Toshkentda Afg'onistonning olti qo'shnisi va Rossiya maxsus vakillari Tolibonga nisbatan yondashuvni muhokama qilar ekan, Parijda Kanada, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Germaniya, Italiya, Norvegiya, Shveytsariya, Britaniya, AQSh hamda Avstraliyaning yetakchi diplomatlari 20-fevral kuni aynan shu masalani ko'rib chiqqan. Bu muloqotda BMTning tegishli idoralari rasmiylari ham qatnashgan.
Davlat departamentining tasdiqlashicha, Parij maslahatlashuvida Afg'oniston bo'yicha maxsus vakillar yakdillikda quyidagilarni bayon etgan:
- Afg'onistonda 41 milliondan oshiq aholidan qariyb 28 millioni favqulodda yordamga muhtoj. Ularning yarmidan ko'pi ayollar va bolalar. Kamida olti million afg'on ocharchilik bilan yuzlashmoqda.
Buni ham ko'ring Qo'shnilar va Rossiya Tolibonga quvvatlov shartlarini eslatdi- Tolibon afg'on xotin-qizlarni va ozchilikdagi etnik va diniy guruhlarni ezmoqda. Ishlash, bilim olish va erkin harakat qilish cheklangan. O'tgan bir yil ichida vaziyat yanayam salbiylashgan.
- Tolibon 2022-yilning oxirida universitetlarni ham qizlarga yopdi. Xususiy va nohukumat sektorda ishlab kelgan ayollar ham endilikda uyidan chiqa olmayapti. Kobuldagi rahbarlar xotin-qizlarni inson sifatida ko'rmaydi.
- Aholining yarmi shunday adolatsiz siyosatdan jabr ko'rar ekan, chetdan borgan yordam ham to'g'ri taqsimlanmaydi va xorijiy ko'mak zolim tuzum manfaatlari uchun qo'llaniladi.
- Tolibon yuqorida qayd etilgan siyosatdan darhol qaytishi, fuqarolarning huquqlarini buzishni bas qilishi shart.
- Afg'onistonda iqtisodiyot izdan chiqib, tirikchilik fojiali tus olishiga Tolibon aybdor.
- Afg'oniston hamon terrorchilar makoni. "Islomiy davlat-Xuroson", "al-Qoida", "Tehrik-i-Tolibon-Pokistan" va boshqalar mamlakatni beqarorlashtiradi va qo'shni mamlakatlarga hamda global tinchlikka raxna soladi. Tolibon bu guruhlarga qarshi keskin choralar ko'rishi shart.
Buni ham ko'ring Tolibondan norozi AQSh afg'on muxolifati bilan muloqotda- Afg'onistonda inklyiziv, siyosiy jihatdan plyural konstitutsion tizim shakllanishi kerak. Tolibon bunday boshqaruv vujudga kelishi uchun yo'l berishi shart.
- BMT Xavfsizlik kengashi talabiga ko'ra, Tolibon Afg'oniston hududini terroristlardan tozalashi, BMT va boshqa tashkilotlarga insonparvarlik yordami ko'rsatish uchun zamin hozirlashi, barcha afg'onlarning huquqlarini hurmat qilishi, tenglikka asoslangan qonun ustuvorligini tomon harakat qilishi, aholi chetga bemalol chiqib kelishi uchun ruxsat berishi shart.
- BMT, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va qator nohukumat tashkilotlar Afg'onistonga madad ko'rsatishda davom etadi, ammo ularning ko'magi xalqqa bevosita yetib borishi, xavfsizlik ta'minlanishi, gumanitar muassasalarga to'siqlar qo'yilmasligi shart.
- Qo'shni davlatlar va mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan birgalikda Afg'oniston xalqini quvvatlashga, shuningdek, tinchlikni ta'minlash uchun hamkorlik qilishga kelishib olingan.