“Jurnalistlar qachongacha xor boʼladi?”
Bu savol O'zbekistonda xodimlari kaltaklanganiga doir xabarni o’z sahifadan olib tashlashga majbur qolgan tahririyat va ko'plab jurnalistlar tomonidan qo‘yilmoqda.
“Sevimli” telekanalini “Zamon.uz” dasturi jurnalistlarini ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanishi jiddiy muhokamalarga sabab bo’ldi.
Tahririyat nima sababdan jurnalistlarning kaltaklanishiga doir xabarni biror izohsiz olib tashlashga qaror qilgani ham chetlab o’tilmagan.
Bosh prokuratura futbol o’yinini yoritishga borgan OAV vakillari kaltaklanishi, ular faoliyatiga to’sqinlik ko’rsatilishi bo’yicha holat huquqiy baho berish uchun o’rganilayotganini ma’lum qilgan.
11-iyun kuni Toshkentda o’tgan O’zbekiston – Iroq o’yini paytida jurnalistlar militsiya qarshiligiga uchrab, kaltaklangan, hatto ulardan biriga nisbatan elektroshoker qo’llangan.
Hodisa ortidan organlar mojaroni bostirishga urungan. Telekanalga qarashli “Zamon.uz” dasturi sahifasida jurnalistlar kaltaklangani, ularga bosim bo’layotganiga doir maqola biror izohsiz olib tashlangan.
Ammo bu maqola nusxasini ijtimoiy tarmoqlarda saqlanib qolgani tufayli jamoatchilik voqea tafsilotlaridan xabar topgan.
Sahifadan olib tashlangan maqolada jumladan quyidagi tafsilotlar yozilgan:
"21:00 lar atrofida (intervyu olish maqsadida) ikki xodim "Paxtakor" stadioniga borib, organ xodimlarining qarshiligiga uchragan. Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnomani ko‘rsatishlariga qaramay: «pressa bo‘lsang, bizga n...y. Biz topshiriqni bajaramiz...", — degan javobni olgan. Shundan so‘ng ijodiy guruh kiritmagani uchun o‘zining e’tirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan. Kamerasini tortib olgan. Tasvirchining qo‘lini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan. Ko‘z oldida tasvirchini jinoyatchilardek olib ketayotganini ko‘rgan jurnalist organ xodimlaridan qo‘yib yuborishni talab qilgan. Xodimlar esa uning ham qo‘llarini qayirib, mikrofon va ruxsatnomasini tortib olgan".
Bu tafsilotlardan ayon bo‘lishicha, jurnalistlar o’z vazifasini bajarayotganiga qaramasdan qasddan do'pposlangan, hatto tasvirchiga nisbatan elektrshoker qo’llanib, shifoxonaga olib ketilgan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA), Milliy matbuotni qo’llab quvvatlash jamg’armasi va O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham o’z munosabatini bildirgan.
AOKA va fond voqeani qoralash bilan cheklangan bo’lsa, uyushma holat yuzasidan mustaqil surishtiruv o’tkazishini ham bildirgan.
Tashkilot raisi Olimjon O’sarov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozadi:
“Xo‘sh, shu bilan “yopig‘lik qozon yopig‘ligicha” qolaveradimi? Amaldagi qonun normalarini chetlab o‘tgan, OAV xodimlariga zo‘ravonlik qilgan “osoyishtalik posbonlari” yana hech narsa bo‘lmaganidek, o‘z ishini davom ettiraveradimi? Yo‘q, endi bunga aslo toqat qilib bo‘lmaydi, ular qilmishiga jazolashishi va bu boshqalar uchun ibrat bo‘lishi zarur".
“Afsuski, hanuzgacha IIVdan bu borada tegishli javob olinmadi. Bu vaqt ichida qancha protsessual muddatlar o‘tib ketganini huquq himoyachilariga eslatib o‘tish ortiqcha bo‘lsa kerak”.
“Human.uz” nashrining Andijon bozorlaridagi vaziyatni o’rganayotgan jurnalisti ham ichki ishlar xodimlari tomonidan bosimga uchragan.
Shakar savdosi bilan bog’liq vaziyatni suratga olayotgan jurnalistdan telefoni tortib olingan, o’zi esa boshqarmaga olib ketilgan.
“Zamon.uz” nomidan berilgan, ammo tahririyat sahifasida joylashtirilmagan bayonotda yozilishicha, jurnalistlarni kaltaklagan IIB xodimlari ulardan ortiqcha gap qilmaslikni ham so’rashgan.
“Dimogʼdor kimsalarning xoʼrliklaridan soʼng jurnalist "ogʼzingni yum” qabilidagi gaplarga ham chidab yuraversa, jurnalistikaning oʼlgani shu, aslida!”
Tahririyat aynan shu bosim ostida o`z bayonotini rasmiy sahifasidan olishga majbur bo’lganmi, yoki boshqa bir sabablar boismi, noma’lum. Tahririyat ham, kaltaklangan jurnalistlarning o’zi ham bu borada biror izoh bermagan.