AQSh qonunchilari Xitoyga nisbatan siyosatni qayta ko’rib chiqishga kirishmoqda. Vakillar palatasi 365-65 ovoz bilan bu masala bo’yicha maxsus qo’mita tashkil etish to’g’risida rezolyutsiya qabul qildi. Unga respublikachi kongressmen Mayk Gallager boshchilik qiladi.
Qo’mita faoliyatini fevralda boshlashi, uning a’zolari ham respublikachi, ham demokrat qonunchilardan iborat bo’lishi kutilmoqda.
“Qo’shilishga qiziqish bildirgan demokratlar - men hurmat qiladigan, tajribali insonlar”, - deydi Gallager.
Oq uyning javobi
Oq uy bu masalada har ikki partiya vakillari bilan hamkorlikka tayyorligini bildirmoqda.
“Prezident Bayden boshqaruvi ostida biz Xitoyni raqobatda orqada qoldirishga, milliy xavfsizligimizni himoya qilishga, Hind-Tinch okeani mintaqasining ochiq va erkin bo’lishini targ’ib qilishga har qachongidan tayyormiz”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Karin Jan-Pyer.
Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkartining aytishicha:
“O’nlab yillar davomida Xitoy uchun global tizimga yo’l ochadigan siyosat olib bordik. Buning evaziga Xitoy zulm, tajovuzkorlik va anti-amerikanizmni eksport qildi. Uning armiyasi va iqtisodiy qudrati butun dunyo bo’ylab erkinlik va demokratiyaning yemirilishi hisobiga o’smoqda”.
Yangi qo’mita AQSh siyosatida qanday o’zgarishlar qilish kerakligini ko’rib chiqadi.
“Amaldagi ma’muriyat davrida ahvol yanada yomonlashdi. [Baydenning] siyosati iqtisodiyotimizni zaiflashtirdi, Xitoy Kommunistik partiyasi tahdidlari oldida bizni himoyasiz qoldirdi. Ammo ijobiy yangilik shuki, kommunistik Xitoyga ishonish davri tugagani to’g’risida hamma hamfikr”, - deydi Makkarti.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin jurnalistlar bilan muloqotda AQSh Kongressida yangi qo’mita tuzilganiga munosabat bildirdi. Umid qilamizki, deydi u, AQSh siyosatchilari Pekin bilan aloqalarga “xolis va oqilona” nazar bilan qaraydi va har ikki davlatga naf keltiruvchi qarorlar qabul qiladi.
Pekinda asoslangan “Global Times” gazetasining yozishicha esa qo’mita “kuchli mafkuraviy tusga ega” va jamoatchilik fikrini Xitoyga qarshi qayrashi mumkin.
Ikki partiya hamfikr
Qo’mita AQSh-Xitoy munosabatlarining barcha jabhalarini, iqtisoddan tortib koronavirusgacha, qayta ko’rib chiqishi kutilmoqda. Uni tuzish taklifiga ko’pchilik demokratlar ham ovoz bergan.
“Palata demokratlari Xitoy bilan aloqalarimizni qayta ko’rib chiqish, global miqyosda avtoritarizm kuchayishiga qarshi kurashish uchun jiddiy va hushyor tarzda ish olib boradi. Agar qo’mita osiyoliklarga nisbatan nafrat jinoyatlari yanada oshishiga olib keladigan ksenofobiya va fitna nazariyalari muhokamasiga berilib ketsa, bu haqda ochiq gapiramiz”, - deydi palatada demokratlar sardori Hakim Jeffriz.
U palataga yaqingacha spikerlik qilgan Nensi Pelosi o’rniga demokratlar yetakchisi etib saylangan.
“Xitoy xavfi respublikachilarning e’tibor markazida. Bu qo’mita tuzilishi demokratlarga ham Xitoyga qarshi turish sa’y-harakatlariga qo’shilishga imkon beryapti”, - deydi palataning Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi Maykl Makkol.