O'zbekistonda atom stansiyasi qurish, gaz ittifoqiga kirishdan boshqa yo'l yo'qmi?

O’zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” imzolagan “yo’l xaritasi” jamoatchilik orasida jiddiy munozaralar qo’zg’adi. Ayrim ekspertlar bunga javoban O’zbekistoning gaz ittifoqiga kirish va atom stansiyasi qurishdan boshqa yo’li yo’qligini iddao qilishmoqda.

“Gazprom” bilan imzolangan bitim doirasidagi munozaralar energetika, iqtisodiy hamkorlik doirasidan chiqib, siyosiy aloqalarga, mamlakat mustaqilligi masalasiga borib taqaladi. Hukumat tashabbusi bilan tuzilgan tashkilotlar ham munozaradan chetda emas.

Imzolagan bitim tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanmay qolar ekan, “Yuksalish” umummilliy harakati bayonot bilan chiqdi. Harakat raisi Bobur Bekmurodov O’zbekiston Energetika vazirligini jamoatchilikda tug’ilgan savollarga javob berishga chaqirdi.

To’g’risi, energetik inqirozni chuqurlashtirish, vaziyatni jamoatchilikka imkonsiz inqiroz qilib ko’rsatish ortida hukumatdagi aniq bir kuchlar turgandek.

Bu chaqiriq, shuningdek, jamoatchilikdagi munozaralar vazirlik tomonidan e’tiborsiz qoldirilmadi. “Gazprom” bilan imzolangan bitim, bu boradagi xavotirlarga javoban vazirlik tushuntirish bilan chiqdi:

“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo‘l xaritasi”da O‘zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda (boshqaruv huquqini to‘liq saqlagan holda) ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, deyiladi vazirlik bayonotida.

“Gazprom” bilan imzolangan “yo’l xaritasi”dan boshlangan munozaralar nafaqat O’zbekiston gaz transporti tizimi Rossiya ixtiyoriga o’tishi ehtimolini, balki gaz siyosiy bosimga aylanishi mumkinligini ham nazarda tutadi.

“Amerika Ovozi” gaplashgan aksariyat ekspertlar Rossiya energetikani siyosiy bosim vositasiga aylantirishiga shubha qilmaydi. Ammo mutlaqo boshqa pozitsiyani yoqlayotgan ekspertlar ham bor.

Bu qarashlarga ko’ra, O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi “gaz ittifoqi”ga kirish, Rossiya taklif etayotgan atom stansiyasini qurish, shuningdek, istiqbolda Yevrosiyo ittifoqiga a’zo bo’lishdan boshqa yo’li yo’q.

O’zbekistondagi “Ma’no” tadqiqot tashabbuslar markazi direktori Baxtiyor Ergashev shunday pozitsiyadagi ekspertlardan. Uning “Podrobno.uz” nashridagi chiqishi “Boshqa yo’l yo’q” deb nomlanadi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston energiya taqchilligini yenga oladimi?

Ergashev O’zbekistondagi energetik inqirozning sababi samarasiz boshqaruv, eskirgan uskunalar, gaz, elektr ishlab chiqarish qisqarishida ekanligini ta’kidlar ekan, kelajakda iste’mol hajmi oshishi, iqtisodiy rivojlanish quvvati ortishi hukumatdan shoshilinch choralar ko’rishni taqozo etishini ta’kidlaydi.

Uningcha, bu chora nafaqat Rossiya taklif etayotgan “gaz ittifoqi”ga qo’shilish, shuningdek, Rossiya taklif etayotgan atom stansiyasi qurilishini tezlashtirish, bu boradagi yakuniy bitimni imzolashdan iborat.

“Qiziq tomoni shundaki, sovuq kunlar, muntazam uzilishlar boshlanganidan beri Rossiyaga qaram boʼlmaslik uchun rus gazini sotib olmaslik kerak, deganlar jim boʼlib qoldi. Chunki O‘zbekistonga, ayniqsa, isitish mavsumida yoqilg‘i yetkazib bera oladigan boshqa real tomonning o’zi yoʼq. Demak, haqi to’langan rusofobik targ‘ibotni tugatish lozim", - deb mulohaza qiladi Ergashev.

Ammo gaz masalasida Rossiyaga qaram bo’lib qolmaslik, gaz ittifoqini rad etishga doir jamoatchilikdagi chiqishlar aynan sovuqlar boshlanib, mamlakat energetik inqirozga botgan paytda kuchaydi.

Mamlakatdagi ko’plab ekspertlar inqiroz sababini nafaqat hukumatning layoqatsizligi, balki energetika sanoati, xususan neft va gaz ishlab chiqarish turli shubhali kelishuvlarga muvofiq Rossiya kompaniyalariga topshirib yuborilganida ham ko’rishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy iroda ko’rsatib bu kelishuvlarni ochiqlamas, strategik shartnomalar milliylashtirilmas ekan, deydi ular, vaziyat o‘nglanmaydi.

Mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurodov O’zbekistonda energetik inqiroz ortidan boshlagan so’nggi vaziyatni Rossiya olg’a surayotgan “gaz ittifoqi”, shuningdek, atom stansiyasi qurilishi bo’yicha kelishuvni yakunlash uchun qulay fursat sifatida ko’radi.

Buni ham ko'ring Energetik inqirozdagi Markaziy Osiyo Vashingtonda muhokamada

“To’g’risi, energetik inqirozni chuqurlashtirish, vaziyatni jamoatchilikka imkonsiz inqiroz qilib ko’rsatish ortida hukumatdagi aniq bir kuchlar turgandek. Hozirgi vaziyat atom stansiyasi bo’yicha bitimga kelishish, Rossiyaning boshqa tashabbuslarini o’tkazish uchun qulay, chunki atom stansiyasini qurish taklifi jamoatchilik tomonidan qabul qilinmadi. Aksariyat bunga qarshi, hukumat buni yaxshi biladi. Bu tashviqotlarga qaramasdan atom stansiyasi qurilishi, shuningdek, Rossiyaning energetik qaramligiga tortilish masalasida ham jamoatchilik fikri o’zgarmas qoladi. O’zbekiston o’zini mustaqil ravishda energetika bilan ta’minlash qudratidagi davlat”, - deydi Ro’zimurodov.

Rossiya bir necha yillar avval O’zbekistonda atom stansiya qurish bo’yicha tashabbus bildirgan. Bu borada bir qancha muzokaralar o’tgan, dastlabki shartnomalar ham imzolangan edi. Keyinchalik bu masala kun tartibidan tushdi, qurilish loyihasi noma’lum muddatga to’xtatilganiga doir ma’lumotlar chiqqan edi.

Ammo yaqinda, dekabr oyida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Samarqandga safari davomida O’zbekiston hukumatini atom stansiyasi qurilishini paysalga solmaslikka chaqirdi.