Norov Rossiya siyosiy doiralari bilan muzokarada

Moskva

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimini bajaruvchi Vladimir Norov boshliq delegatsiya Rossiya safarini Moskvada vatandoshlar bilan davra suhbatidan boshlagan.

Safar doirasida Rossiya parlamenti, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralarida muzokaralar rejalangan.

Qoraqalpog’istondagi noroziliklar va g'alayonlar ortidan O’zbekiston hududiy yaxlitligiga tajovuz qilgan "g’arazli niyatdagi tashqi kuchlar" haqida gapirgan Prezident Shavkat Mirziyoyev ularning qaysi davlatga tegishli ekanligini ochiq aytmagan.

Ammo ko'plab tahlilchilar fikricha, Qoraqalpog’istondagi noroziliklar ortida Rossiya dastagi turibdi. Shu ehtimoldan kelib chiqilsa, Norovning Moskvaga tashrifi o’ta muhim, deydi ular.

Buni ham ko'ring AQSh: "Markaziy Osiyoda suverenitet va mustaqillik uchun sarmoya qilamiz"

Qoraqalpog’iston voqealaridan keyin Rossiya rahbari Vladimir Putin va Prezident Mirziyoyev telefonda muloqot qilgan edi. Unda Kreml O’zbekiston hukumatining choralarini quvvatlagan.

Sobiq siyosiy mahbus, jamoatchi faol Yusuf Ro’zimurodov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, noroziliklar ortidan kim turganini ochiqlash xalq va hukumat o’rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi.

“O’zbekiston jamoatchiligi ham, bu noroziliklarni kuzatgan hamkor davlatlar ham hukumatning g’arazli tashqi kuchlar haqidagi bayonoti ortida aniq qanday kuchlar turganini bilishni istaydi. O’zbek jamoatchiligi, tashqi hamkorlarning voqealarga munosabati shunga qarab shakllanadi. Hukumat bunday kuchlarni ochiqlashdan qo‘rqmasligi kera. Rossiya ayirmachi guruhlarni qo’llab quvvatlayotgan ekan, buni xalq bilishi kerak”, - deydi Ro’zimurodov.

Norovning Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovdan tashqari Duma a'zolari bilan ham uchrashmoqda. Muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy va parlamentlararo hamkorlik muhokama qilinadi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston firmasi Rossiyaga harbiy yordam berganlikda ayblanib, AQSh qora ro'yxatida

Norov vatandoshlar bilan muloqotda konstitutsiyaviy islohotlar zarurati haqida gapirib, mehnat muhojirlariga bu o'zgarishlarni demokratik talab sifatida taqdim etgan.

Yaqinda AQSh Moliya vazirligi Markaziy Osiyo davlatlarini sanksiya joriy qilingan mahsulotlarni Rossiyaga yetkazib berishi mumkin bo’lgan davlatlar safiga qo’shdi. Avvalroq Rossiyaga O’zbekistondan texnologiya yetkazib bergan firma AQSh qora ro’yxatga kiritilgan edi.

O’zbekiston Davlat statistika qo’mitasiga tayanilsa, shu yilning may oyigacha bo’lgan muhlatda ikki mamlakat o’rasidagi savdo 3 milliard dollarga yetgan. O’tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foiz ko’paygan. Rossiyaga eksport sal kam 40 foizga oshgan.

Tahlilchilar Rossiya sanksiyalarni aylanib o’tishda Markaziy Osiyo davlatlaridan foydalanayotgani va mintaqa davlatlari ikkilamchi sanksiyalarga uchrashi haqida ogohlantirib keladi.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilohomov kuzatishicha, Rossiya taqiqlangan mahsulotlarning aksariyatini mintaqa davlatlaridan olib kirayapti, mintaqada Rossiya ishtirokidagi qo’shma korxonalar soni shiddatli o’sib bormoqda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan keskin sanksiyalarga uchradi. Bu sanksiyalar asosan Rossiya harbiy sanoati uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan mahsulotlarga qaratilgan. AQSh taqiqdagi tovarlarni Rossiyaga eksport qilgan davlatlarga ham ikkilamchi sanksiyalar qo'ymoqda.