AQShning Afg'oniston xotin-qizlari va inson huquqlari bo'yicha maxsus vakillari Rina Amiriy Tolibonning fuqarolarni omma ko'zi oldida darra bilan jazolayotganini keskin qoralab chiqdi. Tolibon bu amaliyotni yo'lga qo'yganini isbotlovchi holatlar kuzatila boshlagan. Kobuldagi rahbariyat bu jamiyatda o'g'rilik va xiyonatga nisbatan shunday chora ko'rilishini bildirgan.
"Bunday ishlari bilan Tolibon inson huquqlari borasida aslo o'zgarmaganini ko'rsatmoqda. Ular naqadar beshafqat ekanini dunyoga ko'rsatib turgani xavotirimizni yanada oshiradi", - deydi Amiriy "Twitter" tarmog'ida yozar ekan.
23-noyabr kuni Tolibonning Oliy sudi 11 erkak va uch ayol turli jinoyatlar uchun darra yeganini ma'lum qildi. Jazo futbol stadionida ijro etilgan. Haloyiq buni ko'rib, saboq oladi, deydi rasmiylar.
Tolibon e'loniga ko'ra, ijroni "nufuzli olimlar, xavfsizlik kuchlari, qabilaviy oqsoqollar va mahalliy aholi tomosha qilgan".
1996-2001 yillar orasida Afg'onistonni boshqargan Tolibon bu kabi jazolari bilan tanilgan edi. Harakat buni shariatning bir qismi, deya asoslaydi.
"Bunday ishlar mamlakatni jar yoqasiga yetaklagan edi, yana shunday bo'ladi", - deydi Amiriy.
Shu oy boshida Tolibon rahbari Hibatulla Oxundzoda sudlarga shariatni keskin qo'llashni buyurgan. Shundan beri kamida ikki viloyatda erkaklar va ayollar nomahramlar bilan aloqada bo'lgani, boshqalarning mulkini olgani, alkogol ichgani, buzg'unchilik qilgani, dindan qaytgani va tuzumga qarshi gapirgani uchun darra yegan.
Oliy sudning bildirishicha, ikki hafta oldin 19 fuqaro, jumladan to'qqiz ayolning har biri Taxor viloyatida 39 marta darralangan.
Londonda joylashgan "Xalqaro amnistiya" kabi inson huquqlari tashkilotlari Tolibonni bunday jazo turlaridan voz kechib, adolat mexanizmini xalqaro qonunlarga moslash, sudlarga mustaqillik berish va huquqiy himoyani ta'minlashga undab kelmoqda.
"Tolibon inson huquqlarini eng qo'pol tarzda buzishda davom etib, yillar oldin olib borgan zolim siyosatini qayta yo'lga qo'ymoqda", - deya xavotir bildiradi "Xalqaro amnistiya".
"Tolibonning qonli adliya tizimi noinsoniy amaliyotlardan iborat va bugungi holatlar uning hukumat sifatida naqadar qonxo'r ekanini isbotlaydi. Tan olinmagan bu boshqaruv inson huquqlari va xalqaro qonunlarni qanchalik pisand qilmasliigini ko'rsatadi".
20 yil davomida AQSh boshchiligidagi NATO qo'shini bilan kurashgan Tolibon 2021-yilda hokimiyatga qaytdi.
Biror davlat uni tan olmagan. Buning uchun asosiy shart - inson huquqlarining hurmat qilinishi va terrorizmga qarshi qat'iy choralar ko'rish. Xalqaro hamjamiyat Tolibondan xotin-qizlarning erkinliklarini ta'minlashni talab qilmoqda.
Biroq Kobuldagi ma'muriyat ayollarning bilim olishi, ishlashi, jamoat ishlarida qatnashishi, sayohat qilishi, jamoat joylarida yurishini cheklab qo'ygan.
Xotin-qizlar idoralarda ko'rinmasligi kerak, shuningdek, sport zallariga va stadionlarga bora olmaydi.
Universitetlar qizlar uchun rasman ochiq, biroq bilim olish uchun amalda to'siqlar talay. 7-12 sinflarda esa qizlarning o'qishiga ruxsat yo'q. Tolibonga ko'ra, o'smir qizlar uyda o'tirishi kerak.
Bir yil oldin Tolibon Afg'onistonda yuristlar mustaqil uyushmasini tarqatib yuborgan va bu boradagi har qanday faoliyatni man etgan.
AQSh maxsus vakili Amiriy deydiki, bu uyushmada ko'plab ayollar ham bo'lgan. Tolibon layoqatli insonlarni jamiyatdan uzoqlashtirib, nafaqat ularning hayotini, balki butun mamlakatni zulmatga va qashshoqlikka yetaklamoqda, deydi diplomat.
"Tolibon qanday adolat haqida gapirmoqda?" - deydi u.