Amerikaning yaqin kunlarda Ashgabatga yo'l olayotgan yangi elchisi Elizabet Rud deydiki, Turkmaniston bilan aloqalar sekin, ammo to'xtovsiz.
"AQSh bu davlatning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashda davom etadi", - deydi u, Senat huzuridagi nutqida.
Vashington dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri bo'lmish Turkmaniston bilan mintaqaviy xavfsizlik, savdo, ekologiya, madaniy va ilmiy sohalarda ishlab keladi.
Buni ham ko'ring Turkmaniston AQSh bilan hamkorlikni oshirish niyatidaProfessional diplomat, Rossiya va Gruziyada elchi o'rinbosari vazifalarida ishlagan Rud Markaziy Osiyoning bu respublikasida ham inson huquqlari og'ir ahvolda ekanini ta'kidlaydi.
Diniy huquqlardan tortib matbuot va so'z erkinligigacha, xalqaro majburiyatni bajarishda Turkmaniston jahon miqyosida eng past o'rinlarda.
"Orada kelisha olmaydigan farqlarimiz bor, ammo Qo'shma Shtatlar va Turkmaniston o'zaro manfaatlar nimada ekanini biladi", - deydi Rud.
Birinchi o'rinda xavfsizlik. Turkmaniston Afg'oniston bilan 750 kilometrga yaqin chegaraga ega. Terrorizm, qoradori savdosi va kontrabandaga qarshi kurashda bu davlat bilan hamkorlik qilmay iloj yo'q, deydi diplomat.
Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar bu o'lkada ham kuchli xavotir uyg'ormoqda, deya qayd etadi Rud, va Ashgabat bu sohada Vashingtonning yordami va sherikligiga muhtoj.
Your browser doesn’t support HTML5
Qanchalik qiyin bo'lmasin, deydi Amerika rasmiysi, Turkmaniston bilan biznes imkoniyatlarni ochishga urinaverish lozim. AQSh bilan tijorat, uning fikricha, bu xalqqa madad bo'ladi, xususan korrupsiyaga qarshi kurashishda yordam beradi va ish o'rinlari yaratadi.
AQSh, Rudning so'zlariga ko'ra, Turkmanistonda tarixiy merosni asrab-avaylashda ham hissa qo'shishi zarur. Qolaversa, deydi u, qadim turkman hunarmandchiligi bor, etnik musiqa va boshqa durdonalar.
Rossiya singari agressiv davlatlarning bu mamlakatga ta'sirini ozaytirish uchun ham, deydi diplomat, Amerika Ashgabatdagi rahbarlar bilan imkon qadar muloqotda bo'lishi, Turkmaniston Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlardan ortda qolmasligi uchun unga turtki berib turishi joiz.
Turkmaniston BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotlarining a'zosi. Demak, xalqaro majburiyatlarini ado etishi kerak, deydi Rud. Amerikaning Ashgabatdagi bosh diplomati sifatida u uzviy huquqlarni targ'ib qilishga bel bog'lagan. Shuningdek, elchi fuqaro jamiyati rivoji, qonun ustuvorligi, mehnat huquqlari, xotin-qizlarning manfaatlari yo'lida ham ter to'kish maqsadida.
Bu hafta Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Vashingtonda bo'lib, aloqalarni muhokama qildi. Meredov Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashib, uning mamlakati hamkorlikning yangi sahifasini ochishga shay ekanini bildirgan.
Ikki davlat orasidagi aloqalarni tahlil qilib kelayotgan mutaxassislar nazarida Markaziy Osiyoda Amerikaning eng sust diplomatiyasi shu respublika bilan va yakkahokimlik o'ta chuqur ildiz otgan Turkmaniston o'zgarishga moyil ekanini ko'rsatuvchi omil yo'q.