eta boshlagan. Kreml bunga ishora qilib, odamlar Ukraina agressiyasidan qochmoqda, deya bahona qilgan.
Putin Lugansk va Donetskni tan olishidan bir necha soat oldin bu hududlardagi tarafdorlar video murojaat qilib, undan shunday qarorga kelishni iltimos qilgan.
Har ikki tomon Rossiya himoyasida bo'lishni, undan harbiy madad olishni va u bilan yaqindan hamkorlik qilishni istaydi. Separatistlar deydiki, ular Ukraina o'qi ostida yashamoqda.
Rossiya parlamenti o'tgan hafta Putinni Lugansk va Donetskni tan olishga chaqirgan edi. 2014-yilda mustaqillik e'lon qilgan bu mintaqalar, deydi Duma a'zolari, Ukraina hukumatiga bo'ysunishni xohlamaydi.
Putinga ko'ra, Ukraina sharqida barqarorlikni ta'minlash qiyin, ammo u G'arbning urush yaqin degan iddaolarini inkor etadi.
Kecha Bayden Rossiya agar Ukrainaga hujum qilmasa, Putin bilan uchrashishga hozir ekanini bildirgan edi.
Oq uy ta'biricha, Kreml urush ochish arafasida.
Donbasda o'q ovozlari tinmayapti, deydi mahalliy manbalar. Oxirgi kunlarda separatistlar qator binolarni nishonga olgan, Ukraina kuchlari javob qaytargan.
Kiyevda hukumat urushni aslo istamasligini eslatib turibdi. Prezident Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbari bilan muloqotga tayyorligini aytgan.
Bu hafta AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropada uchrashishi kutilmoqda.
NATO Kreml bilan o'z mudofaa tizimlari joylashuvi va harbiy mashqlar xususida muzokara qilishi mumkin. Ammo, deydi rasmiylar, Rossiyaning NATO kengaymasin degan talabi mutlaq qabul qilinmaydi, xususan, sobiq Sovet davlatlarini alyansga kiritmaslik sharti.
"Biz diplomatiyaga ishonamiz", - deydi Oq uy matbuot kotibi.
Kremlga ko'ra esa Rossiya o'z xavfsizligini himoya qilmoqda.