O'zbekistonda yangi konstitutsiya kuchga kirdi, Mirziyoyev bu hafta Germaniyada

2022-yilda oradagi savdo ko'lami 1,3 milliard yevroni tashkil etgan. O'zbekiston - Germaniyaning 66-o'rindagi tijoriy sherigi.

Shavkat Mirziyoyev prezident muddatlarini nollashtiruvchi yangi konstitutsiya kuchga kirishi bilan u Germaniyaga rasmiy tashrifini boshladi.

Mirziyoyevga 2040-yilgacha hokimiyatda qolish imkoniyatini beruvchi konstitutsiya qabul qilinishi ortidan kuzatilayotgan bu safar Germaniyadagi o’zbek faollarida norozilik uyg’otgan. 2-may kuni Berlinda ular norozilik aksiyasi o’tkazgan.

Tashkilotchi - siyosiy qochqinlikda yashayotgan huquq himoyachisi Malohat Eshonqulova.

Faolga ko’ra, norozilik aksiyadan maqsad - Germaniya, shuningdek, boshqa demokratik davlatlar diqqatini O’zbekistondagi vaziyatga qaratish, ayniqsa prezident Mirziyoyev referendum ortidan hokimiyatni saqlab qolish imkoniyatini qo’lga kiritishi manzarasida.

Berlin, 2-may, 2023

“Referendum, konstitutsiya yangilanishi Mirziyoyevga 2040-yilgacha hokimiyatda bo’lish imkoniyatini yaratish uchun o’tkazilgani shubhasiz. Shunga qaramasdan bu referendum qo’pol buzilishlar bilan o’tdi, ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda ko’p yozildi, ko’rsatildi. Referendumdan asl maqsad nima ekanligini xalqaro jamoatchilik ham ko’rib turibdi. Mirziyoyev konstitutsiya yangilanishi ortidan darhol Germaniyaga kelyapti, u xalqaro jamoatchilikning bunga munosabatini chamalab ko’rmoqchi, ya’ni konstitutsiya suiiste’mol qilinganini Yevropada qanday qabul qilishadi. Albatta, hozir uning uchrashuvlari qanday o’tishi haqida gapirish qiyin, lekin umid qilamizki bu muzokaralarda Germaniya tomoni inson huquqlari masalasini ko’taradi, muxolafatsiz mamlakatda adolatli saylovlar bo’lishi mumkin emasligini eslatib qo’yishadi”, - deydi Eshonqulova.

Prezident matbuot xizmatiga ko’ra, Mirziyoyevning Germaniyaga safari prezident Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga ko’ra amalga oshmoqda.

Germaniya prezidenti 2019-yilda O’zbekistonda bo’lgan edi. Mirziyoyev ham Germaniyada 2019-yilda bo’lgan. Shtayenmayerdan tashqari o’sha paytdagi kansler Angela Merkel bilan muzokaralar o’tkazib, munosabatlardagi uzoq tanaffusdan so’ng hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etilgan edi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston-Germaniya: aloqalarda yangi sahifa

2022-yilda oradagi savdo ko'lami 1,3 milliard yevroni tashkil etgan. O'zbekiston - Germaniyaning 66-o'rindagi tijoriy sherigi.

Prezidentlar so’nggi bor 2022-yilda telefon orqali muloqotda bo’lishgan. Germaniya prezidenti O’zbekiston prezidentini mustaqillik kuni bilan qutlab, O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligini muhokama qilgan edi.

Bu safar Mirziyoyev Germaniyaning yangi kansleri Olaf Sholts bilan gaplashadi

O’zbekistonning Germaniya bilan aloqalari Yevropa Ittifoqidagi boshqa davlatlarga solishtirganda bir muncha qalin. Bir nechta yirik nemis kompaniyalari O’zbekistonda ishlayapti.

Mirziyoyevning Germaniya ishbilarmon doiralari bilan rejalangan uchrashuvida nemis biznesini O’zbekistondagi ishtirokini kuchaytirish haqida gap boradi.

O’zbekistonning Yevropa davlatlari bilan munosabati Islom Karimov davridagi uzoq turg’unlikdan so’ng qayta rivojlana boshlagan. Mirziyoyev hozirgacha Yevropaning bir necha yirik davlatlariga tashrif buyurdi.

Buni ham ko'ring Berlin: Mirziyoyev islohotlarini quvvatlaymiz, hamkorlik kengayadi

Yevropa Ittifoqi bilan umumiy munosabatlar ham mintaqaviy sammit darajasiga chiqqan. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi hamkorligini belgilovchi yangi strategiya qabul qilingan.

Ammo faollar O’zbekistonda kuzatilayotgan so’nggi o’zgarishlardan xavotirda. Bu nafaqat prezident muddatini nollashtiruvchi yangi konstitutsiya qabul qilinishi, balki mamlakatdagi umumiy vaziyat bilan ham bog’liq.

“Oxirgi paytda bir nechta jurnalistlar, blogerlar hibs qilindi. Muxolif partiya tuzishga nisbatan ta’qiblar to’xtamagan. Mirziyoyev avtoritar tuzumdan voz kechgani yo’q, avtoiritar rejimlar bilan aloqalar yanada mustahkamladi. Mirziyoyev davrida O’zbekistonning Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi, mamlakat tashqi siyosatda Putin izmiga tushib qolgan. Demokratik davlatlar diktaturani qo’llab kelayotgan davlatlar bilan o’z aloqalarini qayta ko’rib chiqishi lozim. Mirziyoyev rejimi ham bundan xoli bo’lmasligi kerak. Biz shunga chaqiryapmiz, umid qilamizki Mirziyoyevning Germaniyadagi muzokaralarida avtoritar rejimlar bilan hamkorlik demokratik tamoyillarga zidligi haqida tushuncha beriladi”, - deydi Malohat Eshonqulova.