Keyt Charron 2021-yilning yarmini o'zi o'qiyotgan Indiana universitetidagi muhitni tekshirishga sarfladi. Jinsiy zo'ravonlikda aybdor deb topilib haydalgan talaba qanday qilib qayta qabul qilinganini surishtirdi.
Indiana shtati qonunlariga ko'ra u bu ish bog'liq hujjatlar bilan bemalol tanishishi mumkin, ammo universitet yo'l bermadi.
“Jud qiyin bo'ldi, - deya hikoya qiladi talaba jurnalist. - Universitet turli bahonalar bilan imkoniyatlarimni chekladi".
Charron shtatda shaffoflikni ta'minlashi kerak bo'lgan mutasaddilarga shikoyat qildi va ular yordamida hujjatlar unga ochildi.
Lekin yosh muxbir vaqtiga achindi. Jinsiy zo'ravonlik qilgan shaxslar universitetda bo'lishi xavf tug'dirmaydimi, deya ajablanadi u.
Universitet rahbariyatiga ko'ra, qonunlar ilm dargohida talabaning axloqini mutlaq baholashga ruxsat bermaydi, ya'ni bu borada boshqa idoralardan ham tavsifnoma talab qilinadi.
"Bu masalalarni ko'rib chiqish uchun jurnalistik tajriba va uquv kerakligini tushunib yetdim, - deydi Charron. - Maqsadim bu mavzuni imkon qadar keng va aniq yoritib berish edi".
Charronning maqolasi jinsiy tajovuzda aybdor deb topilgan inson jamiyatda qanday qaralishi va qaralishi kerakligi hamda bilim olish uchun qanchalik imkoniyatga egaligi xususida. U shu tariqa chuqur ijtimoiy manzarani ochib beradi.
Charron kabi yuzlab talaba jurnalistlar har kuni o'z shtatlaridagi boshqaruv, biznes, nohukumat sektor, davlat idoralari va ommani savolga tutadi, axborot izlaydi. Ular ishlaydigan mahalliy nashrlar, telekanal va radiolarning resurslari cheklangan.
Biroq universitetlar ham, media liderlar ham tan oladi: Amerikada jurnalistlar aksariyat hollarda kichik shaharlar va qishloqlarda toblanadi, ulg'ayadi.
Senzuraga qarshi kurash tinimsiz jarayondir, deydi Hillari Deyvis, Talaba matbuoti huquqiy markazi degan nohukumat tashkilot vakili.
“AQShda ham universitetlar o'z qoshidagi nashrladan piar uchun foydalanishga urinadi, ularning tanqidini konstruktiv qabul qilishga qiynaladi. Talaba jurnalistlar bosimdan xoli emas", - deydi Deyvis, poytaxt Vashingtondagi idorasidan turib gaplashar ekan.
Yoshlar muxbir sifatida yuzlashayotgan muammolari va to'siqlar haqida har doim ham ochiq aytavermaydi, deydi u, ularga tabiiy sinov deb qarashadi. Universitetlarda taqiqlar qo'yish qiyin, ammo rahbariyatlar ma'lumot bermaslik uchun turli choralar ko'rishi tez-tez kuzatiladi.
Talabalar senzura qilinayotganini o'zi sezmay qoladi, deydi Anna Kolletto, Missuri universitetidagi "The Maneater" talaba nashri muharriri. Gazeta 1955-yildan beri chiqadi.
Kolletto mutasaddilarni savollarga javobni ataylab kech berishda yoki umuman aloqasi bo'lmagan ma'lumot uzatib, o'zini bilmaganga olishda ayblaydi.
Buni ham ko'ring Bir guruh xalqaro jurnalistlar jasoratli ishi uchun taqdirlandiUniversitetda har narsa uchun matbuot xizmati javob beradi, degan yondashuv shakllangan, ya'ni media eng mas'ul odam bilan gaplashishi qiyin. Mas'ullar so'zlashishni xohlasa ham matbuot xizmatlari mujmal javoblar berib, masalani hal qilishga urinadi.
“Biz muayyan holat haqida eng yaxshi biladigan odam bilan suhbatlashishni xohlaymiz, matbuot xizmatlari esa unga yo'l ochish o'rniga o'zlari so'zlashishni istaydi”, - deya noliydi Kolletto.
Missuri universiteti rahbariyatiga ko'ra esa jurnalistlar albatta matbuot xizmatiga murojaat qilishga majbur emas. Universitet professori Kristian Basi deydiki, talaba matbuoti Amerikada azaldan ishonchli axborot manbaidir.
“Missuri universitetida biz talaba jurnalist yoki professional jurnalist deb ajratmaymiz. Muxbir biror narsa so'rasa, darhol jiddiy qaralib, javob berilishi kerak. Talabalarimiz o'z kasbining ustasi bo'lishi uchun nimaiki zarur bo'lsa, qilishga bel bog'laganmiz", - deydi u.
Talaba matbuoti huquqiy markazidan Hillari Deyvis nazarida, AQShda talabalar yuritadigan axborot vositalarida mas'uliyat hissi va sifat hamon yuqori.
“Studentlar matbuot va jurnalistika kuchini o'rganayotgan ekan, tirishib ishlaydi. Kamchiliklarni tuzatishga harakat qilishadi. Ularda ijobiy energiya ko'proq va o'z yo'llarini topishga intilib, illatlarga bosh egmaydi", - deydi ekspert.
Buni ham ko'ring O'zbekistonni o'rgangan amerikalik jurnalist: Erkinlik xohlasangiz, mediani tinch qo'ying, qonunga tayaningBosma nashrlar Amerikada tezlikda ozayib bormoqda. 2019-yildan beri 360 dan oshiq gazeta yopilgan.
Media sanoatning taxmini shuki, 2025-yilgacha mamlakatda hozirda ishlayotgan gazetalarning uchdan biri ishini to'xtatadi. Asosiy sabab - bosma matbuot o'zini iqtisodiy qoplay olmayotgani.
Izlanishlar ko'rsatadiki, Amerikada 330 milliondan ziyod aholining 70 millionga yaqini mahalliy gazetalarga ega emas.
Shunday ekan, universitetlarda chop etiladigan nashrlarning roli beqiyos, deydi mutaxassislar, chunki ular o'sha shahar va qishloqlarni yoritadi. Bu axborot vositalari ham aholiga xizmat qiladi, ham jurnalistlarning yangi avlodini yetishtiradi.
Michigan universitetining "The Michigan Daily" gazetasi, masalan, hozir atrofidagi katta hududni qoplaydi.
“Bu ulkan imkoniyat va mas'uliyat. Tahririyat kengaygan, ish ko'p, kuniga 24 soat, haftasiga yetti kun faoliyatdamiz", - deydi Shannon Stoking, nashr muharriri.