O’zbekistonni bir sharpa kezib yuribdi. Oliy Majlis deputati Akmal Saidovga ishonilsa, bu Karl Marksning “Kapital” asaridagi kommunizm sharpasi emas, balki konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi.
Bu sharpa mamlakatda yangi dinastiya qaror topishi bilan yakunlanadimi yoki rostdan qonun ustuvorligini ta’minlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchinchi muddatga saylanish imkoniyatini qirqadimi? Bu hozircha noma’lum.
Hozircha konstitutsiyaga aynan qanday o’zgartirishlar kiritish nazarda tutilayotgani mavhum. Bu jamoatchilikka aniq-tiniq taqdim etilgani yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Shunga qaramasdan, mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar boshlandi. Bu borada tashkil qilingan komissiyaga marhum Islom Karimovning chorak asr davomida hokimiyatda qolishiga konstitutsiyaviy o’zgartirishlar bilan hissa qo’shgan taniqli huquqshunos, deputat Akmal Saidov raislik qiladi.
Saidov Konstitutsiyaviy islohot komissiyasi raisi lavozimidagi ilk nutqidayoq ijtimoiy tarmoqlarda bu islohotlarga shubha bilan yondashayotgan tanqidchilarga javob berdi.
Uning fikricha, ayrim chalasavodlar hech narsani tushunmasdan oldindan bashorat qilishmoqda.
O’zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj tug’ilganiga ko’pchilik shubha bilan qaramoqda. Ayniqsa amaldagi konstitutsiyada aks etgan huquqlar kafolati muammoligicha qolayotgan bir paytda, xususan so’z, e’tiqod erkinligi va inson huquqlari masalasida.
Buni ham ko'ring O’zbekiston rahbari demokratiya va’da qildiBosh qomusga qanday o’zgartirishlar kiritilishi aniq bo’lmasa-da, hokimiyat boshqaruvi, saylov bo’yicha, nodavlat tashkilotlar, inson huquqlari sohasida inqilobiy o’zgarishlar qilinishi haqidagi fikrlar ham yo’q emas.
Konstitutsiyaviy o’zgartirishlar xabari dastlab prezidentlik saylovida g’alaba qilgan Mirziyoyev tomonidan jamoatchilikka bildirilgan edi.
2021-yilning oktabr oyida o’tgan saylovda Mirziyoyev 80 foizlik g’alaba bilan ikkinchi muddatga saylangan.
Amaldagi, hali o’zgartirishlar kiritilmagan konstitutsiyaga ko’ra, bu uning so’nggi muddati. Mirziyoyev bunday so’ng prezidentlikka o’z nomzodini qo’yishga haqli emas.
Ammo konstitutsiyaviy o’zgartirishlar orqali prezidentlikka nomzod qo’yish tajribasi O’zbekiston va Rossiya misolida ham mavjud. Karimov bu usuldan keng foydalangan. Yaqinda Vladimir Putin ham shu yo’l orqali avvalgi muddatlarini nollashtirdi.
Jamoatchilikka o’zini islohotchi prezident sifatida taqdim etib kelayotgan Shavkat Mirziyoyev ham shunday yo’l tutadimi, yo’qmi, hozircha aniq emas. Ammo tanqidchilar konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj mohiyatini ko’proq shunda ko’rishmoqda.
“Amerika Ovozi” konstitutsiyaviy islohotlar masalasida amaldagi hokimiyatga muxolif sifatida maydonga chiqayotgan siyosatchi, professor Xidirnazar Olloqulov bilan gaplashdi.
Uning ta’kidlashicha, agar konstitutsiyaviy o’zgartirishlar Mirziyoyevning uchinchi muddati uchun xizmat qiladigan bo’lsa, xalq maydonga chiqishi kerak.