Rossiya dunyo bo'ylab oziq-ovqat narxi oshib borayotganida G'arbni ayblamoqda, xususan uni Ukrainani quvvatlab, federatsiyaga qarshi sanksiyalar joriy etganlikda.
Urush sabab Ukraina millionlab tonna g'alla va boshqa mahsulotlarni jahon bozoriga chiqara olmayapti.
Britaniya va AQSh hukumatlari nazarida esa Kreml Ukraina iqtisodini o'ldirishga urinmoqda va bu bilan dunyoga bosim o'tkazishga harakat qilmoqda.
Prezident Vladimir Putinga ko'ra, G'arb oziq-ovqat inqirozining oldini olmoqchi bo'lsa, uning davlatiga qo'ygan sanksiyalarni olib tashlashi kerak. Kreml don va o'g'it eksporti uchun yo'lni shu shart bajarilsagina ochmoqchi.
Ukraina bug'doy, makka va kungaboqar yog'ining eng yirik eksportchilaridan biri. Urush va Rossiya blokadasi sabab portlarda faoliyat to'xtab qolgan va savdo susaygan. Ukraina portlarining katta qismi minalangan.
Rossiya ham don mahsulotlarining yetakchi eksportchilaridan. Kreml G'arbni oziq-ovqat tijoratiga to'siqlar qo'yganlikda tanqid qilmoqda. Ukrainaning eksport qilish salohiyatiga zarar yetkazgan Rossiya Amerika va uning ittifoqchilarini uning ta'minot tizimini buzayotganlikda ayblaydi.
G'arb esa Putin shartini rad qilib, Kreml ayblovlarini mutlaq inkor etadi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, oziq-ovqat, o'g'it va urug' sanksiyalanmagan. Vashington bu mahsulotlar savdosi uchun sharoitni yaxshilashga urinmoqda, deydi Blinken.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga uch oydan oshdi. Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala deydiki, Ukrainaning 25 million tonnaga yaqin g'allasi omborxonada yotibdi. Yana 25 million tonnasi yaqinda tayyor bo'ladi.
Yevropa davlatlari donni temir yo'llar orqali olib chiqishni taklif qilgan. Biroq bu boradagi imkoniyatlar cheklangan, deydi ekspertlar, eng ma'qul yo'llar dengiz orqalidir.
Rossiya Mudofaa vazirligi Qora dengizdan, shuningdek, Azov dengizidan koridor ochishni taklif qilgan.
Milliy mudofaa nazorati markazi rahbari Mixail Mizintsevga ko'ra, Qora dengizda 70 xorijiy kema, 16 davlatga qarashli vositalar olti portdan harakatda. Ularning qanchasi tashish kuchiga ega, mavhum.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba uning davlati ham koridor ochishga hozir ekanini bildirgan, ammo Kiyev Rossiyaga ishonmaydi. Bu koridorlar orqali Odessa va boshqa hududlarga hujum qilishi mumkinligidan xavotirlanadi.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass deydiki, Putin uchun ochlik ham qurol.
“Sanksiyalarning birortasi bekor qilinmaydi. Bunday harakat Putinga kuch beradi", - deydi u.
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni oshirishga chaqirmoqda. Yevropa Ittifoqi bu davlatdan neft va gaz olmasin, deydi u.
“Bu bilan insonlar hayotini saqlab qolasiz. Agressorga biror jihatdan bo'yin egmaslik lozim. Har safar yo'q demaganimizda ukrainlar o'layotgan bo'ladi. Butun qit'amiz xavf ostida".
Putin fikricha esa bugungi dunyoda Rossiyani yakkalash mumkin emas. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi forumida so'zlar ekan, prezident deydiki, Rossiyani izolyatsiya qilmoqchi bo'lganlarning o'zlari zarar ko'radi, jumladan oziq-ovqatsiz qoladi.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotida AQSh elchisi Maykl Karpenter a'zo davlatlarni Ukrainaga yordam berishga undamoqda.
"Putin aqldan ozgan, alamzada. Tarixga qaytmoqchi, o'zicha mamlakati qudratini tiklamoqchi", - deydi u.
Karpenter talqinicha, Putin va uning siyosati qiynoqlar, qochqinlar, o'lim, zo'ravonlik va o'g'rilik demakdir.
Donbass mintaqasi hozir Rossiya kuchlari uchun markaziy nishon. Ko'mir konlari, zavod va fabrikalari bilan tanilgan hudud 2014-yildan beri notinch. Rossiyaparast jangarilar u yerda o'shanda oyoqqa tura boshlagan.
“Dushman bizga bir paytda bir necha tarafdan hamla qilmoqda, - deydi Ukraina Mudofaa vaziri o'rinbosari Ganna Malyar. - Oldinda juda qiyin va uzun janglar kutmoqda".
Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkov ham bu hafta qattiq zarba yedi. 26-may kuni to'qqiz kishi o'lgan, kamida 19 nafari jarohatlangan. O'lganlar orasida besh oylik chaqaloq va uning otasi ham bor. Ona og'ir ahvolda.
Luganskning Severodonetsk shahri ayni damda Rossiya qo'shinlari nazoratida.
AQSh harbiy tahlilchilari Donbassda mojaro uzoqqa cho'ziladi deb taxmin qilmoqda.
Rossiya qo'shni mamlakatga qarshi harakatlarda 110 batalyonga ega, har birida 800-1000 askar bor. Ukrainaga safarbar etilgan qo'shin Rossiya qurolli kuchlarining 80 foizidir. Urushda hozirgacha 1000 tanki va kamida 30 qiruvchi samolyotidan ayrilgan, shuningdek, bir necha yirik harbiy havo vositalaridan.
Zelenskiy G'arbdan MLRS va HIMARS rusumidagi ilg'or raketa sistemalarini so'ramoqda. Donbassda ustun kelish uchun va umuman Ukraina bu urushda Rossiyaga munosib javob berishi uchun puxta qurollanishi shart, deydi u.
AP axborotiga ham tayanildi.