Qo'shma Shtatlar bilan 1992-yildan beri diplomatik aloqalarga ega Turkmaniston bugunga kelib Vashington bilan hamkorlikni kengaytirishga bel bog'lagan. 2001-yildan beri respublikaning bosh diplomati, 2007-yildan beri esa vitse-prezidenti Rashid Meredov bugun bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda bayon qildi.
"Bu tashrifimizdan keyin aloqalarimiz mustahkamlanishi muqarrar", - dedi Meredov AQSh bilan muzokaralar ketidan.
Yillik maslahatlashuvda Ashgabatdan kelgan delegatsiya asosan iqtisod, energetika va ta'limni muhokama qilgan. Amerika bu yo'nalishlarda birga ishlashga ochiq, ammo Bayden ma'muriyati inson huquqlari bilan bog'liq muammolarni ham ko'tarib, Turkmaniston hukumatini vaziyatni yaxshilashga undagan.
O'tgan yildan beri Serdar Berdimuhamedov boshqarayotgan tizim - dunyoda eng yopiq tuzumlardan biri. Inson huquqlari tashkilotlari Turkmanistondagi muhitni "yomonlarning yomoni", deya ta'riflaydi. Ekspertlar hokimiyat Berdimuhamedovlar iznida yana uzoq payt qolishini taxmin qiladi.
41 yoshli Serdar Berdimuhamedovning otasi Gurbanguli Berdimuhamedov 2007-2022 yillarda prezidentlik qilgan. 65 yoshli siyosatchi hozirda Xalq kengashi raisi va bu rolda u davlat rahnamosi degan maqomini saqlab kelmoqda.
Afg'oniston bilan uzun chegaraga ega davlat Tolibon bilan aloqada, biroq bu borada lom-mim demaydi. Bugungi muzokaralarda AQSh rasmiylari bilan Kobulga nisbatan siyosat xususida so'z ketgan. Biroq Blinken ham jurnalistlar oldidagi qisqa chiqishida bu haqda gap ochmadi.
"Biz Turkmanistonning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetini quvvatlaymiz", - deydi Blinken.
Uning aytishicha, AQSh bu respublika bilan atrof-muhit, iqtisod, ta'lim va inson huquqlari borasida birga ishlashni istaydi.
Fevral oyida Blinken Ostonada Markaziy Osiyoning besh tashqi ishlar vaziri davrasida bo'lgan va boshqalar qatori Meredov bilan ham alohida uchrashgan.
Blinken Qozog'istondan keyin O'zbekistonga ham borgan edi. Har ikki davlatda prezidentlar va bosh diplomatlar bilan ko'rishgan, shuningdek, yoshlar va jurnalistlar bilan gaplashgan.
Ashgabat va Vashington mintaqaviy inregratsiya tomon harakatlarda hamfikr, deydi rasmiylar.
Bu hafta Blinkenning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu Qirg'iziston va Tojikistonda. Lu Bishkek va Dushanbeda rahbarlar, xususiy sektor va fuqaro jamiyati a'zolari hamda yoshlar bilan uchrashmoqda.
Lu deydiki, AQSh mintaqada passivlashdi degan iddaolar asossiz.
"Har bir davlat bilan o'zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan holda muloqotdamiz. Shuningdek, mintaqaviy dialogdamiz",- deya ta'kidladi u yaqinda Jorjtaun universitetida kechgan anjumanda.
AQSh o'tgan qariyb 32 yil mobaynida Turkmanistonga yarim milliard dollardan oshiq yordam ko'rsatgan. Bu - mintaqadagi eng oz ko'mak. Eng ko'pi Qozog'istonga berilgan, 3 milliard dollarga yaqin.
Your browser doesn’t support HTML5