Rossiya Afrikaga taklif etayotgan “muqobil yo’l”

  • Amerika Ovozi

Rossiya-Afrika sammiti, 24-oktabr, 2019

Afrikadagi harbiy to’ntarishlar to’lqinida Rossiya vositachi va “qit’aning himoyachisi” sifatida gavdalanmoqda. So’nggi yillarda bir qancha siyosiy va harbiy kelishuvlar imzolagan. Afrikaning zaif rahbarlarini quvvatlashda Moskva “Vagner” singari xususiy harbiy shirkatlarga tayanadi.

Yanvarda Burkina-Fasoda harbiy to’ntarish ketidan poytaxtda odamlar Rossiya bayrog’ini ko’tarib chiqdi.

Markaziy Afrika Respublikasida o’tgan yili kuzda o’rnatilgan haykal esa aholini himoya qilayotgan mahalliy askarlar va rus zobitlarini sharaflaydi. Bular Rossiyaning qit’adagi nufuziga yorqin misollar.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya-Afrika: Harbiy kelishuvlar, yollanma jangchilar

2019-yilda o’tgan Rossiya-Afrika sammitida Prezident Vladimir Putin Afrika uning mamlakati uchun prioritet ekaniga ishora qilgan.

“Sammitda Rossiya-Afrika muloqotining yangi mexanizmini yaratishga kelishib olindi”, - degan Putin.

Oktabrda Sankt-Peterburgda ikkinchi yig’in rejalangan. Birinchisi Sochida o’tgan edi. Roskongress jamg’armasiga ko’ra, unda qurol-yarog’ savdosi, qishloq xo’jaligi, energetika sohalarida millirdlab dollarlik bitimlar imzolangan.

Putinning so’zlari bilan aytganda, Moskvaning Afrikaga yondashuvi G’arb joriy etgan “siyosiy va boshqa turdagi shartlardan” xoli hamkorlikdir.

“Rossiya, Sovet Ittifoqi kabi, Afrikaga muqobil yo’l taklif etyapti. Hozir ruslar va ilgari sovetlar siyosatining o’xshash jihati shundaki, har ikkisi G’arbga nisbatan tanqidiy yondashadi”, - deydi professor Maksim Matusevich.

Afrikada islomiy ekstremizm va boshqa zo’ravonliklar Rossiya harbiylari uchun imkoniyatlar ochgan. Jumladan, Fransiya qo’shinlari tark etayotgan Malida. 2013-yildan buyon fransuz askarlari bu yerda Al-Qoida va “Islomiy davlat”ga qarshi kurashib kelayotgan edi.

Buni ham ko'ring Xitoyning Afrikadagi sarmoya modeli AQShnikidan jozibaliroqmi?

Kuzatuvchilarga ko’ra, xususiy harbiy pudratchilar ham Afrikada Moskva manfaatlarini olg’a surishga yordam beryapti.

AQSh va Yevropa davlatlariga ko’ra, Kremlga yaqin tadbirkor Yevgeniy Prigojinga tegishli ekani aytilayotgan “Vagner” harbiy shirkati Malida faoliyat yuritadi. Ammo rasman bu kompaniya mavjud emas, uning registratsiya hujjatlari yoki soliq deklaratsiyasini topish ham imkonsiz.

Yevropa xavfsizlik idoralariga ko’ra, Suriya va Liviyada jang qilish tajribasiga ega “Vagner” yollanma askarlari hozir Ukraina sharqida ham faoliyat olib bormoqda. Razvedka rasmiylari deydiki, ulargnin vazifasi - sabotaj va qo’poruvchilik, Ukraina armiyasi aholiga hujum qilayotganini soxtalashtirish.

Putinning ta’kidlashicha, bu shirkatning Rossiya hukumatiga aloqasi yo’q. Oltin va va qimmatbaho toshlar bilan shug’ullanuvchi xususiy biznes bu, deydi u.

Bundan qat’i nazar, deydi mutaxassislar, “Vagner” jangchilari borgan joyda doim muammo chiqadi.

“Vagner” safarbar etilgan davlatlarda, Liviya, Sudan, Mozambik yoki Markaziy Afrika Respublikasi bo’ladimi, bu guruh vaziyatni beqarorlashtiruvchi kuch bo’lib xizmat qiladi”, - deydi Afrika strategik tadqiqotlar markazi rahbari Jozef Sigl.

Afrika strategik tadqiqotlar markazi rahbariga ko’ra, Afrikadagi zaif rahbarlarga yordam berish uchun Moskva qo’llaydigan usullardan biri yollanma jangchilardan foydalanishdir. Evaziga Rossiya iqtisodiy ustunlikni qo’lga kiritadi.

“Rossiya qilayotgan ish - yollanma jangchilar, dezinformatsiya, saylovlarga aralashuv, resurslar evaziga qurol berish va mavhum kelishuvlar”, - deydi Sigl.

BMT Markaziy Afrika Respublikasida xususiy harbiylar tomonidan sodir etilgani da’vo qilinayotgan “jiddiy” huquqbuzarlik hollarini tekshirmoqda.

Buni ham ko'ring AQSh Rossiyani Liviyaga qurol va qo'shin yuborayotganlikda ayblamoqda

Malida 2020-yilgi harbiy to’ntarish yetakchilari rossiyalik harbiy murabbiylarni taklif etgan. AQSh va Fransiyaga ko’ra, ular aslida “Vagner”ning yollanma jangchilari.

Malida ayrimlar ularni olqishlar bilan kutib oldi. Bu nafaqat mamlakatning sobiq SSSR bilan tarixiy aloqalarini, balki xalq zo’ravonlikdan charchaganini ham aks ettiradi.

"2013-yilda fransuz harbiylari mamlakatga kelganida Mali xalqi ularni quchoq ochib kutib olgan edi. Bugun esa ular ketsin, deyishyapti. Ikki yildan keyin ruslar ham xuddi shunday vaziyatga tushsa, hayron bo’lmayman”, - deydi siyosatshunos Niagale Bagayoko.

U Afrika xavfsizlik sektori tarmog’i degan tashkilotni boshqaradi. Afrika hukumatlari, deydi suhbatdosh, xorijiy hamkorlari sonini ko’paytirishga tayyor.

“Bitta xorijiy hamkor yoki faqat bir guruh davlatlar bilan ishlash nafaqat diplomatiya uchun, balki harbiy sohada ham imkoniyatlarni cheklashini hukumatlar tushunib yetmoqda”, - deydi siyosatshunos.

Tabiiy resurslarga boy va yoshlar aholining katta qismini tashkil etuvchi Afrikada o’z ta’sirini kengaytirishga harakat qilayotgan faqat Rossiya emas. Ikkinchi AQSh-Afrika sammitiga tayyorgarlik ketmoqda.

Yevropa Ittifoqi esa Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusiga javoban Afrika uchun 170 milliard dollarlik sarmoya dasturini e’lon qildi.

Xitoy kamida 10 yildan beri Afrikaning eng yirik iqtisodiy hamkori bo’lib kelmoqda.