AQSh qonunchilari: Putin demokratiyaga hamla qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va uning demokrat safdoshlari, Kogress, Vashington, 23-fevral, 2022

Kongressning yetakchi a'zolari Rossiya va uning rahbari Vladimir Putinni agressiyada qoralab, Ukraina hududiy yaxlitligini buzganlikda ayblab, Kreml qilmishlarini demokratik mamlakatlarga hamla sifatida baholamoqda.

“Bir mamlakatga vahshiydek kirib borish - hozirgi zamonda ham shunga guvohmiz. Bu zolim 2016-yilda bizga ham hujum qilgan", - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Demokratlar Rossiyani sakkiz yil oldingi prezident saylovlarida Amerika tizimini ishdan chiqarishga uringanlikda gumon qilib keladi. Pelosining yuqoridagi gapi shunga ishora.

Pelosi va yana bir necha demokrat shu kunlarda Myunxenda xalqaro xavfsizlik bo'yicha anjumanda qatnashdi. Spiker kuzatishicha, Prezident Jo Bayden Yevropadagi ittifoqchilar bilan puxta ishlamoqda va hamkorlik chuqur.

"Quvurni bekor qilib, NATO a'zolari naqadar birdam ekanini bildirdi. Putinni qabih harakatlari qattiq jazolarga arziydi va ittifoqchilarimiz bir yoqadan bosh chiqarmoqda", - deydi Adam Shiff, Vakillar palatasida Razvedka qo'mitasi raisi.

Quvur deb u Rossiyadan Boltiq dengizi orqali Germaniyaga tabiiy gaz olib keluvchi 11 milliard dollarlik infrastrukturani nazarda tutmoqda. U hali ishga tushmagan edi. Berlin uni bekor qilib, ya'ni ishlatishdan bosh tortib, Kremlni Ukrainaning Donetsk va Lugansk regionlarini mustaqil davlatlar deb tan olgani uchun jazolamoqda.

G'arb, xususan AQSh va Yevropa hukumatlari Rossiyaga qarshi qator moliyaviy sanksiyalarni ishga solmoqda, jumladan federatsiyaning yirik banklari, siyosatchilari va tadbirkorlarini nishonga olmoqda.

"Sanksiyalar kech qo'yildi"

Demokratlar va respublikachilar sanksiyalar zarurati yuzasidan yakdil, ammo ularning qay yo'sinda tatbiq etilishi borasida turlicha fikrda.

Chegara bo'ylab taxminan 150 ming qo'shinni shaylantirgan Rossiya endilikda Lugansk va Donetskka o'z kuchlarini olib kirmoqda. Oq uy nazarida, bu bilan Moskva Ukraina sarhadiga bostirib kira boshlagan.

Respublikachilar Oq uyni sust harakat qilganlikda, Putinni agressiyasini to'xtata olmaganlikda, Kremlga qarshi chora ko'rishga kechikkanlikda ayblamoqda.

Respublikachi senator Ben Sass Prezident Baydenning ashaddiy tanqidchilaridan biri

Senat Razvedka qo'mitasi a'zosi, respublikachi Ben Sass deydiki, Prezident Bayden sanksiyalarni Putin Ukrainaga kirmasdan oldin qo'yishi kerak edi.

"Rossiya allaqachon Ukrainada", - deydi senator Sass.

"Iqtisodiy sanksiyalar Putinning oligarxlarini qaqshatishi kerak. Ammo bizning bu choralarimiz Putinni Ukrainada o'z qo'g'irchoq hukumatini o'rnatishdan to'xtatmaydi".

Respublikachi senator Lindzi Grem fikricha esa Prezident Bayden "Putin mendan qo'rqadi" degan gaplarini eslatib, shunday deydi:

"Janob prezident, Putin sizni nafaqat mensimayapti, balki siz va ittifoqchilarimizning ustiga ham chiqib oldi".

AQSh Ukrainaga harbiy missiya yuborishi mumkin degan xavotirlar

Demokratlar nazarida Prezident Bayden uzoqni ko'zlab ish tutmoqda va inqirozning kengaymasligi uchun harakat qilmoqda.

Kongressmen Shiff:

“Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, jazo choralari ko'ramiz, deya ogohlantirib turdi va mana ko'rayapti. Kremlning so'zi uchun emas, qilmishi uchun jazolayapmiz. Sanksiyalarni erta qo'yish asossiz bo'lar edi. Rossiya bunday jazolar ostida aslo to'xtamagan bo'lar edi".

Respublikachilar va demokratlar orasida Rossiya-Ukraina mojarosiga Amerika uchun "keraksiz boshog'riq" sifatida ham qaraydiganlar bor. Ularning soni katta emas, ammo bu qonunchilarga ko'ra, NATO hissiyotlarga berilmay, hozirgi 30 a'zo manfaatlariga prioritet sifatida qarashi lozim.

Vakillar palatasi a'zosi Barbara Li fikricha, Ukraina Sharqiy Yevropadagi mustaqil va suveren davlat. Rossiya, deydi u, xalqaro qonunlarni oyoqosti qilgan holda uning hududlarini parchalamoqda.

“Yevropadagi ittifoqchilarimiz bilan yaqindan ishlab, sanksiyalarni tizimli joriy etar ekanmiz, diplomatik yo'llar bilan bu mojaro kengaymasligini ta'minlashimiz kerak", - deydi demokrat Barbara Li.

Li xonim - o'z vaqtida Iroq va Afg'onistonda urush boshlashga qarshi ovoz bergan yagona qonunchi. O'shanda u Kongressda bu harbiy missiyalar nomaqbul deya bong urib tanilgan.

“Ishonamanki, Prezident Bayden Ukrainadagi mojarolarga AQSh harbiylarini aralashtirmaydi", - deydi Li.

Vakillar palatasining eng konservativ a'zolari Oq uy Ukrainaga harbiy missiya yuboradi deya xavotirda. Prezident Bayden bunday qilmasligini haqida qayta-qayta aytgan.

Demokrat senator Bob Menendez va respublikachi Bob Rish, palatadagi eng nufuzli qonunchilar, Rossiyaga nisbatan qo'shimcha moliyaviy choralarni ko'zlovchi loyihalar tanishtirgan. Har ikkisi Ukrainaga yuzlab million dollarlik yordam berishni taklif qilmoqda.