AQSh sobiq rahbari Donald Tramp 15-noyabr kuni oqshom Florida shtatidagi saroyidan turib, Oq uy uchun yana bir bor kurashishga bel bog'laganini e'lon qildi. Saylov 2024-yilning 5-noyabrida o'tadi. "Lekin vaqt juda tez va bir pasda saylov kunida bo'lamiz", - deydi u, tarafdorlariga murojaat qilar ekan.
Buni ham ko'ring Bayden va Tramp, saylovdan keyinOraliq saylovlardan bir hafta o'tib, Trampning partiyasi kutilganidek g'alaba qozonmaganini tan olib, yangi Kongressga tayyorlanmoqda. Unda respublikachilar Vakillar palatasida ko'pchilik o'rinlarni egallashi kutilmoqda.
Senatda esa demokratlar ustun bo'lishi aniq, chunki ular allaqachon palataning yarmini qo'lga kiritgan. Vitse-prezident Kamala Harrisning ovozi bilan ular respublikachilardan oldinda bo'ladi.
Tramp 2020-yildagi prezident saylovida Jo Baydenga boy berganini hamon tan olmagan.
“Qo'shma Shtatlar prezidenti bo'lish uchun nomzodligimni e'lon qilaman", - dedi u, bugungi maxsus tadbirda.
"Amerikani yana buyuk qilamiz" degan shiorlar osilgan zalda uning oilasi, do'stlari va homiylari yig'ildi. Bayroqlar bilan o'ralgan minbardan turib, Tramp Prezident Baydenni rahbarlikka noloyiq va irodasiz inson deya ta'rifladi.
8-noyabridan keyingi chiqishida Bayden Trampning kutilayotgan e'loniga sha'ma qilib, respublikachilarning o'zaro olishuvini "maroq bilan tomosha qilishga intiqman", degan. Bayden Trampni nafrat va radikalizm timsoli deya tilga oladi.
Tramp oraliq saylovda 350 nafardan oshiq respublikachini quvvatlab, ularning saylanishini kutgan va mana shu g'alaba nashasida keyin prezidentlikka nomzodligini ma'lum qilishni mo'ljallagan edi. Biroq bu nomzodlarning aksariyati demokratlarga yutqazdi.
Sobiq prezident ayni damda o'z partiyasida keskin tanqid ostida. Hatto yaqin do'stlari va hamkorlari ham undan uzoqlasha boshlagan, deydi tahlilchilar. Ko'plab partiyadoshlari Trampning maydondan chiqishini xohlaydi. Saylovdan keyin qator respublikachi siyosatchilar Trampni qoralab, bayonotlar qilgan.
Florida shtatining qayta saylangan gubernatori Ron Desantis Oq uy uchun eng kuchli respublikachi nomzod sifatida chiqishi kerak, deya umid qilmoqda Trampga qarshi konservatorlar.
Biroq ommaviy so'rovlar 76 yoshli Tramp respublikachilar orasida hamon salmoqli nufuzga ega ekanini ko'rsatmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp prezidentligida vitse-prezident bo'lgan Mayk Pens ham Oq uy uchun kurashga tayyorlanayotgani ma'lum.
Bu orada Trampga qarshi bir necha jinoiy tergov ishlari va sudlar davom etmoqda. Ular orasida maxfiy hujjatlarni o'g'irlash va 2020-yilgi saylov natijalariga nisbatan ataylab shubha uyg'otish kabi ayblovlar bor.
Jorjiya va Nyu-York shtatlarida prokurorlar Tramp bilan bevosita bog'liq korrupsiya hollarini tergov qilib, ayblovlar qo'ygan.
Tramp AQSh tarixida ikki marta impichment bilan yuzlashgan yagona prezident va bir muddat prezidentlik qilib, keyin yana Oq uyga saylanishga uringan ikkinchi inson sifatida tarixga kirmoqda.
Uning davlat rahbari bo'lishga da'vogar ekani haqidagi hujjatlar allaqachon federal tizimga topshirilgan.
O'tgan haftadagi ommaviy so'rovlarda amerikaliklarning 54 foizi uni yoqtirmasligini aytgan. Aksariyat respublikachilar esa uni prezidentlikka respublikachilarning nomzodi sifatida ko'tarilishini xohlamasligini aytgan. 43 foizi esa Tramp aslo harakat qilmasin, degan.
Partiyaviy saralash bosqichida Pens va Desantisdan tashqari sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo, Nyu-Jersi sobiq gubernatori Kris Kristi, senator Tez Kruz, Janubiy Karolina shtati Tik Skott, Virjiniya gubernatori Glenn Yangkin, Merilend sobiq gubernatori Larri Hogan, sobiq qonunchi Liz Cheyni ham nomzodlik uchun kurashishi taxmin qilinmoqda.
Desantis partiya ichida eng keng quvvatlovga ega ekani qayd etiladi. Sobiq kongressmen mumtoz konservator, deya tilga olinadi.
2016-yildagi poygada Tramp qariyb 15 partiyadoshini yenggan. Uning tajribasi muhim omil, deya e'tirof etadi tahlilchilar.
Oq uyga qayta olsa, Tramp AQSh tarixida ketma-ket saylanmagan, lekin ikki bor prezidentlik qilgan ikkinchi shaxs bo'ladi. 1884 va 1892-yillarda Grover Klivlend shunday muvaffaqiyatga erisha olgan.