8-noyabrdagi saylovlar oldidan AQShda ikki sobiq prezident, demokrat Barak Obama va respublikachi Donald Tramp o'z partiyasidan chiqqan nomzodlarni quvvatlab, targ'ibotga zo'r berdi. Ikkalasi ham saylovchilar orasida keng olqishlanadi.
Barak Obama 2017-yilda Oq uydagi mudddatini tugatganidan beri asosan partiyadoshlari xizmatida. Bu yilgi saylov kampaniyasining oxirgi damlarida ham faol.
"Bugungi respublikachi yulduzlarga qarang: ularda sizning muammolaringiz uchun biror yechim yo'q. Ular sizni g'azabga to'ldirish, boshqalarni ayblash bilan ovora. Ular sizni chalg'itmoqda, chunki qo'llarida biror konkret taklif yoki dastur yo'q".
Respublikachilar tomonda esa sobiq prezident Donald Tramp.
"Oxirgi saylovlar adolatsiz o'tgan. Demokratlar Amerikani barbod qilmoqda. Men yutganman", - deydi u, 2020-yilgi prezident saylovlariga ishora qilib.
Tramp hamon mag'lubiyatini tan olmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident va vitse-prezident ham saylov targ'iboti olib bordi. Jo Bayden va Kamala Harris amerikaliklardan Kongressga demokrat nomzodlarni yo'llashni so'radi. Tahlilchilar nazarida ular Obama singari nufuz va quvvatlovga ega emas. Tarafdorlar talay, ammo Obama minbarga chiqqanida munosabat boshqacha.
"Tramp kelsa, zallar to'lib toshadi. Obama kelsa, odamlar daryo bo'lib oqadi. Chunki har ikkisi saylovchilarni o'ziga kuchli tarzda jalb qila oladi. Bayden va Harrisda bunday xarizma yo'q. Na nutqida va na o'zini tutishida. Shu bois demokrat nomzodlar ayniqsa oxirgi kunlarda prezident va vitse-prezidentga emas, sobiq prezident Obama qudratiga tayandi", - deydi ekspert Tevi Troy.
Ayni damda amerikaliklarning 40 foizi Prezident Baydendan rozi. Saylovda bu o'ta muhim omil.
“Bizga ovoz bering", - deydi Obama.
Demokratlar Baydenning ishini maqtamoqda, kelasi ikki yildagi rejalarini tushuntirmoqda.
Tramp uchun esa hamma narsa shaxsiy.
"Trampga Kongress emas, o'z kelajagi muhim. 2024-yilda Oq uyga qaytmoqchi. Kelasi ikki yilda u respublikachilar lideri bo'lib qolishi kerak. Saylovchilar e'tibori - hayot-mamot masalasi", - deydi tahlilchi Uilyam Hauel.
Yuzlab sud ishlari, jinoiy tergov va boshqa mashmashalarga qaramay Tramp hamon respublikachilarning prezidentlikka eng nufuzli da'vogari. Sobiq prezidentga nisbatan ayblovlarning oxiri ko'rinmaydi, ammo uning yana nomzod bo'lishga umidi osmon baravar.
"Mendan sudlarga borishni talab qilishmoqda, ishonasizmi, talab qilishmoqda. Naqadar adolatsizlik", - deya nola qiladi u.
Oraliq saylovlar amaldagi rahbar uchun referendum. Bayden keskin bosim ostida.
Lekin demokratlar umidni boy bermayapti. Siyosat bu doimiy kurash, deydi ular, va bu kurash saylov bilan to'xtab qolmaydi. Muammolar cheksiz.
Bayden deydiki, Tramp va uning atrofidagi "radikal kuchlar" Amerika demokratiyasiga tahdid solmoqda.
"2020-yildagi saylovda yutqazganidan alamzada Tramp xalqning irodasiga bosh egmay, zo'ravonlikni targ'ib qilmoqda, fuqaroni davlatga qarshi qayramoqda", - deydi Bayden.