Ukrainada urushning 47-kunida Prezident Vladimir Zelenskiy teleko’prik orqali Janubiy Koreya qonunchilariga murojaat qildi. Uning taxmin qilishicha, Rossiyaning janubi-sharqdagi Mariupol shahriga hujumda o’n minglab odam nobud bo’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Zelenskiy o’z murojaatida har doimgidek qurol so’ragan, biroq aynan qanday qurolga ehtiyoji borligini aniq aytmagan.
Ikki mamlakat mudofaa vazirlari o’tgan hafta shu masalada muloqot qilgan edi. Seulga ko’ra, Ukraina tarafi samolyotga qarshi qurollar so’ragan.
Rossiya harbiy kuchlari har kuni Ukrainaning turli hududlarini nishonga olishda davom etarkan, Mudofaa vazirligi Ukrainaga Yevropa mamlakatlaridan biri tomonidan berilgan S-300 rusumidagi to’rtta havo mudofaasi tizimini kecha Dnepr yaqinida “Kalibr” qanotli raketalari bilan vayron qilganini ma’lum qildi. Hujumda 25 nafar ukrainalik harbiyning o’lgani ham aytilmoqda.
Vazirlik tizimlar qaysi mamlakat tomonidan Ukrainaga uzatilganini oshkor etmagan. Bir necha kun burun Slovakiya Ukrainaga S-300 tizimini bergan edi, biroq bu mamlakat hukumati so’zlovchisi Lubitsa Janikovaning aytishicha, ushbu sistema rus hujumida zarar ko’rmagan.
G’arbdagi ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga hujumi oqibatida mojarogacha NATOga qo’shilish haqida o’ylamagan Shvetsiya va Finlyandiyani shu yozda alyansga a’zo bo’lishga majburlamoqda. Xabarlarga ko’ra, betaraf siyosat yuritayotgan va 1814-yildan beri biror urushga aralashmagan Shvetsiya bu masalada hozircha ikkilanmoqda.
Finlyandiyada o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholi NATOga qo’shilish g’oyasini qo’llab-quvvatlamoqda.
“Bu ikki mamlakat NATOga a’zo bo’lmasa-da, u bilan o’ta yaqin aloqaga ega. Rossiya bosqini bu davlatlardagi ijtimoiy fikrni tubdan o’zgartirib yubordi. NATO nizomining o’zaro mudofaaga doir 5-moddasi sabab endi har ikkisi blokka qo’shilmoqchi”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Reychel Ritso.
O’tgan hafta Bryusselda bo’lib o’tgan NATO majlisida shu masala muhokamada bo’lgan. Finlyandiya va Shvetsiya alyansga qo’shilishi uchun uning barcha 30 a’zosi rozilik berishi kerak.
Shunday bo’lgan taqdirda, deydi Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov, Rossiya chora ko’rishga majbur bo’ladi.
"Alyans to’qnashuv keltirib chiqarishga qaratilgan vosita ekanini bot-bot takrorlaganmiz. Uning kengayishi Yevropa qit’asiga qo’shimcha xavfsizlik keltirmaydi”, - dedi Peskov.
Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bugun Lyuksemburgda to’planib, Rossiya nefti sadvosiga taqiq xususida gaplashgan.
O’tgan hafta Yevropa Parlamenti savdoni to’xtatishga ovoz bergan, biroq uning bu qarori ijro uchun majburiy emas.
Yevropa Rossiya ko’miriga boykot e’lon qilgan, biroq neft va gaz sotib olishda davom etmoqda. AQSh Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Liz Cheynining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Yevropaga yoqilg’i ta’minoti bilan yordam berishga harakat qiladi.
“Ichki ishlab chiqarishni kuchaytirib, ularga imkon qadar yordam berishimiz kerak. Biroq ular shuni anglab yetishi kerakki, har safar, har kuni Rossiyadan neft va gaz import qilishayotganida Putinning Ukrainadagi qatliomini moliyalashmoqda”, - deydi qonunchi.
Rossiya gazining bir qismi Yevropaga Ukraina orqali o’tadi va urush bo’layotganiga qaramay, quvur bir maromda ishlamoqda, Ukraina esa gaz tranzitidan foyda ko’ryapti. Zelenskiy Yevropa davlatlarini rus yoqilg’isini sotib olishni bas qilishga da’vat etayotganiga qaramay, Ukrainaning o’zi hududi orqali o’tayotgan quvurni o’chirgani yo’q.