Qozoq muxolifatchisi: Rossiyaga hozir ikkinchi front mutlaqo kerak emas

Ukraina-Rossiya urushi aksariyat tahlillarga qaramasdan qisqa muddatda yakun topmadi. Urush boshlanganiga bir oydan oshdi. Jang maydonidagi so’nggi vaziyat esa keskin burilishlardan emas, urushning kutilganidan ancha uzoqqa cho’zilishidan ham darakdek.

Bu kimning foydasiga bo’lishini aytish qiyin, ammo hujumdagi Rossiya qo’shinlari, mudofaadagi Ukraina armiyasi uchun ham jiddiy sinov bo’lishi aniq.

Bu vaziyatdan qat’i nazar Ukrainadagi urush shiddati sekinlashar ekan, Rossiya armiyasining keyingi nishoni haqidagi farazlar kuchaymoqda. Bu nishonlar ro’yxatida Yevropa, Boltiqbo’yi davlatlaridan tashqari Qozog’iston ham tilga olinadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog’iston Rossiya nishonidami?

Rossiyaning Ukrainadagi urushi ortidan Qozog’istonga nisbatan axborot hujumi kuchaygani kuzatiladi. Qozog’iston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini (KXShT) tark etishga qaror qilgani, AQSh bilan harbiy ittifoqqa kirishganiga doir tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi.

Rossiya Qozog’istonni nishonga olishiga doir ma’lumotlar esa turli siyosiy doiralar tomonidan ta’kidlanayotgan taxmindir.

Ukrainadagi urushni mamlakat ichkarisidan kuzatib kelayotgan qozoq faollari ham bor. Qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiq shulardan biri.

Uning aytishicha, Ukrainadagi bir oylik urush Rossiya armiyasining zaifligini ko’rsatib berdi. Rossiya ayni paytda Qozog’istonga yoki boshqa biror davlatga urush ochish qudratida emas, og’ir talafotlar berayotgan rus qo’shinlarini bitim imzolashgina mag’lubiyatdan saqlab qolishi mumkin, deydi u.

Aydos Sodiq: Nazarimda, Rossiya armiyasining Ukrainaga hujumida asosiy maqsad janubiy-sharqiy hududlarga qaratilgan. Kiyev atrofida, shuningdek, shimoliy-sharqiy viloyatlarda borayotgan janglar Ukraina armiyasini chalg’itish uchun qilinayotgandek. Putinning maqsadi Ukraina janubi, sharqiy hududlarini egallash, shundan so’ng boshqa hududlarni bombalash orqali Ukraina hukumatini taslim qildirish, o’zi xohlagan bitimni imzolatish edi.

Buni ham ko'ring Ukraina-Rossiya: Markaziy Osiyo qo'rquv va xavotirda

Ammo urushga bir oy to’ldi, rus armiyasi o’z maqsadiga erishmadi. Buning ustiga ukrainlar taslim bo’lmoqchi emas, aksincha rus bombalari bolalarni, tinch aholini o’ldirayotganini ko’rgan ukrain xalqi yana qat’iylashgan, Donbassni, Qrimni qaytarish qarorida turibdi.

Ukrainaga bosim o’tkazish natija bermadi. Hozir biz hujum shiddati bosilgani, urush taktik, pozitsion shaklga o’tganini ko’ryapmiz. Rossiya asosan avia, raketa zarbalariga suyanmoqda. Shu bilan bir qatorda, Putin o’zi istagan bitimni imzolatish uchun [Volodimir] Zelenskiyga bosimni davom ettirmoqda.

Ukrainani G’arb qo’llab-quvvatlamoqda, jumladan, harbiy aslaha masalasida ham. Lekin Ukraina o’z kuchiga ishona boshladi, Rossiyani nafaqat mamlakatdan quvib chiqarish, balki ishg’ol qilingan hududlarni ham qaytarishga ishonch kuchaygan.

Amerika Ovozi: Urushdagi qurbonlar haqida nima deyish mumkin? Bu boradagi ma’lumotlar haqiqatan juda qarama-qarshi.

Aydos Sodiqov: Ma’lumotlar qandayligidan qat’i nazar faktlar bor, urushda hozirgacha Rossiyaning yetti nafar generali o’ldirildi. Afg’nistondagi 10 yillik urush mobaynida esa faqat bitta Rossiya generali o’ldirilgan edi.

Ukrainadagi bir oylik urushda esa rus armiyasining yetti nafar generali qurbon bo’ldi. Bu nimani anglatadi? Bu rus armiyasi o’ta og’ir talafotlar berayotganidan darakdir. Yaqinda Rossiya tomoni 1400 ga yaqin qurbonlar berilganini rasman tan oldi. Albatta, real raqamlar bir necha bor ko’pligi shubha uyg’otmaydi.

Amerika Ovozi: Bu urush manzarasida Markaziy Osiyodagi vaziyatga doir turli ma’lumotlar tarqalmoqda. Jumladan, yaqinda Qozog’iston kollektiv xavfsizlik shartnomasini tark etayotgani haqida xabarlar paydo bo’ldi. Qozog’istonda Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlardan chiqish harakatlari rostdan mavjudmi?

Aydos Sodiq: Bular hammasi asossiz xabarlar. Qozog’istonda hokimiyatda hamon [Qosim-Jo’mart] To’qayev, uning ortida esa [Nursulton] Nazarboyev turibdi. Bunday vaziyatda biror o’zgarish haqida gapirish mumkin emas. Siyosat avvalgidek davom etmoqda, Rossiyaning agressiv harakatlaridan imkon qadar uzoqroq turish.

Buni ham ko'ring Komilov: O’zbekiston urushga qarshi

Qrim ishg’ol qilinganda ham shunday pozitsiya edi, hozir ham shunday. Rasman betaraflik bildirmoqda, ya’ni Putinni ochiq qo’llab-quvvatlamayapti. Shu bilan bir qatorda, Qozog’iston kollektiv xavfsizlik shartnomasidan chiqayotgani, AQSh bilan qalin muzokaralar bo’lib o’tganiga doir tasdiqsiz xabarlar ham ko’paymoqda.

Lekin bunday emas, Qozog’iston Rossiya izmidagi davlat sifatida qoladi. Bundan tashqari keskin sanksiyalar ostidagi Rossiya iqtisodiga bilvosita ko’mak beruvchi mamlakatlardan biriga ham aylanadi.

Amerika Ovozi: Rossiya Ukrainaga urush bilan cheklanib qolmasligi, keyingi nishon Yevropa davlatlari, jumladan, Polshaga, Markaziy Osiyodan esa Qozog’istonga qaratilishiga doir qarashlar mavjud. Diqqatlisi shundaki, bunday farazlar rasmiy doiralarda ham bildirilmoqda.

Aydos Sodiq: Bu ko’proq alohida shaxslar tomonidan qilinayotgan bayonotlar. Chunki ehtiroslar kuchaygan, Rossiya yadroviy qirg’in qurollarini ishga solishidan, Boltiqbo’yi davlatlari, Polshaga o’tishidan xavotirlar bor. Lekin bunday emas, Rossiya armiyasi, Putin rejimi Ukrainada o’z ojizligini isbotladi.

Buning ustiga Rossiya hozir eng keskin sanksiyalarga tutilmoqda, 6 mingdan ko’p. Shuning uchun Rossiya armiyasi boshqa bir joyda front ochish, hujumni davom ettirish imkoniyatida emas. Hatto, deylik, Qozog’iston misolida ham, ularga hozir ikkinchi front mutlaqo kerak emas.

Putin qanchalik ashaddiy bo’lmasin, Ukraina masalasini yopmas ekan, boshqa yoqqa harakat qilmaydi. Hozir Putin Ukraina bilan bitim imzolashga, jamoatchilikka uni g’olib deb e’lon qilishlariga o’ta muhtoj turibdi, u boshqasiga qodir emas.