Ukrainadagi urush Markaziy Osiyoda qanday o‘zgarishlarga yetakladi? G‘arb tahlili

BMT Bosh Assambleyasida 2023-yilning 3-mart kuni Ukrainadagi urushga berilgan berilgan ovozlar: Ko'k rangdagi davlatlar urushni qoralaydi. Sariq rangdagilar betaraf. Qizil rangdagilar esa Rossiyani quvvatlaydi. Markaziy Osiyo respublikalari neytral.

Amerikalik tahlilchilar nazarida Markaziy Osiyo hukumatlari Rossiya bugun nimaga qodirligini yaxshiroq biladi. Ular tashqi siyosatini serqirralashtirish bilan ovora. Ukrainadagi qonli urush Moskva boshqa qo‘shnilariga va atrofdagi davlatlarga hamla qilishi mumkinligi haqidagi qo'rquvni kuchaytirgan.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti va Barnard kolleji professori Aleks Kuli Markaziy Osiyo davlatlarining birortasi Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralamasligidan ajablanmaydi. 2014-yilda Qrim bosib olinganida ham mintaqa Kremlga qarshi gapirmagan, deya eslaydi Kuli, AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyoga bag'ishlangan yillik seminarida so‘zlar ekan.

Kuli 3-mart kuni BMT Bosh Assambleyasida Ukrainadagi urushni la‘natlovchi rezolyutsiyani mintaqada hech kim yoqlamaganiga ishora qilib, betaraflikka Xitoy va Hindiston kabi yirik davlatlar yetakchilik qilmoqda, deydi.

"Har birining o‘z strategik sabablari bor. Dunyo aholisining deyarli yarmi yashaydigan davlatlar Rossiya Ukrainadagi urushni darhol to‘xtatsin degan talabni qo'ymayapti", - deya tahlil qiladi Kuli.

Buni ham ko'ring Blinken: O'zbekiston bilan "dinamik aloqadamiz"

Boshqa ko‘plab ekspertlar singari bu olim ham deydiki, AQSh 2021-yilda Afg'onistondan chiqib ketganidan beri mintaqa asosan Xitoy va Rossiya yetakchiligidagi bloklar ta‘siri ostida qoldi. G‘arb aloqalarni qanchalik jadallashtirmasin, Vashington bu borada Moskva va Pekin bilan tenglasha olmaydi.

Markaziy Osiyo davlatlarining boshqaruv uslubi ham Xitoy va Rossiyadagi avtoritar tuzumlarga yaqin. Xavfsizlik deganda rahbariyatlar avvalo o‘zlari amalda qolishini ta‘minlashni nazarda tutadi va bu masalada bir-birini tushunadi.

Anjumanda so‘zlagan mutaxassislar O‘zbekiston va Qozog‘istondagi rahbarlar o‘tgan yillarda e‘lon qilgan islohot dasturlari haqida Amerika hukumatichalik optimist emas. Siyosiy taraqqiyot, ochilish va qonun ustuvorligi tomon qadamlar sust, demokratik o'zgarishlar bag‘oyat sekin, deya baholashadi ular.

Vashingtondan farqli o'laroq Moskva va Pekin mintaqa hukumatlariga demokratik islohotlar haqida maslahatlar bermaydi yoki xalqqa berilgan va‘dalarni bajaring, deya undamaydi.

Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgach, Pentagon O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan terrorizmga qarshi yangi kelishuvlarga erishishga harakat qildi. Jumladan, AQSh bu davlatlar osmonidan Afg'onistonga dronlar uchira olishni istaydi. O‘zbekiston, xususan, bunga ko‘nmagan. Uning hududi hech bir davlat, ayniqsa qo‘shnilarga qarshi hujum qilish uchun qo‘llanishiga yo'l qo‘ymasligini bildirgan.

Kuli deydiki, bu qarorlarda Rossiya rahbari Vladimir Putinning bosimi muhim rol o‘ynagan. Kreml hatto Xitoy u bilan bu masalada hamfikr ekanini iddao qilgan. Tahlilchi qayd etishicha, AQSh bilan xavfsizlik va harbiy hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlari oldindan Moskva pozitsiyas bilan hisoblashadi.

Buni ham ko'ring Blinken: AQSh To'qayev Qozog'istonni isloh qilishini xohlaydi, quvvatlaydi

Bosimga qaramasdan, deydi tadqiqotchi, Ukrainadan ajralib chiqishga bel bog'lagan va Rossiya quvvatlayotgan hududlarni Markaziy Osiyo respublikalari tan olmay kelmoqda.

Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar, tabiiyki, mintaqa iqtisodiyotiga zarba bermoqda. Eng ko‘p zararni, deya kuzatadi Kuli, Kreml boshliq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a‘zolar ko‘rmoqda.

Migrantlar Rossiyadagi tirikchiligini yoppasiga tark etayotganiga guvoh emasmiz, deydi olim. Rossiya bilan savdo ko‘lami oshgan. Kuli yaqin kelajakda keskin burilishlar kutmaydi.

Amerikalik boshqa mutaxassislar ham shunday qarashda: vaziyat murakkab, ammo normallashgan, ya‘ni har bir davlat o'z manfaatlaridan kelib chiqib, Moskva bilan hamkorlikning yangi qirralarini ochmoqda. Shu bilan birga Markaziy Osiyo hukumatlari Kremlning Ukrainada o‘z maqsadlariga yeta olmagani, harbiy jihatdan zaiflashgani, global moliya tizimlaridan ancha uzilgani, xalqaro sahnada qoralangani, G‘arb mintaqa bilan yaqinlashishga urinayotganini hisobga olib, qadam tashlamoqda.

Buni ham ko'ring AQSh O'zbekiston Ukraina yuzasidan nega neytral ekanini tushunadi

Garvard universitetidan qozog‘istonlik olima Nargis Kassenova deydiki, Markaziy Osiyo hukumatlari davomiylik yo‘lidan boradi, ya‘ni Ukrainadagi urushda betaraf qoladi, shuningdek, hududiy yaxlitlikni himoya qiladi va separatizmga qarshi.

"Rejimlar barqarorligi birlamchi va bunda ular ko‘p jihatdan Rossiyaga tobe", - deydi Kassenova.

"Markaziy Osiyoda rahbarlariyatlar eng xavfsiz yo‘l multivektor tashqi siyosat olib borishdir deb biladi".

G‘arb ularning mustaqilligi, suverenitet va hududiy yaxlitligini quvvatlab turishi ularga ruhan dalda, deydi ekspert, biroq bu davlatlar uchun Rossiya va Xitoy bilan biznes sheriklik ham hayot-mamot masalasidir.

Vashingtondagi yetakchi aql markazlaridan biri Karnegi fondi eksperti Pol Stronski tahlilicha, bugungi Rossiya Markaziy Osiyo va umuman Yevrosiyodagi ta‘sir kuchini boy berayotganidan xavotirda. Nafaqat siyosiy, deydi tadqiqotchi, balki ijtimoiy va madaniy qudrat pasayib borar ekan, rus dunyosi kichraymasligi uchun favqulodda choralar ko‘rish kerak degan chaqiriqlar Moskvada avjida.

Buni ham ko'ring Afg'oniston - Markaziy Osiyo uchun "doimiy boshog'riq"

"Markaziy Osiyo faqat Rossiya va Xitoy bilan cheklanmay, qiyinchiliklarga qaramasdan Afg‘oniston va janub bilan ham yaqinlikka intilmoqda",- deydi Stronski.

Uning nazarida hukumatlar Rossiya nimaga qodirligini hozirda yaxshiroq anglaydi. Ukrainadagi qonli urushdan saboqlar olinmoqda, qolaversa, Moskva boshqa qo‘shnilariga va atrofdagi davlatlarga hamla qilishi mumkinligi haqidagi qo'rquv endilikda yanayam kuchaygan.

Stronski taxminicha, Ukrainadagi mojaro Markaziy Osiyo tashqi siyosatini serqirralashtiradi, sheriklar davrasi kengayirishiga turki beradi.

"Markaziy Osiyo o‘tmishdagi qudratini tiklashni xohlayotgan Rossiya va iqtisodiy gigant Xitoy orasida tiqilib qolishni xohlamaydi. Shu bois respublikalar tashqi siyosati va mudofasini diversifikatsiya qilishga tushgan", - deydi ekspert.