AQSh-Meksika chegarasida pandemiya davrida joriy etilgan cheklovlar bekor qilinish arafasida ekan, Bayden ma’muriyati muhojirlar oqimini boshqarishning yangi chora-tadbirlarini e’lon qildi.
Xususan, qochqinlarni ko’chirish, Amerikadagi oilasi bilan birlashtirish va boshqa qonuniy programmalarda ishtirokni osonlashtirish uchun AQSh Lotin Amerikasi mamlakatlarida immigratsion markazlar ochishni rejalamoqda.
“Qochqinlarni qayta joylashtirish bo’yicha mezonlar o’zgarmaydi. Kengaytirilgan sa’y-harakatlar orqali biz ko’proq munosib shaxslarni aniqlashni ko’zlayapmiz”, - deydi jurnalistlar bilan suhbatlashgan Ichki xavfsizlik vazirligi rasmiysi.
Yangi markazlarda amerikalik konsullar murojaat etuvchilar bilan suhbatlashib, ularning AQShga borishi uchun qonuniy yo’llar bor-yo’qligini aniqlashadi. Ilk markazlar Kolumbiya va Gvatemalada ochiladi.
Maqsad – migratsiyani sekinlashtirish
Asosiy maqsad – janubiy chegarada migratsiyani sekinlashtirish va kamaytirish. 11-may kuni tugayotgan “Title 42” qonuni asosida AQSh immigratsiya xizmati so’nggi bir necha yildan buyon tezlashtirilgan tartibda muhojirlarni o’z mamlakatiga yoki Meksikaga deportatsiya qilib kelayotgan edi. 2020-yilning martidan beri migrantlar 2,7 million marta chiqarib yuborilgan.
“Title-42” pandemiya davridagi vaqtinchalik sog’liqni saqlash chorasi edi. Barcha favqulodda choralar kabi bu qonun muhlati ham tugamoqda”, - deydi AQSh rasmiylaridan biri.
Migratsiyani sekinlashtirish uchun AQSh chegara xizmati “CPB One” mobil ilovasini ham ishga tushirgan. U orqali Meksika markazi va shimolidagi muhojirlar AQShga ruxsatsiz kirishga urinish o’rniga chegara punktlaridan biriga kelayotgani haqida chegarachilarga xabar beradi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi, shuningdek, Amerika fuqarolari va doimiy rezidentlariga Salvador, Gvatemala, Gonduras va Kolumbiyadan oila a’zolarini chaqirib olish uchun yangi dasturlarni ishga tushiradi. Oilalarni birlashtirishga qaratilgan bunday dasturlar ayni paytda Kuba va Gaiti uchun ham davom etmoqda.
Buni ham ko'ring AQSh, Kolumbiya va Panama Darien-Gep orqali migratsiyani to’xtatmoqchiAQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, yangi markazlar orqali kelayotganlar obdan tekshirilib, faqatgina oilasi tomonidan tasdiqlangan petitsiyaga ega bo’lganlarga Amerikaga borishga ruxsat beriladi.
Kongressdagi respublikachilar chegarani ochiq va inqiroz holatida deya tasvirlab, ketma-ket tinglovlar o’tkazmoqda. Ular shu hafta taqdim etgan reja chegarada hibslarni ko’paytirish, immigrant ishchilarning hujjatlarini tekshirish jarayonini kuchaytirish, migrantlardan faqat muayyan kirish portlarida boshpana so’rashni talab qilish kabi takliflarni o’z ichiga oladi.
Respublikachilar deydiki, chegarachilar har qanday xorij fuqarosini ortga qaytarish huquqiga ham ega bo’lishi lozim. Demokratlarga ko’ra, bu reja qonunga aylanishi ehtimoli past.
Muqobil variantlar
Chegaradagi vaziyat bo’yicha AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas va Davlat kotibi Entoni Blinken alohida matbuot anjumani ham o’tkazdi.
“Mintaqadagi qo’shnilarimiz bilan hamkorlikda janubiy chegaramizgacha kelayotgan migrantlar sonini kamaytirishimiz mumkin va kamaytiramiz”, - deydi Mayorkas.
AQSh immigratsiya xizmati hisob-kitobiga ko’ra, may oyidan boshlab AQSh-Meksika chegarasida muhojirlar soni kuniga hozirgi 5000-8000 dan 10 000 – 13 000 gacha oshishi mumkin. Tuzilajak yangi markazlar orqali har oy 5000-6000 odamning ishi ko’rib chiqiladi.
Bayden ma’muriyati olg’a surayotgan yangi rejalar iqtisodiy va siyosiy sabablarga ko’ra o’z mamlakatini tark etayotgan muhojirlar oqimini sekinlashtiradimi, yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi. Blinken deydiki, yangi yondashuv migratsiya jarayonini xavfsizroq qilishni, tartibga keltirishni ko’zlaydi.
“Odamlarga AQShda boshpana topish uchun xavfli sayohatga chiqish o’rniga muqobil variantlarni taklif etishimiz kerak. Migratsiyaning asosiy sabablarini bartaraf etish ustida ishlayapmiz”, - deydi Blinken.
Bosh diplomat Kolumbiya, Ekvador va Braziliya kabi qochqinlarni qabul qilgan, zo’ravonlik va iqtisodiy nizolardan qochganlarga vaqtinchalik maqom bergan davlatlarni olqishladi.
“Masalan, Kolumbiya taxminan 2,5 million venesuelalikka 10 yillik himoyalangan maqom berdi, ularga ishlash, o’qish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini berdi”, - deydi u.
“Title 8”
11-maydan keyin AQSh-Meksika chegarasiga yetib kelgan barcha muhojirlar ishi pandemiyadan oldin amalda bo’lgan “Title 8” qonuni asosida ko’rib chiqiladi.
Bu federal qonunlar kodeksi bo’lib, chegaraga hujjatsiz kelgan yoki boshqa yo’llar bilan AQShga kirmoqchi bo’lganlarni immigratsiya sudi ishtirokisiz chiqarib yuborish vakolatini beradi.
Vazir Mayorkasning tushuntirishicha, AQSh immigratsiya xizmati xodimlari chegara markazlarida migrantlarni skriningdan o’tkazadi. Ular vatanda ta’qib qilinishi ehtimoli borligini, qo’rquv asosli ekanini isbotlay olishi lozim.
Amerikada qolish uchun qonuniy asosi bo’lmaganlar “Title 8” asosida tezlashtirilgan tartibda deportatsiya qilinadi.
Mayorkasning qayd etishicha, yangi choralar Kongress qabul qilishi kutilayotgan immigratsiya islohoti bo’yicha qonun o’rnini bosmaydi.