Afg’onistonlik sportchi qiz: Toliblar bilan yashay olmayman

  • Amerika Ovozi

"Men bir sportchiman, qanday bayroq bilan bellashuvga boray? Toliblar bayrog’i ostida hech qachon qatnashmayman", - deydi Marziya Hamidiy

Sporchi Marziya Hamidiy Fransiyada boshpana topgan afg’onlardan.

Vatanni tark etishga ulgurgan taekvondochi sport bilan shug’ullanishni tark etmagan. Maqsadlari sari qadamlar tashlamoqda.

“Taekvondoni Eronda 15 yoshimda boshlaganman. 2019-yil Afg’onistonga qaytdik. Taekvondo bo’yicha Afg’oniston terma jamoasiga a’zo bo’ldim. Xorijdagi musobaqa uchun tayyorgarlik ko’rayotgan edim. Afsuski, toliblar keldi. Hozir Fransiyada 2024-yilgi olimpiada uchun mashq qilayapman, Parijda”,- deydi Marziya.

Toliblar hokimiyatni egallashi bilanoq xotin-qizlarga cheklovlar qo’ya boshladi. Qizlarga sport uchun ruxsat bermasligi aniq.

Buni ham ko'ring Ayollarga yangi cheklovlar joriy qilgan Tolibon yanada tarqoqlashgan

“Beshta oltin medal, bitta kumush, bitta bronza medali sohibasiman. Bu medallarni Afg’oniston va Eronda qo’lga kiritganman. Men uchun Afg’oniston milliy bayrog’i ostida bellashish sharaf. Xalqim uchun iftixor qozonishni xohlardim, lekin bu imkoniyatni mendan olib qo’yishdi. Afg’oniston bayrog’i ostida “men ham afg’onman” degan hisdan ayrildim… Qaysi bayroq bilan musobaqalarda qatnashishni bilmayman. Men bir sportchiman, qanday bayroq bilan bellashuvga boray? Toliblar bayrog’i ostida hech qachon qatnashmayman”, - deydi Marziya.

Sportchi Afg’onistondan qolgan safdoshlari taqdirdan tashvishda. Ularga ko’makka muhtoj.

“Menimcha, hech bir oila toliblarni kechirmasligi kerak. Chunki ular millatimizning qotilidir. Har kuni Kobulda portlash uyushtirar edi. Sport mashqiga tahlika ostida borib kelar edik. Men toliblar bilan yashay olmayman... Afg’oniston taekvondo terma jamoasi a’zolari mamlakatda qolib ketgan. Chiqib keta olishmagan. Ular bilan aloqadaman. Anchagina, hech qanday e’tibor berilmayapti”,- Marziya.

Tolibon hukumati cheklovlarni kengaytirar va kuchaytirar ekan, Afg’oniston ulkan yutuqlarni boy bermoqda, jumladan musiqa, ilm-fan, sport va umuman taraqqiyotda. Ayollar erkinlikdan mahrum.

Your browser doesn’t support HTML5

Afghan female athlete - UZBEK.mp4