"Vatanni tark etishni istamayman" - Kobuldan hikoya

  • Amerika Ovozi

Tolibon jangarisi, Kobul, Afg'oniston

Afg’oniston - Zahro Nabining ona yurti va u bu zaminni tark etmoqchi emas. Ko’plab afg’onlar, urushdan va zulmdan to’yib, mamlakatdan bosh olib ketgan. Lekin Zahro adolat va erkinlik uchun kurashishga bel bog’lagan. Oqibatlari ayanchli bo’lishi mumkin.

Zahroning hikoyasi:

"Afg'oniston– mening vatanim. Ajdodlarimdan qolgan o’lka. Shu yerda tug’ilganman.

Sevaman bu mamlakatni. Hayot juda og’ir, ammo qayga ketaman?

Qolish - bizning burchimiz.

Ketsak, vatan kimga qoladi?

Ismim Zahro Nabi. Jurnalistman. Kobulda yashayman, kun ko’raman.

Tolibon kun sayin kuchaymoqda. Boyimoqda, xalq ularning qo’lida o’yinchoq.

Odamlar sukutda, chunki nima qilsin? Hayoti qil ustida. Bu tuzumga qarshi bosh ko’tarish – o’lim.

Tolibonga qarshi chiqayotganlarni ko’rmayapman.
Umidlar so’nib bitgan. Buyog’i faqat dahshat.

Azobdamiz. Lekin hali tirikmiz, shunday ekan, bir nimalar bilan bandmiz.

Material yig’ayapman. Ularni chiqaradigan tashkilot yo’q, lekin to’playveraman.

Esdaliklarim… Bir kun kelar, ularni insoniyat bilan baham ko’raman. Dunyo bizni yakkalagan, yolg’iz qoldirgan damlarda hayotimiz qanday kechganini o’rganishadi.

Tolibon men singari ayollarning ishlashini taqiqlagan. Lekin men fikrlashdan to’xtaganim yo’q. Tahlil qilaveraman. Yashirin, lekin ijoddaman.

Ba’zida tadbirlarga boraman. Kiritishmasa, qaytaman, ammo harakatni to’xtatmayman.

Ular nazarida men zaifaman. Mening kuchimga ular ishonmaydi.

Tolibon hokimiyatni egallaganida bu uzoqqa cho’zilmaydi, deb taxmin qilgan edim. Olti oy o’tdi, ular o’zini mustahkamlay boshladi. Odamlar qarshilik bildirdi, jazolandi.

Noliganlarning ovozini o’chirishyapti, xalqning talab qilishga haqqi yo’q emish.

Qancha odamlar ketdi. Faollar, jurnalistlar, ziyolilar, kuchlilar, boylar. Qochishdi.

Qolganlar – imkoniyatsiz, qashshoq, keksalar, go’daklar, savodsizlar, kunlik nonini zo’rg’a topadigan afg’onlar.

Zaif deb qaraladiganlar aslida eng kuchli qatlam.

Tolibonning ilk matbuot anjumanida men zaldagi yolg’iz ayol jurnalist edim.

Men Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohidni savolga tutdim: Nega ayollarni ishdan olayapsiz? Nega qizlar maktabga bora olmayapti?

“Kut, yaqinda yangi qaror chiqadi”, - dedi rasmiy.

Men unga ishonmadim, chunki Afg’oniston va’dabozlarni ko’p ko’rgan. Ular hech kimning oldida javobgarlik his etmaydi. Ular aldaydi va shu tariqa qutuladi.

Odamlarni, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni laqillatishga o’rganib ketishgan.

Xuddi ularning qabih ishlarini, adolatsiz, mas’uliyatsiz harakatlarini hech kim ko’rmayotgandek."

Your browser doesn’t support HTML5

"Vatan tark etilmaydi" - Zahro Nabi

"Norozilik namoyishlari ish bermaydi.

Ular qiyin va samarasiz.

Men ishlashda davom etaman, ichkarida. Ko’chaga chiqib, o’zimni qurbon qilmayman.

Ichkarida imkon qadar yurtdoshlarimni quvvatlayman, ularning huquqlari buzilganini xatlab boraman. Odamlarning fikr-qarashlarini yangilashga urinaman.

Juda qiyin ish, ammo bundan boshqa nima qila olamiz?

Qo’rqinch – Afg’onistonda cheksiz tuyg’u. Meni istagan payt o’ldirishlari mumkin yoki qamashlari, qiynashlari, azoblashlari mumkin.

Mamlakatdan haydashlarini xohlamayman. Yurtimdan ketishni aslo ismayaman, chunki qochqin sifatida katta bo’lganman.

Fuqarolik urushi davrida oilam Kobuldan qochishga majbur bo’lgan.

Go’dak edim hali. Sal-pal eslayman, atrof zulmat edi, urush ovozi, vayronalar.

Tolibon ilk bor hukmronlik qilgan paytda ota-onam bilan Pokistonda yashadik. O’sha yerda maktabga bordim.

2011-yilda universitetni bitirdim va o’sha yili Afg’onistonga qaytishga qaror qildik.

Opam Kanadada, akalarim Amerikada. Ular mening Afg’onistonda yashashimni istashmaydi. Mening ham xorijga ketishimni maslahat berishadi.

Ularga aytamanki, men ular singari bosh olib ketolmayman. Qochqinlik nima ekanini bilaman. Hammaning o’z vatani bo’lishi kerak. Ular meni koyishadi.

Men Afg’onistonga qaytib, ancha payt bir qishloqda o’qituvchilik qildim. Keyin esa matbuotda ham o’z o’rnimni topdim.

2017-yilda esa hamkasblar bilan birgalikda “Bano” telekanaliga asos soldik.

Ayollar yuritadigan, ayollar uchun dastur beradigan axborot vositasi.

Boshida bu yutug’imizga o’zim ham ishonmadim. Misli ko’rilmagan loyiha edi bu.

Orzularimiz ro’yobga chiqayotgan edi. Maqsadlarimiz sari dadil qadam tashlayotgan edik.

Ishimiz samara bera boshlaganida esa Tolibon hokimiyatga qaytdi. Telekanalimiz bir zumda yopildi.

Aksariyat xodimlar chet elda ketdi.

Men va boshqa qolganlar texnikani yig’ishtirdik va omborxonaga qo’ydik. Chang bosim yotibdi.

Iztirobimizni tasavvur ham qila olmaysiz.

Ertadan kechgacha eng ko’p eshitadiganim, ham keksalar, ham yoshlardan:

surish kerak bu mamlakatdan; xohlamayman bu yerda yashashni; ketmasak, nobud bo’lamiz, degan gaplar.

Ular menga qarab, ketmaslik ahmoqlikdir, deyishadi. Aks holda hayoting hazon bo’ladi.

Men esa ketmaganimdan emas, Afg’oniston yakson qilinayotganidan, vatanim va xalqim qiynalayotganidan afsusdaman.

Hayotimiz dahshat Ichida, yo’qsillik, lekin qizlar va bolalarga, onalar va otalarga qarar ekanman, ular imkon qadar oldinga intilmoqda. Har birimiz va birgalikda hayot uchun kurashdamiz".