79 yoshli yozuvchi E. Jin Karroll AQShning 45-prezidenti Donald Trampni bundan 30 yilcha oldin unga jinsiy tajovuz qilganlikda ayblamoqda. Uning aytishicha, voqea kiyim-kechak do'konida ro'y bergan. 76 yoshli Tramp bu ayblovni boshidan rad etib keladi.
Nyu-Yorkda boshlanayotgan sudda Karroll sobiq prezidentni haqoratda ham ayblamoqda. Ayblovchi "Elle" moda jurnalida ishlagan.
Tramp deydiki, Karrollning gaplari uydirma. Aslida, deydi Tramp, bu ayol undan kitobini targ'ib qilishda yordam so'ragan va shu sabab u bilan uchrashgan.
"U menga yoqadigan ayol emas", - deb yozgan sobiq prezident ijtimoiy tarmoqlarda.
Tramp sudga kelishga majbur emas. Karrollning advokatlari ham uni chaqirtirish niyatida emas.
Karroll bu borada 2019-yilda gapira boshlagan. Tramp fikricha, u - "aqlan nosog'lom".
Sudya Luis Kaplan sud hay'ati a'zolari va advokatlarni masalani hech kim bilan muhokama qilmaslik va ism-sharifini bildirmaslik haqida ogohlantirgan. Maqsad, deydi sudya, ularni Tramp tarafdorlaridan himoya qilish.
Sud ikki hafta ichida yakunlanishi kutilmoqda.
Tramp, prezidentlik uchun kampaniyasini davom ettirar ekan, yana bir necha sud ishlari bilan yuzlashmoqda.
4-aprel kuni Nyu-Yorkda sudda ko'ringan sobiq prezident 2016-yilda porno yulduzga va yana bir ayolga oradagi rishtalarni yashirish uchun pul to'lab, bu borada saylov kampaniyasi hujjatlarida aldaganlik aybini rad etgan edi.
Nyu-Yorkda Tramp, shuningdek, biznes tovlamachiliklarda ham gumon qilinmoqda.
Jorjiya shtatida 2020-yilgi saylovlarda tizim faoliyatiga aralashganlikda ham ayblanmoqda.
2021-yilning 6-yanvarida Kongressga qonli bosqinda ham roli borligi haqida ayblovlar hamon tekshiruv ostida.
Trampga ko'ra, bu ishlarning birortasida uning roli yo'q.
Karrollning aytishicha, Tramp unga 1995-yilning oxirlari 1996-yilning boshlarida shilqimlik qilib, zo'rlagan.
"Tramp boshida menga shirin so'zlar bilan murojaat qilgan, hatto boshqa bir ayolga sovg'a olishda maslahat so'ragan", - deydi Karroll.
Ayolning hikoya qilishicha, Tramp uni aldab, liboslar kiyib ko'riladigan xonaga olib kirgan va o'sha yerda tajovuz qilgan.
Karroll bu borada o'shanda og'iz ochmagan, politsiyaga bormagan. Voqea xususida u to'rt yil oldin ilk marta gapirgan.
Buni ham ko'ring Toshkent-Vashington: Tramp ishiAyol da'vo qilayotgan tajovuz qay kuni qay vaqtda bo'lganini eslay olmaydi.
Biroq u ikki dugonasi bilan dardlashgan va ular guvoh sifatida sud huzurida bo'ladi.
Yana ikki ayol Trampni jinsiy tajovuzda ayblab chiqqan. Ular ham bu mahkamada guvohlik beradi.
Karrollning advokatlari sobiq prezident uchun "zo'rlash odat bo'lgan", degan argumentni olg'a surmoqda.
2005-yilda Tramp "Access Hollywood" TV shousida ishlayotgan xotin-qizlarga behayo gaplar aytganini isbotlovchi tasvirlar va audiolar bor.
Karroll ayblov bilan chiqqanidan keyin Tramp uni haqorat qilganini ham aytib, bu borada ham alohida arz qilgan. U paytda ayblanuvchi prezident edi.