Bayden ma’muriyati AQSh-Meksika chegarasiga 1500 harbiy xizmatchini jo’natmoqda, chunki 11-maydan keyin “Title 42” deb atalmish pandemiya davrida joriy etilgan cheklovlarning muhlati tugashi ortidan muhojirlar ko’payishi kutilmoqda.
Pentagon so’zlovchisi Pet Rayderning bildirishicha, askarlar Bojxona va chegara xizmatiga 90 kun davomida ko’maklashadi.
Sabab nima?
Tramp prezidentligi davrida boshlangan “Title 42” cheklovlaridan Bayden ma’muriyati ham ikki yildan ortiq foydalandi. Ushbu siyosat migrantlarni vataniga yoki Meksikaga tezda deportatsiya qilishga imkon bergan. 2020-yilning martidan buyon migrantlar AQShdan 2,7 million marta chiqarib yuborilgan, ba’zilari bir necha martalab.
Avvaliga cheklovlar 2022-yilning 23-mayida bekor qilinishi e’lon qilindi, ammo respublikachilar hukmron 19 shtat sudga murojaat qilib, cheklovlarni saqlab qolishga erishdi.
Kovid bilan bog’liq kasalliklar va o’lim sur’ati pasayar ekan, pandemiya bilan bog’liq favqulodda holatni 11-may kuni tugatish rejada. Huquqshunoslar deydiki, Oq uy cheklovlarni saqlab qolmoqchi bo’lsa, yangi “Title 42” ni joriy etishi yoki favqulodda holatni uzaytirishi kerak.
AQSh immigratsiya xizmati hisob-kitobiga ko’ra, may oyidan boshlab AQSh-Meksika chegarasida muhojirlar soni kuniga hozirgi 5000-8000 dan 10 000 – 13 000 gacha oshishi mumkin.
Chegaraga qo’shin yuborish yangi narsami?
Yo’q. Sobiq prezident Donald Tramp chegara xizmati xodimlarini qo’llab-quvvatlash uchun 2018-yilning oktabrida harbiylarni chegaraga safarbar etgan va yil oxirida ular chegarani tark etgan.
Askarlar migrantlarni hibsga olish uchun yuborilyaptimi?
Yo’q. Askarlar monitoring, ma’lumotlarni sistemaga kiritish va chegara inshootlarini boshqarish ishlarida qatnashadi. Ular huquq-tartibot bilan shug’ullanmaydi.
Chegaraga harbiy xizmatchilarni yuborish Ichki xavfsizlik vazirligiga (IXV) avvalgi yillarda ko’rsatilgan harbiy yordam turlari bilan hamohang, deya bildirmoqda Mudofaa vazirligi.
“Title 42” tugashiga yana qanday tayyorgarlik ko’rilyapti?
Bayden ma’muriyati migrantlarning Amerikaga borishning qonuniy yo’llaridan foydalanishini ta’minlash uchun Lotin Amerikasida immigratsion markazlar ochishni rejalamoqda.
Qonuniy dasturlarga, jumladan, qochqinlarni himoya maqsadida AQShda joylashtirish, gumanitar maqsadda vaqtincha kirishga ruxsat berish va Amerikadagi oilasi bilan birlashtirish kiradi.
Rasmiylarning aytishicha, 11-maydan keyin AQSh-Meksika chegarasiga yetib kelgan barcha muhojirlar ishi pandemiyadan oldin amalda bo’lgan “Title 8” qonuni asosida ko’rib chiqiladi.
Bu federal qonunlar kodeksi bo’lib, chegaraga hujjatsiz kelgan yoki boshqa yo’llar bilan AQShga kirmoqchi bo’lganlarni immigratsiya sudi ishtirokisiz chiqarib yuborish vakolatini beradi.
“Title 8” qonunini buzish kamida besh yilga AQShga kirishni taqiqlash va noqonuniy ravishda chegarani takroriy kesib o’tishga urinish uchun jinoiy javobgarlikni ham ko’zda tutadi.
Hozirda AQSh-Meksika chegarasida 24 000 chegara va patrul agentlari xizmatda. Bundan tashqari, yana 2000 formasiz xodim hujjatlar bilan shug’ullanadi va migrantlarni saqlash markazlarida ishlaydi. 2024-yilda yana 1000 xodim yollanadi.
Meksika va AQSh hamkorlik qilayaptimi?
Ha. AQSh va Meksika chegarani ruxsatsiz kesib o’tish holatlari ko’payganini nazorat qilishga, shu bilan birga, muhojirlarning gumanitar sabablar bilan AQShga kirishini nazorat qilishga kelishib olgan.
Rejaga ko’ra, AQSh Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan bo’lgan muhojirlarni gumanitar dastur doirasida qabul qiladi. Meksika esa ushbu davlatlardan Amerikaga noqonuniy kirishga uringanlarni qabul qilishga rozi.
Tanqidchilar nima deydi?
“Welcome With Dignity” tashkiloti vakili Bilol Askaryorning aytishicha, boshpana so’rash huquqidan foydalanayotganlar chegarada qo’shinlar bilan emas, hurmat bilan kutib olinishi kerak.
“AQSh qo’shinlarini xavfsizlik izlayotgan odamlarni qo’rqitish va tanqidchlarini qondirishga urinish o’rniga, Prezident Bayden yangi qo’shnilarini kutib olishga tayyor bo’lgan mahalliy jamoalarga mablag’ jo’natsin”, - deydi u.
Respublikachi senatorlar esa Baydenni cheklovlarni bekor qilmaslikka chaqirmoqda.
“Title 42” noqonuniy kelganlarni chiqarib yuborish uchun 2,3 million marta ishlatilgan. Bu ma’muriyat tomonidan har qanday boshqa choralardan ko’proq qo’llangan. Noqonuniy immigatsiyaning oldini olish uchun eng samarali vositalardan biri bu”, - deydi senator Linzi Grem.
Amerika immigratsiya kengashi direktori Aron Rayxlin-Melnik:
"Faqat reaktiv ravishda chegarani kesib o'tadigan odamlar sonini vaqtincha kamaytirishga e'tibor qaratish o'rniga, tizimdagi azaliy kamchiliklarni bartaraf etishimiz, tizimni uzoq muddatda tartibga solish uchun zarur tuzatishlarni amalga oshirishimiz kerak".