BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk 13-15 mart kunlari O'zbekistonda bo'lib, hukumat a'zolari, inson huquqlari tashkilotlari, huquq himoyachilari va muxolifat vakillari bilan muloqot qildi. Turk Qoraqalpog'istonga ham borib, o'tgan yilgi g'alayonlarda ayblanganlarning yaqinlari bilan so'zlashdi.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvda Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlik muhokama qilingan.
Saidov deydiki, O‘zbekiston hukumati "inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni davom ettirishda qat’iy."
Buni ham ko'ring O'zbekistonda referendum o'tkazishdan asosiy maqsad nima?BMT delegatsiyasi Oliy sud a'zolari bilan ham ko'rishgan. Tashkilot O'zbekiston hukumatini azaldan sud mustaqilligini ta'minlash va qonun ustuvorligiga yo'l ochishga undab keladi. Bu borada mamlakat xalqaro reytinglarda eng past o'rinlarda.
Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov sud-huquq tizimidagi islohotlar haqida so'zlab bergan. Islomov so‘nggi olti yilda 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilinganini ta'kidlagan, jumladan Sudyalar oliy kengashi va Konstitutsiyaviy sud to'g'risidagi hujjatlarni tilga olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqotda BMT va O'zbekiston orasida aynan inson huquqlari bilan bog'liq aloqani kuchaytirishga kelishib olingan. Respublika rahbari BMT degelatsiyasiga aytganki, uning hukumati o'z xalqaro majburiyatlarini ado etishga bel bog'lagan.
Turk boshchiligidagi guruh O'zbekiston Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligii rahbariyatlari bilan ham muzokaralar o‘tkazgan.
BMT vakili respublikada shu kungacha qilingan islohotlarni ijobiy baholashini aytib, bu jarayonlarni davom ettirishga chaqirgan. BMT vakili Bosh prokuror Nig'matulla Yo'ldoshev, Adliya vaziri Akbar Toshqulov va Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonovni diqqat bilan tinglagan.
Oliy komissarga respublika jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi xususida axborot berildi, deydi rasmiylar, jumladan qiynoq va boshqa tazyiqlarning oldini olish uchun ko‘rilayotgan choralar borasida savol-javob bo'lgan.
Turk BMTning Toshkentdagi qarorgohida huquq himoyachilari va muxolifat vakillari bilan uchrashgan, jumladan ro'yxatga olinmagan "Haqiqat va taraqqiyot" partiyasi yetakchisi Hidirnazar Olloqulov, imkoniyati cheklangan fuqarolarning manfaatlari uchun kurashib kelayotgan faollar va quvvatlov izlayotgan yuristlar.
Olloqulovning aytishicha, Oliy komissar Turkka "O'zbekistondagi asl vaziyat haqida axborot berilgan".
Buni ham ko'ring Qozog'istonlik huquq faoli: Hukumat va'dasida turmadiU va boshqa aktivistlarga ko'ra, respublikada inson huquqlari hukumat iddao qilayotganidek e'zozlanmaydi, tanqidiy ovozlarga toqat yo'q, muxolif chiqishlar tazyiqqa olinadi va mustaqil partiyalarga ataylab yo'l berilmayapti.
Turk 14-mart kuni Qoraqalpog'istonda bo'lib, mahalliy fuqarolar va rasmiylar bilan gaplashgan.
Nukusda BMT degelatsiyasi bilan ko'rishganlarga, xususan yaqinlari o'tgan yildagi qonli voqealarda ayblanib qamoqda bo'lgan fuqarolarga bosim ko'rsatilgani haqida ma'lumotlar bor. Turk O'zbekistondan biror bayonot yoki izoh bermagan.
Oliy komissar idorasiga ko'ra, tashrifdan maqsad - inson huquqlari bilan bog'liq muhit bilan tanishib, real masalalarni muhokama qilish. Jurnalistlar va blogerlar erkinligiga urg'u berish bilan birga Turk Qoraqalpog'istonda adolatni ta'minlashga ham undamoqda.
AQSh hukumati singari BMT ham 2022-yilning iyul voqealarida faqat namoyishchilarni emas, mutasaddilarni ham javobgarlikka tutishga chaqirmoqda.
Turk O'zbekistondan keyin Qozog'istonga borib, u yerdagi vaziyat bilan tanishadi.