Rossiyani tark etgan olim, ijodkorlar: Hozircha vatanga qayta olmaymiz

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Kaliforniya shtati, Los-Anjeles shahrida o’tgan Rossiya-Amerika ilmiy assotsiatsiyasining yillik konferensiyasida Ukraina urushi bosh mavzu bo’ldi.

Kinorejissor Yegor Baranov fevral oxirida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Los-Anjelesga uchib kelgan.

“Oldimda ikki tanlov bor edi: yo aqldan ozguncha ichgan bo’lardim, yo urushga qarshi aksiyalarda qatnashib, qamalgan bo’lardim. Go’yo kelajakka nazar solib, hamma narsa barbod bo’layotganini ko’rdim. Chiday olmasligimni angladim”, - deydi u.

Baranov hamkasblari bilan konferensiyada ishtirok etdi. Tashkilot Rossiyani tark etgan, uning tashqarisida faoliyat yuritayotgan olimlar, pedagoglar va innovatorlarni bir davraga to’playdi. Ularning siyosiy qarashlari qanday ekanidan qat’i nazar.

Bu yilgi anjumanda Rossiyaning Ukrainani bosib olishi, jabr ko’rganlarga qanday yordamlashish masalasi ham muhokama etildi. Nafaqat ukrainlarga, balki urushga qarshi bo’lgani uchun Rossiyani tark etganlarga yordam berish uchun petitsiyalar imzolash taklif etildi.

“Birinchi o’rinda ukrainaliklarga, mamlakatida qolayotgan va qochqin bo’lishga majbur bo’lgan olimlarga yordam. Shuningdek, Belarus va Rossiya olimlari haqida gaplashdik. Ular urushni tanqid qilgani uchun ta’qib ostida yoki Rossiyadan ketgan”, - deydi Shimoliy Karolina universiteti professori Aleksandr Kabanov.

“Rossiyada minglab odamlarning hayotini saqlab qolgan, yoshi katta shifokorlar, kardiologlar hamma narsasini tashlab ketgan”, - deydi tibbiyot professori Igor Yefimov.

Aktrisa Mariya Mashkova ham Ukrainadagi bosqin sababli muvaffaqiyatli karyerasini tashlab ketganlar qatorida. Uyimni sog’inaman, deydi u, lekin hozircha Rossiyaga qaytish rejasi yo’q.

“Bobom, buvimni, Moskvani sog’inaman. Poytaxtimiz tushlarimga ham kiradi. Amerikada hech qachon bir necha oydan ortiq turmaganman. Mana fevralda bir yil bo’ladi. Qaytishni hozircha tasavvur qilolmayman, balki rejim qulasa boraman”, - deydi Mashkova.

Kinematograf Fyodor Lyass urushga qarshi petitsiyaga imzo chekib, Rossiya bilan aloqani uzgan.

“Imzolash qiyin bo’lgani yo’q, aksincha, oldinroq qilish kerak edi. Taxminan 300 kishi qo’l qo’ydi. Petitsiya hech narsani o’zgartirmas, lekin nimadir qilish kerak edi”, - deydi ijodkor.

Yegor Baranov vatanda qolish va urushni qo’llab-quvvatlagan hamkasblar qurshovida bo’lish qiyin edi, deydi. U agressiyaga qarshi kurashayotganlarni uzoqdan qo’llab-quvvatlashini, bir kuni Rossiyaga qaytishini aytadi.