Faol: Rossiya Qozog'istonga ham ko'z tikkan

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi bilan, Ostona, 28-fevral, 2023

O’zbekistondagi uchrashuvlari ortidan Toshkentda matbuot anjumanida qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainadagi urushga to’xtalar ekan, Rossiya shunday bosqinni boshqa qo’shnilariga nisbatan ham uyushtirishi mumkin, dedi.

“Rossiya bosqini mintaqada yanada keng tarqalgan ishonchsizlik hissini yaratmoqda. Axir qudratli davlat o‘z qo‘shnisi chegaralarini kuch bilan yo‘q qilishga urinayotgan bo‘lsa, uning boshqa davlatlarga ham shunday qilishiga nima to‘sqinlik qilishi mumkin? Buni boshqa [qo‘shni] davlatlar ham tushunadi, AQSh va bizning dunyo bo‘ylab sheriklarimiz ham tushunadi”, - dedi Blinken.

Blinken safarini Qozog’istondan, AQSh va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining C5+1 muloqotidan boshladi.

U Qozog’iston rahbari Qosim-Jo'mart To’qayev bilan uchrashib, Ukraina urushiga doir vaziyatni muhokama qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'iston AQShdan quvvatlov uchun minnatdor

AQSh Markaziy Osiyoning Rossiya bilan siyosiy aloqalariga aralashmoqchi emas. Blinken Qozog’istondagi bayonotida Markaziy Osiyoning Rossiya bilan munosabatlarini yaxshi tushunishini, AQSh mintaqa davlatlarini tanlov oldida qoldirish niyatida emasligini ta’kidladi.

Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi Rossiyadan tahdid yo’qligi, Moskva bilan hamkorlik turli tashkilotlar doirasida shakllanganini aytdi.

AQSh davlat kotibining O’zbekistondagi uchrashuvlari yopiq eshiklar ortida kechgan. Matbuot anjumanida ham, Ostonadan farqli o'laroq, bir o'zi qatnashgan. O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etmagan.

Blinken-Mirziyoyev uchrashuvida so’z erkinligini ta’minlash haqida gap borgan. Mamlakatda so’z erkinligi va erkin matbuot uchun muhit yaratilsa, deydi Amerika rasmiysi, dezinformatsiyaga, jumladan Rossiya targ’ibotiga qarshi kurashish ham samara beradi.

Buni ham ko'ring Blinken: AQSh To'qayev Qozog'istonni isloh qilishini xohlaydi, quvvatlaydi

Uning Markaziy Osiyoga tashrifi Ukraina urushiga bir yil to’lishi manzarasida kechdi.

Bu bosqin tufayli Rossiya keskin sanksiyalar ostida qoldi. Dunyoning aksariyat davlatlari Rossiya agressiyasini qoralab, urushni to’xtatishga chaqirmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari betaraf, ammo bu ko’rsatkich Rossiya agressiyasidan kafolat emas.

Ukraina bosqini Rossiya bilan bevosita chegaradosh Qozog’iston ahlini bezovta qiladi, deydi jamoatchi faollar.

Erjan Turg’umboy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, Ukraina urushidan so’ng agressiya navbati Qozog’istonga kelishiga shubha yo'q.

“Ukraina urushi qanday tugashi Qozog’iston uchun o’ta muhim ahamiyatga ega. Qozoq hukumati buni biladi, ammo To’qayev Rossiya tomonda, sanksiyalarni aylanib o’tishiga yordam beryapti. Chunki u Putinning odami, qozoqlar saylagan prezident emas ”, - deydi u.

Ayrim ekspertlar Rossiya tahdidi oshishi manzarasida Markaziy Osiyo birligi kuchayishiga, mintaqa davlatlarining siyosiy va harbiy ittifoqi shakllanishiga umid qiladi.

Shunday umid birmuncha avval ayni paytda Rossiya bilan keskin ziddiyatda turgan Yevropa Ittifoqi rasmiylari tomonidan, aynan Qozog’istonda o’tgan Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi sammitida bildirilgan edi.