AQSh Afg'onistonda al-Qoidaning uzoq yillik rahbarini o'ldirgani terroristlarga qattiq zarba bo'lishi mumkin, ammo Ayman al-Zavohiriyning o'limi bilan terroristlar faoliyati qanchalik cheklanadi? Oq uy ulardan ko'zini uzmayotganini bildirmoqda. Ekspertlarga ko'ra esa bu kurash uzun.
Ayman al-Zavohiriy yo'q qilindi va juda aniq shaklda, deydi Bayden ma'muriyati. Biroq yetakchisidan ayrilgan terror guruhi endi naqadar zaif degan savolga javob berish qiyin, chunki al-Qoida hamon faol.
Milliy xavfsizlik kengashidan Jon Kirbi deydiki, al-Qoida Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda harakatda.
"Afg'oniston asosiy e'tiborda, lekin a'zolari dunyo bo'ylab yashiringan,"deydi rasmiy.
Buni ham ko'ring AQSh dron orqali al-Qoida lideri Ayman al-Zavohiriyni o'ldirdiOsama bin Laden al-Qoidani 1988-yilda tuzgan. Al-Zavohiriy bilan birganlikda u tashkilotni global tarmoqqa aylantirgan. AQSh va Isroilga qarshi nafrat targ'ib qilinib, qonli urush e'lon qilingan.
“Al-Qoida ayni damda Amerikaga o'zi xohlaganicha tahdid sola olmaydi, ammo mafkuraviy jihatdan hamon kuchli. Uning ta'sir kuchini past baholay olmaymiz", - deydi tahlilchi Maykl Kugelman.
Ayniqsa Afrikada Al-Qoida bo'limlari talay.
"Bayden ma'muriyatiga maslahatim shuki, yetakchini o'ldirib, guruhning qo'llarini kesa olmaysiz", - deydi Martin Evi, ekspert.
"Terrorizmga qarshi kurashda uning ortidagi omillar, odamlarni terrorchilarga ergashtiradigan sabablar muhimroq. Siyosiy va iqtisodiy faktorlarga ahamiyat qarating".
Your browser doesn’t support HTML5
Al-Zavohiriy Osama bin Laden singari xarizmatik lider emas edi, deydi tahlilchilar, ammo uning davrida intizom mustahkamlangan.
“Al-Zavohiriy turli davlatlar va jamiyatlardagi to'dalarni bir tarmoq sifatida shakllantirib, bir yoqadan bosh chiqargan holda harakatlantira olgan", - deydi Kolin Klark.
Buni ham ko'ring Ayman al-Zavohiriyning o'limi nimani anglatadi?Bu ekspert nazarida al-Qoidani murakkab davrlarda ushlab turish, arab dunyosi va umuman musulmon dunyosidagi turli jarayonlarda parchalanib ketmasligini ta'minlagani al-Zavohiriyning yutug'i.
Amerika endi nima qiladi?
Prezident Jo Bayden al-Qoida yaqindan kuzatuvda, deydi.
"Qayerda bo'lmasin, nishonga olamiz", - deya bong urmoqda u.
“Al-Qoida sabr bilan harakat qilib kelgan va hamon salohiyatli", - deya eslatadi Kolin Klark.
"Ular endi zaif deb e'tiborni pasaytirish qimmatga tushadi. Bilaman, hozir Rossiya va Xitoy bilan ko'proq ovoramiz. Terrorga qarshi kurash har kuni muhokamada emas. Ehtiyotkorlik bilan ish tutishga undayman".
Al-Qoida AQSh hududida ikki bor xuruj qilgan. Birinchisi 1993-yilda, olti kishi o'lgan. Ikkinchi bor esa 2001-yilda, uch mingga yaqin odam halok bo'lgan.