3-may – Xalqaro so‘z erkinligi kuni munosabati bilan bir qator xalqaro tashkilotlar dunyo bo‘yicha so‘z erkinligining yangi reytingini e’lon qildi. Unda oxirgi yillar Rossiya, Belarus davlatlari qatorida Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston va Qirg‘izistonda ham so‘z erkinligi holati sezilarli darajada yomonlashgani qayd etilgan.
2022-yil Tojikistonda jurnalist va blogerlarni ozodlikdan mahrum qilishda antirekord o‘rnatilgan. Sakkiz nafar jurnalistga nisbatan jinoiy ish ochilib, ularning barchasi aybdor, deb topildi va 7 yildan 21 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Jurnalist va fuqarolik jamiyati faoli Rajab Mirzoning aytishicha, Tojikiston davlati tarixida biror yil bu qadar ko‘p – sakkiz nafar jurnalist yoki bloger ozodlikdan mahrum etilmagan edi. Hatto mamlakatda besh yil (1992 - 1997 yillar) davom etgan fuqarolik urushi yillarida ham.
Tojikistonlik jurnalistlarning aytishicha, mamlakatda so‘z erkinligi 2014-yildan boshlab sezilarli darajada cheklana boshlagan. Bu mamlakatda yuzaga kelgan siyosiyo vaziyat – amaldagi hukumat va muxolifat orasidagi ziddiyatlarning keskinlashuvi bilan izohlanadi. 2015-yilda Tojikiston Oliy sudi tomonidan muxolif partiya – Islom uyg‘onish partiyasi ekstremistik va terroristik tashkilot, deb topildi va faoliyati taqiqlandi. Ammo so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat qayta o‘nglanmadi. Lekin o‘sha yillarda ham bu qadar ko‘p jurnalistlar ozodlikdan mahrum etilmagan edi.
Buni ham ko'ring Tojikiston: Chegarani kesib o’tgan terror tashkiloti a’zolari yo’q qilindi2022-yil davomida jurnalist va blogerlar Daler Imomaliy – 10 yilga, Abdullo G‘urbatiy – 7,5 yilga, Zavqiddin Saydaminiy – 7 yilga, Abdusattor Pirmuhammadzoda – 7 yilga, Muhammad Sulton – 7 yilga, Ulfatxonum Mahmadshoyeva – 21 yilga, Komron Mirzoyev – 10 yilga va Xushruz Jumayev – 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Barcha jurnalistlarning sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tganligi sababli tafsilotlar ma’lum emas.
Hibsga olingan jurnalistlarning aksariyatiga Tojikiston Jinoyat kodeksining Konstitutsion tuzumni kuch bilan ajdarishga ommaviy da’vat, ekstremistik va terroristik tashkilotlarga a’zolik yoki ular bilan hamkorlik qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Inson huquqlari yoki jurnalistlarni himoya qiladigan bir qator xalqaro tashkilotlar va Tojikiston ichkarisidagi jamoatchilik faollari ham hibsga olingan jurnalistlarni ozod qilishni so‘rab mamlakat hukumatiga qayta-qayta murojaat qilishdi. Ammo bu murojaatlar biror natija bermadi. Aksincha, jurnalistlarni hibsga olish 2023-yilda ham davom etmoqda.
Shu yilning 6-mart kuni 38 yoshli mustaqil jurnalist va jamoat faoli Xurshed Fozilov davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan va keyinroq unga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 307-moddasi – «Konstitutsion tuzumni kuch bilan ag‘darishga ommaviy da’vat» bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Jurnalist Jinoyat kodeksining mazkur moddasi bilan aybdor topilsa, 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Jurnalistning advokati Dilafruz Samadovaning aytishicha, «Xurshed (Fozilov) davlat hokimiyatiga qarshi ish olib bormagan, uning barcha faoliyati amaldagi qonunlar va davlat siyosati doirasida bo‘lgan». Hozircha hukumat organlari Fozilov ishi tafsilotlarini jamoatchilikka ochiqlagani yo‘q.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu yilning 24-mart kuni «Ozodlik» radiosi tojik xizmatining sobiq xodimi Rustami Joniga nisbatan ham jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi. Dushanbe shahri Sino tumani militsiya bo‘limi tergovchisi Abdulhakim Shafiyevning aytishicha, Rustami Joniga nisbatan jinoiy ish ochilib, qidiruv e’lon qilingan va Interpolga uni qo‘lga olib, Tojikistonga qaytarish bo‘yicha rasmiy murojaat yo‘llangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Chexiyaning Praga shahrida yashayotgan jurnalist Rustami Joniga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 307-moddasi – internet tarmoqlari yoki ommaviy axborot vositasida kuch bilan konstitutsion tuzumni ag‘darishga ommaviy chaqirish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining (CPJ) Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Saidning fikricha, Tojikistonda jurnalistlarning ozodlikdan mahrum qilinishi mamlakatda faoliyati taqiqlangan muxolif partiya – Islom uyg‘onish partiyasi bilan bog‘liq.
«Markaziy Osiyoning beshta mamlakatida ham vaziyat yaxshi emas. So‘nggi paytlarda eng jiddiy yomonlashish, taqriban oxirgi 10 oy ichida Tojikistonda yuz berdi. Bugungi kunda kamida yetti jurnalist o‘zining jurnalistik faoliyati uchun qamoqda o‘tiribdi. Ularning bir nechtasi Tog‘li Badaxshon Muxtor viloyatidan va terrorizm yoki ekstremizmda aylangan. Bu Tojikistonda nimani anglatadi? Ular yo muxolifat guruhlari bilan yaqin bo‘lgan yoki ular bilan qandaydir aloqada bo‘lgan yoki muxolifatga tegishli OAVda ishlagan. Tojikiston hukumati esa u guruhlarni terrorist, deb biladi”, deydi Gulnoza Said.
Buni ham ko'ring Hibslar ortidan YXHT Tojikiston hukumatiga: Jurnalistika jinoyat emasAmmo Tojikistonda faoliyati taqiqlanishi ortidan xorijda amal qilayotgan Islom uyg‘onish partiyasi mas’ullari 2022-yilda hibsga olingan jurnalistlar bilan hamkorligini rad etib kelmoqda. Sud jarayonlari yopiq eshiklar ortida o‘tganligi sababli jurnalistlar ishi tafsilotlari ma’lum emas.
Tojikiston Mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Nuriddin Qarshiboyevning aytishicha, jurnalistlar haqiqatdan ham aybdor bo‘lsa, tegishli davlat organlari tafsilotlarni jamoatchilikka ochiqlashi kerak.
"Bu davlat tuzilmalarining jamoatchilik fikrini nazorat ostiga olishga urinishlarining davomi. O‘ylaymanki, huquq-tartibot idoralari bu xatti-harakatlari bilan jamoatchilik fikrini nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda. Biroq ularning bu harakatlari dunyo hamjamiyatining teskari munosabatiga sabab bo‘lmoqda", – deydi Nuriddin Qarshiboyev.
Uning qo’shimcha qilishicha, erkin matbuotning ahamiyati jamiyatda alternativ fikrlarni yoritishdan iborat. Shuning uchun ham jamoatchilik fikrini nazorat qilish, alternativ fikrlarni yo‘q qilishga urinmaslik, aksincha, ulardan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida samarali foydalanish kerak, - deydi u.