Prezident Jo Bayden Kongress huzurida yillik hisobotida Rossiya-Ukraina inqiroziga to‘xtaldi. Oq uy o‘z pozitsiyasini dunyo hamjamiyatiga tushuntirar ekan, uning so‘zlarini siyosatshunoslar turlicha sharhlamoqda.
Tahlilchi Jo’rabek Mahmudov fikricha, Kreml Ukrainaga nisbatan o‘ta agressivlashgan va bu davlat hududida rus matbuoti qayd etayotganidek “harbiy amaliyot” yoki jang olib borayotgan ayni paytda AQSh bu hududga o‘z harbiylarini kiritmaslikka qaror qilgani Oq uyning dunyo hamjamiyati oldidagi mas’uliyatidan darak beradi.
Buni ham ko'ring Ukraina-Rossiya nizosi Markaziy Osiyoga qanday taʼsir qilishi mumkin?“Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga harbiy qo‘shin kiritmasligi juda to‘g‘ri, hatto oqilona qaror bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bu haqda 1-mart kuni AQSh prezidenti aytib o‘tdi va umid qilamizki, bundan keyin ham Oq uy shu pozitsiyada turadi. To‘g‘ri, bugungi kundagi reallik, suveren Ukraina hududida Rossiya harbiylari jang qilmoqda. Ammo unga qarshi AQSh ham qo‘shin kiritishi juda dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Tomonlar atom bombalaridan foydalanishi hatto uchinchi jahon urushi boshlanib ketishiga olib kelishi mumkin edi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, Oq uy dunyo hamjamiyati oldida mas’uliyat bilan yondashmoqda”, – deydi u.
G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan qo‘llayotgan sanksiyalar, deydi Mahmudov, rus mansabdorlari matbuot orqali o‘z chiqishlarida aytayotganidan ko‘ra jiddiyroq muammolar tug‘diradi.
Natijada Rossiya hukumatining zaiflashuvi va o‘z ichki muammolari bilan o‘ralashib qolishiga, balki mamlakatda xalq noroziliklari kuchayib, rahbariyat almashinuviga olib kelishi ham mumkin.
Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha tahlilchi Parviz Mullojonov fikricha, Rossiyani katta iqtisodiy inqiroz kutmoqda va bu mintaqadagi sherik davlatlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
“Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalar bu qadar jiddiy tus olib, ham Rossiya, ham sobiq Sovet Ittifoqi davlatlariga misli ko‘rilmagan zarar keltirishini hech kim kutmagan edi. Rus rubli qurbsizlanib bormoqda va Rossiya markaziy bankining uni oldini olish imkoniyatlari cheklangan. Chunki Rossiyaning xorijdagi 640 milliard dollar valyuta zaxirasi muzlatilib qo‘yildi”, – deydi Mullojonov.
AQSh Rossiya samolyotlari uchun havo hududini yopdi. Ammo tahlilchi fikricha, bu Rossiya aviatsiyasi uchun yagona muammo emas.
Rus rubli qurbsizlanib bormoqda va Rossiya markaziy bankining uni oldini olish imkoniyatlari cheklangan.
“Fuqarolik aviatsiyasi, umuman, Rossiya Federatsiyasida mavjud bo‘lgan 900 ta fuqarolik samolyotidan 700 ga yaqini ijaraga (lizing) olingan. Endi sanksiyalar tufayli ulardan 500 ga yaqini qaytarilishi kerak, chunki ularning ijarasi katta ehtimol bilan uzaytirilmaydi”, – deydi Mullojonov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu samolyotlar Yevropa davlatlaridan, aniqrog‘i, Irlandiyaga tegishli shirkatdan olingan. Suhbatdosh yaqin orada Rossiyada ichki aviaqatnovlar ham muammoga uchrashini taxmin qiladi.
“Rublning past va beqaror kursi bilan Rossiyada import pasayadi va import qilinadigan mahsulotlarning narxi tez ko‘tariladi. Bu iste’mol mahsulotlarining katta qismidir. Ko‘pgina sof rus mahsulotlarini ishlab chiqarish – qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tortib texnologik sanoat mahsulotlarigacha – import qilinadigan komponentlarsiz mumkin emas. Masalan, sabzavot yetishtiriladigan issiqxonalar uchun bir qator ashyolar xorijdan keltiriladi. Rossiyada dori vositalari ham, asosan, import qilinadi, faqat chorak qismi mamlakatda ishlab chiqariladi, shuning uchun dori-darmonlar narxi ham oshishi aniq”, – deydi Mullojonov.
Asosiy zarba Rossiya va boshqa postsovet mamlakatlari aholisiga tushadi, deydi u. Ularning daromadlari va turmush darajasi tezda pasayadi. Ayniqsa, mehnat muhojirlari va ularning oilalari uchun qiyin bo‘ladi.
Ularning daromadlari rublning qadrsizlanishi va mehnat bozorining qisqarishi tufayli kamayadi. Allaqachon, ularning dollardagi daromadlari deyarli uchdan bir qismga kamaydi, ular kamroq ish haqi olishadi va yashash uchun ko‘proq pul sarflay boshlashadi.
Buni ham ko'ring Ukraina-Rossiya: Markaziy Osiyo qo'rquv va xavotirdaSiyosatshunos Sherali Rizoyon tahlilicha, Rossiya va G‘arb orasidagi sovuq urush avjiga chiqib bormoqda.
“Sovuq urush an’analari va tamoyillarining tiklanishini kuzatyapmiz. Jahon ommaviy axborot vositalarining materiallari tahlili shuni ko‘rsatadiki, sovuq urush avjida va bugungi kunda Rossiyani quvilgan davlatga aylantirishga urinishlar bo‘lyapti. Bu harakatlar siyosiy bo‘lmagan sohalarga, xususan, sport, madaniyat, fan va ta’lim sohalariga ham taalluqlidir va butun postsovet makonida halokatli oqibatlarga olib keladi”.
Uning aytishicha, ayrim MDH davlatlariga nisbatan ham sanksiyalar e’lon qilinishi ehtimoli yuqori va bu holat Tojikistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Rizoyon deydiki, inqirozdan keyingi holat qanday bo‘lishiga ham e’tibor qaratish lozim. Rossiya-Ukraina urushidan keyin postsovet davlatlariga Rossiyaning ta’siri kamayishi mumkin.
“Ukrainadagi mojaro tugaganidan keyin postsovet hududidagi munosabatlar formati o‘zgarishi aniq. Shuning uchun hamkorlar bilan kelajakdagi munosabatlar formatini har tomonlama tahlil qilish juda muhimdir. Jahon siyosatining ushbu mintaqasi parchalanib ketishi va shu sharoitda Tojikiston milliy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirish birinchi raqamli masalaga aylanishi ehtimoli juda katta”, – deydi Rizoyon.
Mintaqadagi postsovet davlatlariga Rossiya ta’sirining kamayishi Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p vektorli siyosat yuritishiga qulay imkoniyat yaratadi, deydi suhbatdosh. Ammo mintaqada Xitoyning ta’siri yana ortishiga ham olib kelishi mumkin.