Turkiyada Rossiya-Ukraina muloqoti natijasiz yakunlandi

Turkiyada o’tgan uchrashuvda Ukraina va Rossiya o’t ochishni vaqtincha, hech bo‘lmaganda 24 soatga to’xtatib turishga ham kelisha olmagan. Turkiya vositachiligidagi bu uchrashuvdan tomonlar o’rtasida muloqot davom etishiga doir umidlardan tashqari boshqa aniq natija yo'q.

Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitro Kulebaning muloqoti Rossiya Ukrainaga urush boshlashi ortidan o’tkazilgan dastlabki uchrashuvdir.

Unda tomonlar o’rtasida muhokamaga chiqishi kutilgan Ukrainaning neytrallik maqomi masalasi deyarli ko’tarilmagan. Rossiya tomoni bu masalani Belarusdagi muzokaralarda muhokama qilish niyatida. Kulebaga ko’ra, Rossiya tomoni shunday fikrda.

Buni ham ko'ring Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 14-kun

Ukrainaning qamalda qolgan Mariupol shahri uchun evakuatsiya yo’laklarini ochish taklifi ham inobatsiz qolgan. Rossiya armiyasi qurshovida qolayotgan bu shaharda gumanitar inqiroz yuzaga kelgani, aholi evakuatsiyaga muhtojligi ta’kidlanadi.

Antalyadagi muloqotning asosiy ishorasi Rossiya va Ukraina prezidentlari uchrashuvi ehtimoli mavjudligi, har ikki tomon buni inkor etmayotgani deyish mumkin.

Ammo dastlabki muloqotning aniq natija bermagani prezidentlar o’rtasida uchrashuv tashkil etilishi ehtimolini jiddiy pasaytiradi.

Rossiya Ukrainaga urush boshlaganiga 15 kun bo’lyapti. Rossiya armiyasining yurishi urushning dastlabki kunlariga solishtirganda ancha susaygan, harbiy talafotlar miqyosi kengayib bormoqda.

Urush boshlanishi ortidan Rossiyaning mislsiz sanksiyalarga tutilishi mamlakat iqtisodiga, jumladan, urush harakatlariga o’z ta’sirini o’tkaza boshlagani ta’kidlanadi.

Ukraina taslim bo'lmoqchi emas

Urush Ukrainaga ham og’ir talafotlar olib keldi, ishg’olga uchragan hududlar yanada kengaydi, iqtisodiyotga jiddiy zarba berildi, millionlab aholi qochqinga aylandi. Yirik shaharlar raketa zabarlari ostida, mamlakat taqdiri noma’lum, urush holatida yashamoqda.

Bundan qat’i nazar ukrainlarning mamlakat taslim bo’lmasligiga, urushdagi g’alabaga ishonchi mustahkam.

Ukrainadagi “Reyting” markazi tomonidan e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko’ra, ijtimoiy so’rovda qatnashgan 90 foizdan oshiq ukrainlar Rossiya agressiyasini yengish mumkinligiga, bu yaqin bir necha haftalarda amalga oshishiga ishonishadi.

So’rovda qatnashganlarning 80 foizi shaxsan mamlakat mudofaasiga moliyaviy yoki boshqa sohalarda hissa qo’shayotganini e’tirof etgan.

Ukrainalik jurnalist, ayni paytda hududiy mudofaa xizmatiga qo’shilgan Olena Stadnik ham g’alabaga ishonchi mustahkam faollardan. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, haqiqat Ukraina tomonida.

“Aynan shuning uchun ham men g’alaba qozonishimizga shubha qilmayman. Chunki haqiqat biz tomonda. Biz Rossiyaga emas, Rossiya bizga hujum qildi. Ukraina xalqi, armiyasi o’z vatani himoyasiga chiqdi, bu urushda Rossiya borgan sari ko’proq qurbonlar beryapti. Ukraina qurolli kuchlari, xalqi nimalarga qodirligini ko’rsatmoqda. Har bir fuqaromiz, ukrainlar g’alaba uchun qo’ldan kelgancha o’z hissasini qo’shmoqda. Kimdir hududiy mudofaa qo’shinlari tarkibida, kimdir boshqa bir sohada. Xullas, bu urushdan hech kim chetda emas, vatan bosqiniga befarq emas”, - deydi u.

Urush manzarasi: 8-mart, 2022

Ukrainlardagi bu ishonchdan qat’i nazar 15-kuni yakunlanayotgan Rossiya-Ukraina urushi talafotlar miqyosi jiddiy kengayib borayotgani bilan kuzatiladi va faqatgina harbiy talafotlar bilan cheklanmayapti.

Urush bolalarni, tinch aholini hayotdan olib ketmoqda. Tinch aholi orasida qurbonlar soni keskin oshgan. BMT o’lganlar 500 kishidan oshganini qayd etmoqda.

Bolalar huquqlari bo’yicha Ukraina ombudsmeni tomonidan berilgan ma’lumotga ko’ra, Rossiya boshlagan urush hozirgacha 71 nafar bolaning umriga zomin bo’lgan, 100 dan oshiq bolalar turli darajada jarohat olishgan.

Uchrashuvlar davom etadi

Turkiyadagi muzokaralar Ukraina-Rossiya urushi taqdiri, jumladan, urushning qanchaga cho’zilishiga bir qadar oydinlik kiritadi degan umidlarni oqlamadi.

Rossiya va Ukraina vakillari o’rtasida Belarusda o’tkazilgan muzokaralar ham bundan xoli emas.

Belarusdagi uchinchi davra uchrashuvlarining asosiy natijasi ayrim shaharlardan aholini evakuatsiya qilishga doir kelishuv bo’lib turibdi. Ammo evakuatsiya o’zaro kelishuvda aks etgan barcha shaharlarda amalga oshmagan, otishmalar davom etgan.

Belarusdagi, shuningdek, Antalyada bo’lib o’tgan muzokaralarning ham keyingi taqdiri noma’lum, ammo tomonlar muhokamalarning davom etishiga qarshi emas. Har holda Ukraina tomoni shunday umid bildirgan.

AQSh-Turkiya

Antalyadagi muzokara ketidan bugun AQSh va Turkiya rahbarlari telefon orqali gaplashib oldi. Rossiya Ukrainada “asossiz” urush ochgani tilga olingan.

“Ular Ukraina hukumati va xalqini qo’llab-quvvatlashini, Rossiya agressiyani zudlik bilan bas qilishi kerakligini qayd etdi. Xalqaro jamoatchilikning inqirozga kelishgan holda javob berayotgani olqishlandi”, - deyiladi Oq uy bayonotida.

Prezident Jo Bayden mojaroga diplomatik yechim topishga harakat qilayotgani uchun Turkiyaga minnatdorchilik bildirgan.