Moskva sudi "Ozodlik" radiosining Rossiyadagi faoliyatini bankrot deb e'lon qilgan. Hukumat shu tariqa bu axborot vositasini tamoman yopishga urinmoqda.
"Ozodlik" AQSh Global media agentligining bir qismi va Kongress tomonidan moliyalanadi.
Sud radioni "xorijiy josus" deya tamg'alab, undan 14 million dollarlik jarima to'lashni talab qilgan. Bu talab qondirilmagani bois, deyiladi qarorda, byuro ishlashga noloyiq. U yerda 30 dan ortiq jurnalist mehnat qilgan va ularning hammasi hukumat nazarida "xorijiy agent".
O'tgan yili Ukrainaga bostirib kirganidan beri Kreml "Ozodlik" qatori u bilan bir agentlikdagi "Amerika Ovozi" teleradiosini ham bloklagan. "Ozodlik" rahbari Jeymi Flay deydiki, cheklov va taqiqlarga qaramay, radio efirni aslo to'xtatmaydi.
Buni ham ko'ring YXHT: Matbuot erkinligi - xavfsizlik garovi"Auditoriyamiz Rossiyada tobora kengaymoqda, - deydi Flay. - Aholiga mustaqil axborot manbalari kerak. Rossiyadagi bo'limimizga hujum bu faktni o'zgartirmaydi".
Nyu-Yorkdan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi xulosasiga ko'ra, Rossiya hukumati o'ziga yoqmaydigan har qanday ommaviy axborot vositasini chet elga ishlaydi degan bahona bilan moliyaviy jihatdan ezishga va yopishga bel bog'lagan.
"Ozodlik" nazarida xorijiy agent deb tamg'alash rasmiy senzuradir. Pragada asoslangan radio Rossiya hukumati ustidan Yevropa Inson huquqlari sudiga arz qilgan.
2017-yilda AQShda Kremlga qarashli media Adliya vazirligi tomonidan chet el agenti deb belgilanganidan keyin Rossiya hukumati o'z hududida ishlaydigan G'arb axborot vositalariga nisbatan shunday chora bilan chiqqan.
Amerikadagi qonunga binoan "xorijiy agent" hisoblangan kompaniyalar faoliyati haqida hisobot berishi va moliyasini oshkor etishi shart. Ularga boshqa talab qo'yilmaydi.
Rossiyada esa "xorijiy agent" deb tamg'alangan matbuot buni efirda va nashrda ko'rsatishga majbur.
Buni ham ko'ring "Ozodlik uyi": Markaziy Osiyoning biror davlatida erkinlik yo'qFederatsiya bo'ylab shaxslar ham shunday maqom bilan ro'yxatga olinadi va ular o'z hisob raqamlaridagi har bir tiyin uchun hukumatga javob berishi shart.
Ukrainada urush boshlaganidan beri Rossiya hukumati dunyodagi eng repressiv tuzumlar orasida eng yuqoriga chiqqanlardan.
Parijdan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti tahlilicha, hozirda Rossiyada mustaqil matbuot deyarli qolmadi va hamma harbiy senzura ostida yashashga va ishlashga mahkum qilingan.
Jurnalistika va axborot erkinligi bobida Rossiya bu tashkilot reytingida 180 davlat orasida 155-o'rinda.
AQSh Global media agentligi "Ozodlik" dasturlarini sun'iy yo'ldosh orqali uzatishni kengaytirmoqda.
“Yevropada ishonchli va faktga asoslangan axborotga talab oshgan, Kreml nazorat qiladigan informatsion muhitga muqobil tarzda", - deydi Amanda Bennett, agentlik rahbari.