Bayden ma’muriyati NATO bo’yicha ittifoqchisi Turkiyadan qo’shni Suriyadagi kurd kuchlariga qarshi harbiy amaliyot o’tkazmaslikni talab qilib, tobora keskinroq bayonotlar bilan chiqmoqda.
Noyabrda Istanbulda ro’y bergan portlashda Anqara AQShni va uning Suriyadagi kurd ittifoqchilarini ayblagan. Portlash ketidan Turkiya armiyasi AQSh va kurdlar birgalikda nazorat qiluvchi Suriyadagi hududlarni raketalar bilan nishonga olmoqda.
Tanqidchilar deydiki, Turkiyaning deyarli har kungi hujumlariga AQShning dastlabki “yumshoq” javobi tufayli Prezident Rajab Toyib Erdog’an eskalatsiya yo’lidan bormoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin shu hafta turk hamkasbiga qo’ng’iroq qilib, Turkiyaning Suriya shimolida yangi harbiy operatsiya boshlashiga “mutlaqo qarshi” ekanini bildirgan.
“Bizdan [pozitsiyamizni] qayta ko’rib chiqishni so’rashdi. Masalaning nozik tomonlarini, va’dalar bajarilishi kerakligini tushuntirdik. Ular bizni tushunishlari kerakligini ta’kidladik”, - deydi Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar, suhbatni izohlar ekan.
AQSh Suriyada “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashda “Suriya demokratik kuchlari” deb nomlangan kurd jangchilari bilan hamkorlik qilib keladi.
AQShning bu masalaga qanday yondashishi Suriyadan olisdagi global xavfsizlik bilan bog’liq boshqa masalalarga ham ta’sir ko’rsatadi, ayniqsa Ukraina mojarosiga. Rossiyaga qarshi turishda, Finlyandia va Shvetsiyani NATOga qabul qilishda Anqaraning yordami kerak. Ammo hamkorlik evaziga Erdog’anga yon berishning o’z oqibatlari bor.
Kurd qo’shinlari Turkiyaning ehtimoliy harbiy amaliyotidan o’zini himoya qilishga hozirlanar ekan, AQSh askarlari 2-dekabr kuni Suriya shimolidagi qo’shma patrullarni to’xtatdi. AQShning bir necha yuz harbiysi 2015-yildan buyon “Islomiy davlat” guruhi a’zolarini qo’lga olishda kurdlar bilan hamkorlik qilib keladi.
“E’tibor Ukrainada bo’lgani uchun AQSh ham, dunyo ham IShiD haqida unutgan. Xudo ko’rsatmasin, “Islomiy davlat” AQSh yoki Yevropada yana bir terror hujumini uyushtirsa, G’arb yana kurdlarni quvvatlashni boshlaydi. IShID mag’lub bo'lmagan”, - deydi siyosiy tahlilchi Omer Taspinar.
Anqaraga ko’ra, suriyalik kurdlar Turkiyada taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador. AQShning kurd ittifoqchilari esa Turkiyaga qarshi hujumlarda ishtirok etmaganini bildiradi.
AQSh Markaziy qo’mondonligi va qonunchilari suriyalik kurdlarni jasoratli jangchilar va ittifoqchilar deb biladi. Yozda qo’mondonlik “Twitter” orqali kurd qo’mondoni va ikki ayol jangchi halok bo’lgani yuzasidan hamdardlik izhoh etgani Anqarani g’azablantirgan.
2019-yilda sobiq prezident Donald Tramp Erdog’an bilan telefon suhbatidan keyin Turkiya hujumga hozirlanayotgani, Amerika askarlarini Suriyadan olib chiqishi kerakligini ta’kidlagan edi. Kuchli tanqidlar ketidan bu qaror bekor qilingan.
“Kurdlar bizga IShIDni yengishda yordam bergan. Prezident Tramp ulardan yuz o’girayotgani sharmandalik”, deb yozgan edi o’shanda Jo Bayden.
So'nggi kunlarda Turkiyaning ayrim raketalari AQSh kuchlari joylashgan hududlarga tushgan bo’lsa-da, Vashingtonning ehtiyotkorona javobi Turkiyaning Rossiyaga qarshi sa'y-harakatlarda tutayotgan strategik rolini aks ettiradi.
Ham Rossiya, ham AQSh bilan yaqin aloqaga ega Turkiya NATOning Rossiyaga qarshi harakatlariga muhim hissa qo’shib kelmoqda. Jumladan, Ukrainani dronlar bilan ta’minlash, Rossiya va boshqa davlatlar orasida vositachilik qilish orqali.
Shu bilan birga, Turkiya ta’sir kuchini ishga solib, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo’shilishiga yo’l bermayapti. Uning talabi shuki, Shvetsiya PKKga aloqador kurdlarni ekstraditsiya qilishi kerak.
Bu ikki davlatni alyansga kiritish taklifiga NATOning ikki a’zosi - Turkiya va Vengriya hozircha rozilik bergani yo’q. Tashkilotning o'tgan hafta Buxarestda o’tgan sammitida diplomatlar vaziyatni chigallashtirmaslik maqsadida bu masalaga alohida to’xtalmadi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken kelasi hafta Finlyandiya va Shvetsiya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Anqaraning e’tirozlarini muhokama qiladi.
Ekspertlarga ko’ra, Bayden ma’muriyati Ergog’anni kurdlarga qarshi tahdidlaridan voz kechishga ko’ndirish uchun bosim vositalariga ega. Masalan, Turkiya AQShdan F-16 samolyotlarini xarid qilishni istaydi, ammo Kongressda ayrim qonunchilar bunga qarshi.
Agar Turkiya “Islomiy davlat”ni yengishda muhim rol o’ynagan kurdlarga qarshi hujumlarni kuchaytirsa va AQSh bunga jim qarab tursa, bu Yaqin Sharqqa qanday signal bo’ladi?, deya so’raydi siyosatshunos Henri Barki.