Turkiya Yevropani Rossiyaga energetik tobelikdan qutqarmoqchi

  • Amerika Ovozi

Berlin, Germaniya, 5-avgust, 2022

Yevropa Ittifoqi o'ziga yangi energetik manbalar qidirar ekan, Turkiya unga imkoniyatlar taklif qilmoqda.

2021-yilda ittifoqqa zarur gazning deyarli yarmini Rossiya uzatgan. Shu bois uning o'rniga boshqa ta'minotchi topish oson emasligini blok rasmiylari ochiq tan oladi.

Ozarbayjon ham salohiyatli manba sifatida qaraladi. Yevropa Ittifoqi Komissiyasi rahbari Ursula von der Leyen shu yoz Bokuga safar qilib, bu borada muzokaralar olib borgan.

“Ittifoqimiz Rossiyadan yuz o'girib, ishonchli hamkorlar izlamoqda. Ozarbayjon shundaylar orasida. Sizga hamisha tayanib kelganmiz", - degan edi u, tashrif chog'ida.

Boku allaqachon Yevropa eksportga 30 foizga oshirgan. Tanap quvuri Ozarbayjon gazini Turkiya orqali Gretsiyaga yetkazadi. U yerda esa yonilg'i Yevropa Ittifoqi tizimiga ulanadi.

Turkiyaning "Kisa Dalga" portalidan Ilhan Uzgel qayd etishicha, Tanap bu davlat hududidan o'tishi salmoqli kuch.

“Turkiya - transit mamlakat. Kelajakda yirik habga aylanishi mumkin. Yillardan beri shunday umid bor, lekin hanuz aylanmadi", - deydi tahlilchi.

Energetik hab bo'lish - yonilg'i ombori bo'lish, turli manbalardan keladigan mahsulotni turli taraflarga tarqatish, sotish.

Turkiya hozir jiddiy harakatda, deydi mutasaddilar. Turkmanistonning zaxiralari ham Yevropa e'tiborida. Uni blok Ozarbayjon orqali olishi va Tanap quvuridan foydalanishi mumkin.

Gretsiya Bosh vaziri Kyriakos Mitsotakis (chapdan) va Bolgariya Bosh vaziri Kiril Petkov yangi gaz quvurini ochmoqda, Komotini, Gretsiya, 8-iyul, 2022

Energetika bo'yicha ekspert va sobiq elchi Mithat Rende nazarida Anqara qo'llashi mumkin bo'lgan quvurlarni qayta ko'rib chiqmoqda.

“Tanap - janubiy koridor, uni kengaytirish uchun ikki yilcha vaqt kerak. Yana bir imkoniyat - Iroq gazini uning shimoliy qismidan olib kelish. Buning uchun 200 kilometrcha quvur barpo etish lozim. Bu degani Iroq hukumati bilan kelishish kerak", - deya tushuntiradi u.

Yevropa Ittifoqi gazni import qiluvchi infrastrukturani isloh qilish bilan band. Von der Leyen ga ko'ra, yangi tizimlar ishga tushadi, yo'nalishlar ochiladi.

Gretsiya va Bolgariyadan o'tadigan yangi quvur ham Turkiya orqali Ozarbayjon gazini tashiydi.

“Bu koridor ulkan o'zgarishlar olib keladi. Mustaqillik demakdir bu. Rossiyaga tobe bo'lmaymiz endi", - deydi rasmiy.

Biroq orzudagi mustaqillikka erishish uchun hali ancha vaqt kerak.

Rossiyadan qutulish Turkiyaga bog'lanishni talab qiladi, deydi ekspertlar.

Anqara bilan rishtalar azaldan chigal, deya eslatadi ular. Hozirgi murakkab sharoitda unga tayanish yangidan-yangi muammolarga yetaklashi muqarrar.