“Mening bobom bosmachi bo’lgan, repressiya qilingan. Uzoq yillar bu oilamizga nisbatan la’nat sifatida qaralgan edi. Otam shuning uchun ham Ukrainada yashashni lozim topgandir. 2014-yilda yuz bergan inqiloblar paytida ham otam maydonda turdi, Ukrainani qo’llab-quvvatladi. Hozir yana hammasi takrorlanyapti. Yana o’sha rus dunyosi go’yoki bizni xalos qilmoqchi. Kurash yana qayta tiklanmoqda. Bizning oilamiz Ukraina himoyasida turibdi”, - deydi urush davom etayotgan mamlakatdagi o’zbek faoli Gulnora Po’lat.
Urush boshlanganida Gulnora Kiyevda bo’lgan. Tahlika boshlanishi bilanoq u volontyorlik qila boshladi. Litva fuqarosi bo’lgan turmush o’rtog’i bilan birga Yevropadan Ukrainaga insonparvarlik yuklari yig’ib, yetkazishni yo'lga qo'ydi.
Buni ham ko'ring Urushning 50-kuni: Makarovka qishlog’iGulnora, shuningdek, urush hududida qolgan aholini, ayollarni va bolalarni xavfsiz hududga olib chiqish, qochqinlarni Litvada joylashtirish, vaqtincha yashash joyi bilan ta’minlash ishlariga ham ko’maklashadi.
Gulnoraning Ukraina Rossiya urushiga nisbatan munosabati tarixiy saboqlarga asoslanadi. Bir paytlar Markaziy Osiyoni bosqin qilgan rus dunyosi o’z yurishini davom ettirmoqda, ular bugun Ukrainaga bostirib kirishdi.
Gulnoradan Ukrainadagi urush O’zbekistonda qanday qabul qilinayotganidan qanchalik xabardorligi, bu borada qanday mulohazada ekanligi haqida so’rayman.
Uning aytishicha, rasmiy munosabat qanday bo’lmasin, asosiysi oddiy o’zbekistonliklar urush dahshatlarini og’riq bilan qabul qilishayotganidir.
Buni ham ko'ring Bucha qirg’iniga O’zbekiston munosabati qanday?Ayni paytda Gulnora va uning turmush o’rtog’i Ukrainaga insonparvarlik yordami uyushtirishda davom etmoqda. Qochqinlar oqimi bir qadar tingan. Asosiy maqsad - ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga madad ko'rsatish.
Kiyevdagi hududiy mudofaa faollaridan biri Volodya Gulnora uyushtirgan karvonlarni qabul qilib, tarqatadi.
Uning ta’kidlashicha, ayniqsa urushning dastlabki kunlarida Gulnora va uning turmush o’rtog’i tashkillashtirgan insonparvarlik yordami bir necha shifoxona faoliyatida muhim rol o'ynagan.
Gulnora fikricha, Ukraina urushidan O’zbekiston va o’zbekistonliklar ham o’zi uchun saboq chiqarishi kerak, chunki bu vaziyat istalgan joyda, ayniqsa sobiq ittifoq davlatlarida takrorlanishi mumkin. Rus dunyosi bu davlatlarni o’ziniki deb hisoblaydi, deydi u.