8-mart kuni Oq uyda xalqaro mukofot bilan taqdirlangan huquq faoli Baxitjan Toregojina "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, uning vatanida hukumat haqiqatga tik ko'z bilan qaray olmaydi, va'daboz va adolatsiz.
Toregojina AQSh Davlat departamentining ayollarga yuksak jasorati uchun beradigan yillik xalqaro sovrinining bu safargi sohiblaridan biri.
"Jasoratli ayol" mukofoti moliyaviy emas, siyosiy e'tirof. Turli davlatlardan tanlangan ayollarni Amerika ruhan quvvatlashi, ularga lider sifatida qarashini anglatadi.
"To'g'ri, bu sovrin ulkan siyosiy ahamiyatga ega", - deydi Toregojina. - Men ko'taradigan masalalar, inson huquqlari bilan bog'liq muammolar haqida gapirish yurtimda taqiqlangan. Hukumat o'zini avtoritar deb bilmaydi, siyosiy tazyiqlar qilayotganini tan olmaydi. Ammo har ikkisi bugungi Qozog'istonga xos haqiqat. Afsuski, Qozog'istonda siyosiy muxolifat yo'q. Ommaviy axborot vositalari erkin emas. Saylovlar ham erkin o'tmaydi, soxtalashtiriladi. 19-mart kuni mamlakatimizda parlament saylovi, ammo ko'rib turibmiz, mustaqil nomzodlarni ro'yxatga qo'shishmayapti".
"Bu safar boshqacha ishladik", - deydi fuqaro jamiyati orasida yakdillikni shakllantirayotgan koalitsiya rahbari.
"Qo'limizda o'tgan yilgi fojia haqida detallar va faktlarni birma-bir ochib beruvchi ma'lumotlar yetarli".
Ularni yig'ishda esa fuqarolarning o'ziga tayanilgan. Kongi'llilar ko'magi bilan shu qadar ko'p informatsiya keldiki, deydi Toregojina, koalitsiya voqealar xronikasini yaqqol tasvirlab berish imkoniyatiga ega.
Hukumat odamlarni hibsga olar ekan, huquq faollari ommaning telefonlaridagi video va foto tasvirlarni saqlab qoldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Toreginaning tashkiloti fuqarolarga ruhiy yordam ko'rsatdi. Kimga nima zarur bo'lsa, sharoit yaratib, jamoatchilik bilan hamkorlikda jabrlanganlar va ularning yaqinlariga madad ko'rsatildi.
Qarovsiz qolib ketgan oilalar, qiynalib qolgan xonadonlarga xususiy manbalardan ko'mak keldi, deya tasvirlaydi yetakchi.
Koalitsiya hozirda hisobot tayyorlamoqda. 2022-yilning yanvaridagi voqealarda qancha odam o'lgan? Qancha o'q otilgan? Statistik ma'lumotlar keltiriladi. Xulosalar taqdim etilib, tavsiyalar beriladi.
"Bularning hammasi hukumatga baho va uning e'tiboriga havola etiladigan tahlil. Ma'muriyat xalqaro tekshiruvga yo'l bermagan. Rahbariyatning o'zi tekshirib, tergov qilib, adolatni ta'minlay olmadi. Hukumat shu kungacha biror va'dasining ustidan chiqmadi. O'tgan yilning yanvarida nima bo'di? Kimning aybi bilan va kim javob berishi kerak degan savollarga rahbariyat haqqoniy yondashmayapti", - deydi Toregojina.
Koalitsiya hisoboti, deydi u, xalqaro tashkilotlar uchun ishonchli manba bo'ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Oq uyda ulug'langan ayollar orasida bo'lish Toregojina uchun sharaf.
"Bu xotin-qizlar o'z yurtlarida afsona, qahramon. Ularning faoliyati bilan tanishib, lol qoldim, tasanno, dedim. Ayollar dunyo bo'ylab nimaga qodir ekanini ko'rmoqchi bo'lsangiz, qanday liderlar ekaniga ishonch hosil qilmoqchi bo'lsangiz, men qatori mukofotlanganlarga qarang",- deydi u.
Vashington, Toregojina nazarida, Qozog'istondagi real hayotdan, masalalardan qanchalik xabardor, ularni qanchalik tushunadi?
"Ancha chuqur bilishadi, tahlil qila olishadi va doimiy ravishda kuzatib kelishadi", - deydi faol. - AQSh elchixonasi boshqa elchixonalardan farqli o'laroq vaziyatni muntazam tarzda o'rganib keladi".
Mukofot kelajakka ishonib harakat qilishga undaydi, deydi qozog'istonlik huquq himoyachisi.