Tramp Nyu-Yorkda jinoiy ayblov bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Sobiq prezident Donald Tramp Texas shtatida, 25-mart, 2023

AQShni 2017-2021 yillar orasida boshqargan Donald Tramp ona shahri Nyu-Yorkda jinoiy ayblov bilan yuzlashmoqda. Sud hay'ati prokuratura to'plagan dalillarni ko'rib chiqib, uni javobgarlikka tortishga qaror qilgan. Trampga rasman qo'yilishi kutilayotgan ayblov 2016-yilda prezidentlikka harakat qilayotgan paytda porno yulduz Stormi Daniyelsga u bilan aloqalari haqida sukut saqlash uchun pul bergani bilan bog'liq.

2020-yilda prezidentlikka qayta saylana olmagan Tramp hozirda 2024-yilgi saylov uchun poygaga kirgan.

Amerika tarixida biror sobiq prezident yoki Oq uyga da'vogar jinoyatda ayblanmagan.

Porno yulduz Stormi Daniyels, Gollivud, 23-may, 2018

Nyu-York shahrining Manxetten tumani prokuraturasiga ko'ra, Tramp porno yulduzga 130 ming dollar uzatgan. Bu pulni o'sha paytdagi advokati, keyinchalik sudlangan Maykl Koen orqali bergan.

Koenning tan olishicha, Trampning ko'rsatmasi bilan Daniyelsga mablag'ni o'z hisobidan yetkazgan, rasman esa to'lov uning advokatlik ishi sifatida qayd etilgan.

Sukut saqlash uchun pul berish jinoyat emas, ammo prokuratura da'vo qilishicha, bu to'lov saylov kampaniyasi qonunlarini buzgan, chunki mablag' hujjatlarda yuridik xizmat uchun deb ko'rsatilgan.

Koen 2018-yilda bir necha federal jinoyatlarga, xususan saylov kampaniyasi qonunlariga zid harakatlarga iqror bo'lgan, hatto bir yildan ortiq qamoqda ham o'tirib chiqqan.

Nyu-York qonunlariga binoan biznes hujjatlarda aldash og'ir jinoyat emas, lekin boshqa jinoyatni yashirish uchun qilinsa, to'rt yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Donald Tramp sobiq advokati Maykl Koen bilan, Klivlend, 21-sentabr, 2016

Koen sud hay'ati tomonidan so'roq qilingan va guvohlik bergan.

Tramp o'zini aybsiz deb biladi. Uningcha, ayblov - siyosiy tazyiq, uning saylovda qatnashishiga to'siq qo'yishmoqchi.

"Demokratlar yolg'onchi. Ular mendan qutulish uchun har narsaga tayyor va mana buning yaqqol isboti, - deya bildiradi Tramp. - Mendek begunoh insonni sudlashmoqchi".

Tramp Koen yordamida porno yulduzning sukut saqlashini ta'minlaganini e'tirof etgan, ammo buni saylov kampaniyasining bir qismi sifatida ko'rmaydi. To'lov, uning fikricha, Trampning shaxsiy hayoti bilan bog'liq qaror bo'lgan.

Sobiq prezident shu kunlarda Texas shtatida tarafdorlari bilan uchrashar ekan, u porno yulduz mashmashasini jinoyat va vafosizlikdan yiroq bir holat sifatida tasvirlagan.

Tramp tarafdorlari oldida, Texas shtati, 25-mart, 2023

Yaqin orada qamoqqa olinishini taxmin qilayotgan Tramp tarafdorlarini norozilik namoyishlari qilishga undamoqda. Biroq uning hibs qilinishi mumkinligi borasida hali hech qanday ma'lumot yo'q.

Advokati Jo Takopina deydiki, sobiq prezident hech kimdan qochmaydi va savollarga javob berishga tayyor.

Nyu-Yorkda ayblanuvchi prokuratura bilan kelishishi mumkin. Hibsga olingan taqdirda Tramp tovon evaziga qo'yib yuborilishi tayin, deydi yuristlar.

Ayni damda Florida shtatida yashovchi sobiq prezident Nyu-Yorkka o'z xohishi bilan kelishi kutilmoqda.

Tramp prezidentlik poygasidan chiqmaslikka bel bog'lagan. Tarafdorlariga tinimsiz murojaat qilib, ulardan "bu tarixiy damlarda uni har tomonlama quvvatlashni" so'ramoqda.