C5+1 diplomatik dialogi Ostonada qanday kechgani haqida konkret bayonot yo'q

  • Amerika Ovozi

Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlari: Qirg'izistondan Jeyenbek Kulubayev (chapdan), Tojikistondan Sirojiddin Muhriddin, AQShdan Entoni Blinken, Qozog'istondan Muxtor Tileuberdi, Turkmanistondan Rashid Meredov va O'zbekistondan Baxtiyor Saidov, Ostona, 28-fevral, 2023

Markaziy Osiyo davlatlarining besh tashqi ishlar vaziri - Qirg'izistondan Jeyenbek Kulubayev, Tojikistondan Sirojiddin Muhriddin, Qozog'istondan Muxtor Tileuberdi, Turkmanistondan Rashid Meredov, O'zbekistondan Baxtiyor Saidov va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 28-fevral kuni Qozog'iston poytaxtida aynan nimalarni muhokama qildi? Bu savolga hozircha biror tomon aniq javob bermadi.

Мintaqani birdamlikka va qo'shni Afg'onistondagi vaziyatga e'tibor berishga undab kelayotgan O'zbekiston Tashq ishlar vazirligi Ostonadagi bugungi yig'in haqida quyidagini bildirgan:

"O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov 2023-yil 28-fevral kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining “C5+1” shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar."

Buni ham ko'ring C5+1: O'zbekiston delegatsiyasi Ostonada

Mezbon Qozog'istonning Tashqi ishlar vazirligi ham C5+1 formatida AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari regional hamkorlik va sheriklikni davom ettirish haqida gaplashdi, deyish bilan cheklangan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, yig'inda Afg'onistondagi ahvol, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, xavfsizlikka tahdidlar kabi mavzular ko'tarilgan. Vazir Muhriddin mintaqada tinchlikni saqlash uchun yanayam yaqindan ishlash zaruratiga urg'u bergan.

Blinken C5+1 muloqotidan tashqari Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan suhbatlashgan.

Bishkekning bayon qilishicha, Tashqi ishlar vaziri Kulubayev AQSh bilan alohida uchrashuvda texnologiya, yashil energetika hamda raqamlashtirish yo'nalishlarida sarmoya jalb qilishda yordam so'ragan.

Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Meredov Blinken bilan iqtisodiy mavzularda fikr almashgan. Ashgabat iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan chora ko'rishda Amerikaga sherik bo'lishga shay ekanini bildirgan.

C5+1 dipomatik dialogining Ostonadagi uchrashuvi, 28-fevral, 2023

C5+1 o'zi nimani maqsad qilgan?

2015-yilda asos solingan C5+1 Vashington uchun mintaqa bilan asosiy dialog platformasidir. Unda AQSh o'zining mintaqaga nisbatan siyosatini tushuntiradi, Markaziy Osiyo hukumatlari pozitsiyalari va dardi bilan tanishadi, o'zaro fikr almashiladi.

O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbariyatlari ham bu formatni qadrlashini bildirib, unga "effektiv davra" deb qarab keladi.

Yiliga kamida ikki bor o'tkaziladigan yig'inlar, deydi AQSh diplomatlari, mintaqa va Vashingtonni bir-biriga yaqinlashtirib, o'zaro ishonchni oshirgan. Ular quyidagi jihatlarni qayd etadi:

  • AQSh C5+1 orqali Markaziy Osiyoning har bir davlati mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlab, ularni birdamlikka chorlab keladi.
  • C5+1 mintaqa va har bir respublika tinch, farovon va erkin yashashi uchun xizmat qiladi.
  • C5+1 platformasida tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, unga kiradigan mamlakatlarning mutaxassislari va rasmiylari turli yo'nalishlardagi masalalarni muhokama qiladi.
  • C5+1 ishchi guruhlaridagi birlamchi yo'nalishlar – iqtisod, energetika, ekologiya va xavfsizlik. Regional dasturlar ham bor, xususan mushtarak manfaatlarni ko'zlovchi trening loyihalari.
  • 2021-yildan beri C5+1 muloqoti yanada jadallashgan. 28-fevral kuni Ostonada o'tayotgan sammit AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken uchun to'rtinchi uchrashuv bo'ladi.
  • Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga talab katta, deydi Markaziy Osiyo diplomatlari, shuningdek, atrof-muhit bilan bog'liq muammolarga qarshi birgalikda chora ko'rish istagi ham kuchli.
  • C5+1 o'tgan yildan beri o'z kotibiyatiga ham ega. Uning vazifasi hukumatlararo samarali aloqani ta'minlash, yig'inlarni o'z vaqtida tashkil etish va maqsadlar amalga oshishi uchun qilinayotgan harakatlarni sarhisob qilib borish.