Harbiy kiyim va dubulg’a kiyib olgan o’smir Nyu-Yorkning Baffalo shahridagi supermarketda odamlarni o’qqa tutib, 10 kishini o’ldirgan. Yana uch kishi yaralangan. Rasmiylar voqeani “irqiy motivga ega ekstremizm”, deya ta’riflamoqda. 18 yoshli Peyton Gendron ayni paytda hibsda.
Politsiya rahbari Jozef Gramagliya so’zlariga ko’ra, Gendron hujumni jonli yoyinda namoyish etgan. U mashinasini do’kon eshigi oldida to’xtatib, avvaliga tashqarida to’rt kishiga o’q uzgan, so’ng ichkarida otishmani davom ettirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
O’lganlar va yaralanganlarning 11 nafari qora tanlilar, yana ikkisi oq tanli. Do’kon asosan qora tanlilar yashovchi mahallada, Baffalo markazidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan. Politsiya do’konga kirganidan so’ng o’smir qurolini tashlab, taslim bo’lgan.
Do’kon qo’riqchisi, sobiq politsiyachi Aron Salter ham voqeada halok bo’lgan. U hujumchini otishga uringan, ammo Gendron zirhli kiyimda bo’lgan.
Gendron birinchi darajali qotillikda ayblanmoqda. Eri okrugi politsiya boshqarmasi rahbari Jon Garsiya otishmani nafratga asoslangan yovuz jinoyat deya atadi.
2021-yilning mart oyida Kolorado shtati, Boulder shahrida ham o’xshash voqea yuz bergan, 10 kishi halok bo’lgan edi. Otishmani amalga oshirgan shaxs nima uchun supermarketdagi odamlarni nishonga olgani haligacha noma’lum.
Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyerga ko’ra, Prezident Jo Baydenga otishma tafsilotlari va tergov haqida muntazam ma’lumot yetkazilyapti. Bayden voqeani jirkanch jinoyat, deya qoraladi.
Bu AQShda joriy yilda hozirgacha yuz bergan ommaviy otishmalarning eng halokatlisi va qurolga egalik xususida yana keskin bahslarga turtki berishi tayin. Mamlakatda har yili taxminan 40 ming odam qurol bilan bog’liq zo’ravonliklar oqibatida halok bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5