Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqidagi ikki bo’lginchi hududni mustaqil davlat deb tan olishi ketidan AQSh rahbari Jo Bayden Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Putin Dumadan ruxsat olib, Ukrainada Rossiya bosqinining boshlanishiga guvohmiz”, - dedi Bayden.
AQSh prezidenti Rossiyaning ikkita banki va bir necha oligarxini nishonga oluvchi sanksiyalarni e’lon qildi.
"Sanksiyalar keng qamrovli bo’lib, Rossiya suveren qarziga qarshi qaratilgan. Ya’ni Rossiyani G’arb moliyasidan ayirdik degani. Bundan keyin u G’arbda pul ololmaydi va o‘zining yangi qarzlari bilan bizning bozorlarimizda ham, Yevropa bozorlarida ham savdo qila olmaydi”, - dedi Bayden.
Vashington Putinga yaqin rasmiylar va oila a’zolarini ham qora ro’yxatga qo’shdi, Rossiya gazini Yevropaga uzatish uchun qurilgan “Shimoliy oqim-2” quvurini Germaniya bilan hamkorlikda muzlatib qo’ymoqchi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan keyingi haftaga rejalangan uchrashuvini bekor qildi.
“Ukrainaga bosqin boshlanishini ko’ryapmi. Rossiya diplomatiyadan bosh tortdi, bundan keyin bunday uchrashuvdan foyda yo’q”, - dedi u.
Oq uy, shuningdek, AQSh va Rossiya rahbarlari o’rtasida o’tkazilishi taklif etilgan sammitdan voz kechdi. Fransiya tashqi ishlar vaziri ham Lavrov bilan uchrashmaydigan bo’ldi.
Moskva Ukrainaga hujum qilsa, unga qarshi jazo choralari yanada qattiqroq bo’lishi aytilmoqda.
Yevropa Ittifoqi ham iqtisodiy sanksiyalar e’lon qildi.
“Rossiya Davlat Dumasida xalqaro qonunga qarshi, Ukraina hududiy daxlsizligi va suverenitetiga qarshi ovoz bergan 351 deputatni qora ro’yxatga qo’shishga kelishdik”, - dedi ittifoqning tashqi aloqalar bo’yicha oliy komissari Jozep Borrel.
AQSh va Yevropa cheklovlari bilan birga Kanada, Avstraliya, Yaponiya, Britaniya ham Rossiyaga sanksiya qo’llamoqda.
Xususan Britaniya ham AQSh kabi Rossiya davlat qarzining sotilishiga to’siq qo’ymoqchi, biroq Rossiya rasmiylariga ko’ra, tashqi qarz miqdorining ozligi tufayli Moskvada uni sotishga ehtiyoj katta emas.
Britaniya UEFAga murojaat qilib, Sankt-Peterburg shahrini mayda bo’ladigan futbol bo’yicha Chempionlar ligasi finaliga mezbonlik qilish huquqidan ayirmoqchi.
Rossiya Ukrainaning bo’lginchi hududlari bilan hamkorlik va mudofaa haqida kelishuv imzolashi unga Donetsk va Luganskka qo’shin kiritishga asos bo’ladi. Amerikalik tahlilchilarga ko’ra, bu harbiy to’qnashuvlarga olib keladi.
Qo’shma Shtatlar NATOning sharqiy chegaralarini himoya qilish uchun Yevropaning bir necha mamlakatiga qo’shimcha askar yuborilishini ma’lum qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun ham xavfsizlik kengashi majlisini o’tkazdi. Rasmiylarga ko’ra, mamlakatda 30 kunga favqulodda holat joriy etilishi rejalangan.
Rossiyada Vatan himoyachilari kunida so’zlagan Putinning aytishicha, u hamisha diplomatiya tarafdori bo’lgan, biroq mamlakat xavfsizlik manfaatlarini ustun bildi va hozirgi og’ir xalqaro ahvolni hisobga olib, Rossiya harbiy qudratini kuchaytirishda davom etadi.
"Qurol nazorati tizimining yemirilishi va NATOning harbiy faolligi kabi muammolar natijasida vujudga kelayotgan tahdidlarni ko’ryapmiz”, - dedi u.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Ukraina-Rossiya inqirozi bo’yicha bayonotini tanqid qilib, uning izohlari BMT bosh kotibi maqomiga to’g’ri kelmasligini aytdi.
Guterrish Rossiya bo’lginchi hududlarni tan olib, Ukraina hududiy daxlsizligi va suverenitetini hamda “tinchlikparvar qo’shinlar” tushunchasini buzganini aytdi.
"Bir mamlakat qo’shinlari ikkinchi mamlakatga ruxsatsiz kirganida ular xolis tinchlikparvar kuchlar bo’lolmaydi. Ular umuman tinchlikparvar kuchlar emas. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukraina suvereniteti, siyosiy mustaqilligi va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasidagi hududiy daxlsizligini to’liq qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi bosh kotib.
Moskvada BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili bilan uchrashgan Lavrovning aytishicha, Guterrish BMT Xavfsizlik Kengashining muayyan rezolyutsiyasi doirasida Minsk kelishuvlarida bitilgan shartlar bajaralishi haqida biror marta fikr bildirmagan, biroq endi G’arb bosimi ostida Ukraina sharqidagi vaziyat bo’yicha bir necha bor bayonot qildi.
“Minsk kelishuvlarida Kiyev barcha muammolarni Lugansk va Donetsk bilan muzokara orqali hal qilishi kerakligi aytilgan, biroq G’arb biror marta buni tilga olmagan”, - dedi Lavrov.
G’arb Rossiya Donbassga qo’shin yuborsa, urush boshlanishi haqida ogohlantirar ekan, Qora dengizdagi rus harbiy kemalarini o’ziga tahdid deb bilgan Ukraina Moskva urush boshlasa, Turkiyadan Dardanel va Bosfor bo’g’ozlarini yopishni so’ramoqchi.
Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasil Bodnar ma’lumot berdi.
Anqara Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlamasligini bildirgan, biroq shu bilan birga Kremlning bo’lginchi hududlarni tan olish qarorini ham olqishlamadi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham Ukraina, ham Rossiya bilan yaxshi aloqalarga ega Anqara hech biri bilan munosabatlar buzilishini istamasligini aytgan.
Oy boshida Rossiyaning oltita harbiy kemasi va bir suvosti kemasi Dardanel va Bosfor bo’g’ozlari orqali Qora dengizga o’tgan.
Rossiya Ukrainadan diplomatlarini evakuatsiya qilishni boshlagan. Uning Kiyevdagi elchixonasidan Rossiya bayrog’i tushirilgan.
Payshanba kuni Yevropa Ittifoqi rahbarlari favqulodda sammit o’tkazib, Rossiya harakatlariga nisbatan siyosatini, yangi sanksiyalarni muhokama qilishi kutilmoqda.
AQShning “Maxar Technologies” kompaniyasi sun’iy yo’ldosh orqali suratga tushirgan tasvirlarda Belarus janubida yuzdan ortiq harbiy texnika, o’nlab chodir va dala gospitalini ko’rsa bo’ladi.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar boshlasa, hujumning bir qismi qo’shni Belarusda joylashgan rus harbiylari tomonidan amalga oshiriladi. Rossiyaning Belarusdagi qo’shma harbiy mashqlari 20-fevralda tugashi kerak edi, biroq Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xrenin tadbir uzaytirilgani haqida ma’lum qildi.
“Mashg’ulotlar urushning oldini olishga qaratilgan. Biz urush bo’lishini istamaymiz. Biroq bizni eshitishmayapti yoki eshitishni xohlashmayapti. Shu sabab tegishli qismlar tuzilib, zarur bo’lganda loyiq javob beradi”, - dedi u.
Belarusning Polshdan turib efirga chiqayotgan mustaqil “Belsat” kanali bergan ma’lumotga ko’ra, Belarusda Rossiyaning yadro qurollarini tashish salohiyatiga ega ikkita bombardimonchi samolyoti joylashtirilgan.
AQSh va NATO harbiy mashqlar uzaytirilganiga qarshi. Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielius Landsbergis Belarusga ham sanksiya qo’yishga chaqirmoqda.
"Harbiy qo’shinlar sonining oshirilishi Belarusga qimmatga tushishini aniq ko’rsatishimiz kerak. Yevropa Ittifoqining to’rtinchi va beshinchi sanksiyalar paketi ayrim sohalarni inobatga olmagan. Xususan, neft va kaliyni. Ularni oltinchi paketga qo’shsa bo’ladi”, - dedi vazir.
AQSh tahlilchilari nazarida, Belarusdagi harbiy mashqlarning uzaytirilishi Ukrainaga qarshi uchinchi front uchun qo’shinlarni ushlab turishga imkon beradi.
“Ularning Ukrainaga qarshi yana bir front ochish uchun kerakligiga shubha yo’q. Agar Moskva hujumga o’tsa va, xususan, Kiyevni olmoqchi bo’lsa”, - deydi Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutidan Donald Yensen.
Yana bir amerikalik tahlilchi Deyvid Kramer Belarusning bu masaladagi ishtirokidan ajablanmasligini aytadi.
“Aleksandr Lukashenko Belarus suvereniteti va hududiy daxlsizligini Rossiyaga topshirganiga ancha bo’lib qoldi. Bu Lukashenko uchun hokimiyatda qolishning yagona yo’li - Putin va Kreml talablariga bo’yin egish orqali. Belarusdagi mashqlarning uzaytirilgani Putinning Lukashenko ustidan nazoratiga isbot”, - deydi Jorj Bush instituti eksperti.