Prezident Jo Bayden koronavirusga qarshi vaksina ta'sirini kuchaytiruvchi vosita, busterning to'rtinchisini oldi. Bu orada Oq uy Kongressdan pandemiyaga qarshi kurashga mablag' so'ramoqda, 22 milliard dollar.
Millionlab yurtdoshlari vaksinaga qarshi ekanini biladigan Bayden ularni emlanishga undamoqda.
Prezident Kongressning ayrim a'zolarini koronavirusni endi muammo deb hisoblamay, pul bermaslik kerak deb chiqayotganidan norozi.
"Pandemiya tugadi deya mablag'ni qirqish ahmoqlik bo'ladi",- deydi Bayden.
"COVIDga qarshi kuchli dorilar, muolaja va vaksina zarur".
Oq uy so'rayotgan mablag'ning 4 milliardi emlash, davolanish va diagnostika uchun ko'zlangan.
8-noyabrdagi saylov bilan ovora qonunchilar esa taklifni ko'rib chiqisga shoshmayapti.
Senatdagi respublikachilar nazarida COVID uchun moliya ozayishi kerak. Ba'zilar fikricha, vaksina ham dori singari pulli bo'ladigan payt keldi.
Konservatorlar shu tariqa pandemiya uchun favqulodda xarajat qilishni bs qilmoqchi.
Oq uyga ko'ra, vaksinaga global talab pasaygan. AQSh dunyo bo'ylab 600 millionga yaqin doza tarqatgan.
"Bu beg'araz yordam tinmasligi kerak", - deya bildiradi Bayden ma'muriyati.
Shifokorlar va tibbiy xodimlar ham shu fikrda.
"Choralar susaysa, virus qaytadi", - deydi Krishna Udayakumar, Dyuk Global salomatlik markazidan yetakchi mutaxassis.
"Kasallikka qarshi kurash davom etmoqda, bu degani mablag' zarur. Biz faqat o'zimizda emas, jahonning turli mamlakatlarida ham koronavirusni batamom yengishga harakat qilayapmiz".
Udayakumar ham Bayden singari amerikaliklarni emlanishga chaqirmoqda.
Olimlar va tibbiy texnologiya kompaniyalari koronavirusni aniqlash va muolaja olishning hozirgidan ishonchliroq va osonroq yo'llari ustida ishlamoqda.
"Yangi sistemalar uchun sarmoya qilish bizni oldinga yetaklaydi. O'tgan ikki yilda ko'rgan qiyinchiliklarimiz aslo qaytmasligi kerak", - deydi Udayakumar.
Shikofor deydiki, imkon qadar kamroq odam kasallanishi, kasalxonaga yotishga majbur bo'lishi kerak. U, shiningdek, o'lim ehtimolini ham ozaytirishni istaydi.
Oq uy taklifi saylovdan keyingi Kongressda ko'rib chiqiladi. 8-noyabrda fuqarolar kimga ovoz berishi koronavirusga qarshi kurash taqdirini ham hal qiladi.