Xitoy Amerika bilan aloqalardan tobora umidsizlanib, turli jabhalarda urushga tayyorlanmoqda, deya xulosa qilmoqda AQSh harbiy razvedka idorasi.
Bu urush qay tarzda kechishi mavhum, deydi rasmiylar, biroq Pekin o'z qudratini turli tarzda ko'rsatishga bel bog'lagan.
"Pekin diplomatik, informatsion, iqtisodiy, tijoriy kurashni ham kuchaytirmoqchi", - deydi Pentagondan Mudofaa razvedkasining Xitoy bo'yicha rahbari Dag Veyd bu hafta kechgan onlayn anjumanda.
Buni ham ko'ring Xitoy global rolini oshirib, Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytiradiPrezident Si Zinpin Xitoyni xalqaro maydonda birinchi raqamli liderga aylantirmoqchi, deydi Veyd, shu bois avvalo atrofidagi masalalarni hal etmoqchi, jumladan suvlardagi tortishuvlarni va Tavyanning unga bo'ysunmasligini. Janubiy Xitoy dengizida da'vo qiladigan hududlarni o'ziniki qilish va Tayvan boshqaruvini o'z nazoratiga olish - Pekin oldiga qo'ygan birlamchi rejalardan, deydi rasmiy.
"Xitoy Amerika bilan Tayvan yuzasidan urushishni xohlamaydi, ammo buning ehtimoliga tayyorlanmoqda".
Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns ham yaqinda Kongressga shunday mazmunda hisobot berdi.
"Xitoyning hozirgi rahbariyatining maqsadlarini aslo past baholay olmaymiz",- deydi Byorns.
Uning tahlilicha ham Tayvanni mutlaq qo'shib olish, orolni amalda viloyatga aylantirish Si uchun prioritetdir.
AQSh Milliy razvedka idorasi rahbari Avril Heyns deydiki, Si Amerika bilan barqarorlikni asrash muhim deya qanchalik qayd etmasin, o'z kuchini namoyon etish uchun ziddiyatga borishi mumkin.
"Xitoy hukumatida "AQShga zarba beribgina o'z maqsadlarimizga yeta olamiz," degan qarash hukmron",- deydi Heyns.
Pekin Tayvanga qarshi kuch ishlatsa, Amerika orolni himoya qilishi haqida ogohlantirib keladi.
Pentagon taxminicha, Xitoy Tayvanning havo hududlarini buzishni odatiy holga aylantiradi, turli blokadalarga zo'r beradi, to'siqlar qo'yadi.
Pekin AQShning Tayvanga yordami yetib borishini qiyinlashtirishi mumkin.
"Xitoy hududdan Amerika kuchlarini uzoqlashtirish payiga tushadi", - deydi Veyd.
Pekin uchun samoda ham AQSh eng yirik raqib, deydi Pentagon rasmiysi, shu bois u yerdagi faoliyatini kengaytirmoqda.
"Maxfiy kuzatuv vositalari ishga solinadi. Orbitada harakat jadallashadi, elektron jang avj oladi. Pekin Amerika koinotda nimaga qodir ekanini biladi va tenglashishga urinmoqda. Qayerda jang qilish mumkin bo'lsa, Xitoy o'sha yerda AQShga bas kela oladigan darajaga yetmoqchi".
Pentagonga ko'ra, Pekin hozirda gipersonik qurollarni rivojlantirishda lider.
"Xitoy va Rossiya bunday vositalarni sinovdan o'tkazib kelmoqda. Lekin Pekin bu borada Moskvadan oldinda, infratuzilmada va sonda", - deydi AQSh mudofaa razvedkasining texnologiya bo'yicha bosh olimi Pol Freystler Kongressda tinglovda.
Ballistik raketalardan farqli, gipersonik qurollar nishonga ovozdan besh karra tezroq yetib boradi.
AQSh ham bunday vositalar ustida ishlay boshlagan, ammo ular hali test va yaratilish jarayonida.