250 ga yaqin odam halok bo’lgan Qozog’istondagi yanvar namoyishlarida O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston va Rossiya fuqarolari ham ayblanmoqda. Bu haqda 5-yanvar kuni, qonli namoyishlarning bir yilligi arafasida Qozog’iston bosh prokurori bayonot bermoqda.
Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi Qozog’istoning bu da’vosini rasman rad etib chiqdi. Boshqalar, jumladan, O’zbekiston tomoni hozircha sukutda.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 5-yanvar kuni Qozog’istonning O’zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv o’tgani, tomonlar hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilishgani haqida xabar qiladi.
Bu uchrashuvda Qozog’iston bosh prokurorining O’zbekiston fuqarolariga doir da’vosi qanchalik muhokama qilingani noma’lum.
Qozog’istonda o’tgan yili yanvar oyida yuz bergan noroziliklar shafqatsiz bostirilgan, rasman 238 kishi o’lgan. Qozog’iston tarixidagi eng qonli namoyish sifatida ta’kidlanayotgan bu voqeaga nisbatan munosabatlar o’zaro keskin farq qiladi.
Hukumat, jumladan, Qozog’iston Bosh prokurori Berik Asilov berayotgan ma’lumotga ko’ra, namoyishlarga xorijda va mamlakat ichkarisida bir yil davomida tayyorgarlik ko’rilgan.
Namoyishlarning asosiy tashkilotchisi ayni paytda qamoqda ushlab turilgan Qozog’iston milliy xavfsizlik qo’mitasi sobiq rahbari Karim Masimovdir. Namoyishlar paytida bu qo’mitani boshqarib turgan Masimovning maqsadi nima bo’lgani noma’lum.
Bosh prokuror Masimovga doir jinoiy ish maxfiylik maqomida ekanligi, davlat sirlari mavjudligi uchun jinoiy ish tafsilotlari ochiqlanmasligini bildirgan.
Qozoq faollari, muxoliflarning yanvar namoyishlariga nisbatan qarashlari mutlaqo aksincha.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan qozoq jurnalistlari, blogerlar va muxolifatchilar yanvar namoyishlarini qozoq xalqining inqilobi sifatida taqdim etishadi.
“Yanvar fojiasi xalqning inqilobi, qo‘zg’oloni edi. [Qosim-Jo’mart] To’qayev aytganidek, xorijdan, tashqi kuchlar tomonidan rejalangan xuruj emas. Hukumat bu qo’zg’olonni shafqatsiz bostirdi, bostirganda ham tashqi kuchlar yordamida, [Vladimir] Putinning ko’magida. Bu inqilob ortidan qozoqlar To’qayevning kimligini anglab yetishdi. U amalda ekan, qonli yanvar voqealari bo’yicha adolat tiklanmaydi, haqiqat aytilmaydi. Hukumat o’zi to’qigan, Moskvadan tasdiqlab olgan ssenariysini jamoatchilikka taqdim etadi”, - deydi qozoq muxolifatchisi Erjan Turg’umboy.
2022-yilning 2-yanvaridan mamlakatda tabiiy gaz, energetik mahsulotlar narxi oshishi ortidan kuzatilgan noroziliklar dastlab kichik miqyosda, Janauzen shahrida ijtimoiy, iqtisodiy talablar ko’rinishida boshlangan edi.
Hukumat bu noroziliklarni bostirishga urinishiga javoban namoyishlar butun mamlakatga yoyildi, yirik, markaziy shaharlarga ko’chdi. Minglab qozog’istonliklar hukumat, jumladan, o’sha paytda Qozog’iston xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egallab turgan Nursulton Nazarboyev va uning oilasini siyosiy sahnadan ketishini talab qilib chiqdi.
4-5 yanvarga borib Qozog’istonning barcha shaharlari namoyishlar ichida qoldi. Almatida tartibsizliklar boshlandi, shahardagi davlat idoralari namoyishchilar qo’liga o’tdi, To’qayevning Ostonadagi qarorgohi qamal qilindi.
Bu tartibsizliklar ortidan namoyishlarni qurollar yordamida keskin bostirishga o’tildi. Prezident To’qayev mamlakatda barqarorlik o’rnatish uchun Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXSh) kuchlarini mamlakatga kiritishga qaror qildi.
KXSh cheklangan missiyasining Qozog’istonga kiritilishi qozoq jamoatchiligi tomonidan keskin norozilikka uchradi, ammo vaziyatning nisbatan barqarorlashishiga xizmat qildi.
To’qayev yanvar voqealari xorij kuchlari ishtirokida, mamlakatda hukumatni egallash uchun qilingan xuruj ekanligini, bu amaliyotda 20 mingga yaqin terrorchilar ishtirok etganini ta’kidlagan. Ammo bu terrorchilarning kimligi, qayerdan kelgani va qayoqqa ketgani hozirgacha jamoatchilikka ochiqlanmadi.
Yanvar voqealari yuzasidan hisobot bergan Bosh prokuror Berik Asilov ham bu savolga aniq javob bermagan, ammo namoyishlar davomida kuch ishlatgan, hokimiyat mulkini egallagan qo’zg’olonchilarni terrorchilar sifatida hisoblash mumkinligini aytgan.
Xalqaro jamoatchilik, huquq himoyachilari Qozog’istonda kuzatilgan bu qonli namoyishlar yuzasidan mustaqil, xalqaro miqyosdagi surishtiruv o’tkazish talabini olg’a surishdi, ammo Prezident To’qayev mustaqil tergov o’tkazish talabini rad etdi.