AQSh hukumatiga ko’ra, Xitoy “Shinjon yuzasidan global muhokamalarni manipulyatsiya qilish, uyg’urlarga nisbatan davom etayotgan genotsid va boshqa jinoyatlar haqida xabar berayotgan mustaqil manbalarni badnom qilish bilan band”.
Davlat departamenti chiqargan hisobotda yozilishicha, Pekin vahshiyliklar haqidagi xabarlarni bostirishga, ijtimoiy tarmoqlarni Shinjon haqida ijobiy materiallar bilan to’ldirishda harakat qilmoqda.
Qo’llaniladigan usullardan yana biri – tanqidchilarning ovozini o’chirishga qaratilgan trollik kampaniyasi. Bu o’lim yoki hujum bilan qo’rqitish, kiber hamlalar va boshqa shakldagi ta’qiblarni o’z ichiga oladi.
Davlat departamentiga ko’ra, Xitoyning Kiber masalalar bo’yicha komissiyasi va Markaziy propaganda idorasi bu ishlarni amalga oshirish uchun, ham Xitoydagi, ham xorijdagi xitoyliklarni nishonga olish uchun millionlab xodimlar va ko’ngillilarga ega.
O’tgan hafta BMTning qullik masalalari bo’yicha bosh eksperti chiqargan hisobotda shunday deyilgan:
“Xitoyning Shinjon-Uyg’ur avtonom hududida qishloq xo’jaligi va ishlab chiqarish kabi sohalarda uyg’ur, qozoq va boshqa etnik ozchiliklar majburiy mehnatga jalb qilinayapti degan xulosa o’rinli”.
Xitoy uyg’urlar huquqi buzilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etadi.
Hisobot ommaga ko'rsatiladimi?
BMTning inson huquqlari bo’yicha bosh komissari Mishel Bachelet Shinjonda uyg’urlarning ommaviy qamoqqa olinishi haqidagi uzoq kutilgan hisobot ommaga havola etilishiga shubha bildirmoqda.
To’rt yillik muddatini yakunlayotgan mutaxassis lavozimini tark etishidan oldin hisobot chop etilishini aytgan edi. Va’da amalga oshadi degan umiddaman, deydi Bachelet, lekin hisobot yana kechiktirishi mumkin.
Oliy komissar uning idorasi Xitoy hukumatidan ancha ma’lumot olgani, hisobot chiqarilishidan oldin bu ma’lumotlar diqqat bilan o'rganib chiqilishi kerakligini aytmoqda. Har qanday mamlakat bo’yichia hisobotlarni chiqarish tartibi shunday, deydi u.
Buni ham ko'ring Shinjondan sizdirilgan hujjatlar soxta emas“Shinjonda yuqori darajadagi rasmiylar va mahalliy rahbarlar bilan uchrashuvlarimda inson huquqlari buzilishi, jumladan o’zboshimchalik bilan hibsga olishlar va muassasalarda odamlarni tahqirlash kabi mavzularni ko’tardim”, – deydi Bachelet, Chili sobiq prezidenti.
Huquq faollari Pekinni millionga yaqin uyg’ur va boshqa ozchilik guruhlar vakillarini “kasbiy lagerlar” deb atalmish joylarda saqlayotganlikda, qiynoqlarda, ularning madaniyatini yo’q qilishga urinayotganlikda ayblab keladi. Xitoy ayblovlarni inkor etib, bu markazlarda odamlar yaxshi ish topish uchun zarur ko’niklamarga ega bo’lishini ta’kidlaydi.
Bachelet shu yilning may oyida Shinjonga safari chog’ida Xitoy rasmiylari bilan xavotirga molik ko’plab masalalarni muhokama qilganini aytmoqda.
“Reyter” axborot agentligiga ko’ra, iyulda Pekin Bacheletga hisobotni e’lon qilmaslikni so’rab, xat jo’natgan. Xatni yana 40 mamlakat diplomatlari imzolagani ma’lum.
Komissarning aytishicha, huquq bo’yicha savolga tutilayotgan davlatlardan bunday murojaatlar kelishi oddiy hol. U bosimga berilmasligini aytmoqda.
“Hisobotni chop etishni yoki etmaslikni so’rayotgan mamlakatlar bosimi bilan yuzlashyapman. Chop etmaslikni so’rab jo’natilayotgan maktublar, uchrashuvlar sonini tasavvur qila olmaysiz. Juda ko’p. Lekin sizga aniq aytishim mumkin, hujjatni havola etmang deb menga bosim o’tkazish foydasiz”, - deydi Bachelet.
Hisobot ustida ish oxirgi uch yildan beri davom etmoqda. Bachelet ishdan ketishiga atigi bir necha kun qildi. Jurnalistlar bilan savol-javobda u 31-avgustgacha hisobotni tadqim etishga astoydil harakat qilishini aytdi.