Farg‘ona vodiysi Markaziy Osiyo mintaqasining uch davlati – Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasi kesishadigan va ijtimoiy muammolarga boy bo‘lgan eng murakkab bo'lagi. Uning yaqin o‘tmishi milliy, diniy tus olgan to‘qnashuvlar, hatto davlatlararo mojarolarga sabab bo‘lgan inqirozlarga boy bo‘ldi.
Markaziy Osiyo aholisi taqriban 75 millionga yetgan bo‘lsa, undan 18 millionga yaqini Farg‘ona vodiysida yashaydi. Vodiy esa Markaziy Osiyo hududining bor-yo‘g‘i 2 foizdan ko‘proq qismini tashkil etadi.
Aholining etnik tarkibi ham xilma-xil. Tub aholi - o‘zbeklar, tojiklar va qirg‘izlar. Farg‘ona vodiysida Tojikistonning Sug‘d, O‘zbekistonning Farg‘ona, Namangan va Andijon hamda Qirg‘izistonning Jalolobod, O‘sh, Botken viloyatlari joylashgan. Ayni paytda davlatlararo chegaralar uzil-kesil hal etilmagan. Farg‘ona vodiysining yaqin o‘tmishida qonli sahifalar ko‘p.
Yer, suv, boylik, hokimiyat uchun mojarolar etnik yoki diniy tus olgan holatlar ham bor. 1990-yil O‘zgan voqealari, 2000-yillar diniy-ekstremistik tashkilotlar tahdidi, 2005-yil Andijon voqealari, 2010-yil O‘sh va Jalolobod voqealari, 2020-yil So‘x, 2021-yilning bahori va 2022-yilning 14-17 sentyabr kunlari tojik-qirg‘iz chegara to‘qnashuvlari shular jumlasidandir.
Buni ham ko'ring HRW: Tojikiston-Qirg'iziston chegarasida urush jinoyatlari amalga oshirilganMarkaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan bevosita chegaraga ega bo‘lgan yagona davlati – O‘zbekistondagi har qanday yirik voqea, shubhasiz, mintaqaviy ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda hokimiyat teppasiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan so‘ng qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yaxshilanib, "yaxshi qo‘shnichilik" an’analari tiklanishi mintaqada integratsion jarayonga ta’sir ko‘rsatdi. Uzoq yillar davom etgan davlatlararo muammolar o‘z yechimini topa boshladi.
Mintaqaning eng murakkab Farg‘ona vodiysida 2018-yili Tojikiston va O‘zbekiston orasidagi chegara bahslariga barham berildi. 2023-yilning boshida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara muammolari ham o‘z yechimini topdi. Ammo Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi bahsli chegara taqdiri hal bo‘lmay, murakkabligicha qolmoqda.
Tojik-qirg‘iz chegara muammolarining yechimi masalasida ekspertlar fikri turlicha.
Tojikistonlik siyosatshunos Sherali Rizoyon fikricha, Farg‘ona vodiysida o‘zbek-tojik va o‘zbek-qirg‘iz chegara muammolarining hal etilishi bu mintaqaga nisbatan munosabatni o‘zgartiradi va tojik-qirg‘iz chegara bahsi o‘z yechimini topishiga umid uyg‘otmoqda.
“Joriy yil boshida O‘zbekiston va Qirg‘iziston muammosini hal qildi. Avvalroq, Tojikiston va O‘zbekiston ushbu murakkab mintaqada davlat chegaralari muammosini hal qilishgan edi. Bu ikki holat natijasida Farg‘ona vodiysi haqida yaratilgan qo‘rquv va afsonalarning aksariyati noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi…”,–deydi Rizoyon.
Siyosatshunos fikricha, yaqin yillarda Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi chegara muammosi hal etilishi ehtimoldan uzoq emas.
Buni ham ko'ring Tojikiston: Chegarani kesib o’tgan terror tashkiloti a’zolari yo’q qilindiTarixchi olim, Tojikiston milliy universiteti qoshidagi Mintaqaviy va qiyosiy tadqiqotlar markazi rahbari Muzaffar Olimov fikricha, Markaziy Osiyo davlatlararo chegara nizolarining omillari iqtisodiy bo‘lishiga qaramay, ular milliy tus olib ulgurgan.
"Sobiq ittifoq parchalanganidan keyingi dastlabki yillarda Markaziy Osiyoda chegaraga nisbatan salbiy munosabat tufayli yuzaga kelgan ziddiyat etnik nizoga aylandi. Masalan, tojik-qirg‘iz chegarasining so‘nggi 20 yildagi o‘tmishiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning barchasi mulkiy nizolar xususiyatiga ega ekanligini ko‘ramiz. Bahsli maydonlarning aksariyati suv taqsimlovchi inshootlar, ko‘priklar, yo‘llar, elektr podstansiyasi, suv tortish (nasos) stansiyasi, sug‘orish kanallari, uzumzorlar, bog‘lar toifasiga kirdi",–deydi Olimov.
Suhbatdoshimizning fikricha, asli o‘tgan asrning 20-30 yillarida Markaziy Osiyo mintaqasida beshta milliy davlatlarni tashkil etish to‘g‘ri qaror bo‘lmagan.
"Milliy davlatlar tashkil etish bu mintaqa uchun xos emas edi. Sobiq Sovet ittifoqi tashkil topganining avvalgi yillari bu mintaqani maxsus o‘rgangan rus tadqiqotchilari shunday xulosaga kelgan va bu xulosalarni qaror qabul qiladigan idoralarga yetkazgan. Ammo shunga qaramay baribir milliy davlatlar tashkil etilgan",–deydi suhbatdoshimiz.
Tahlilchining fikricha, bugungi kunda ham mintaqadagi mojarolarga atay milliy yoki etnik tus berilmoqda.
Nizoshunos Parviz Mullojonovning fikricha, Farg‘ona vodiysida kelgusida ehtimoliy yuz berishi mumkin bo‘lgan mojarolar milliy, diniy, chegaralararo yoki boshqa shaklda bo‘lishi va qanday tus olishiga qaramay, ularning asosiy xarakteri ijtimoiy-iqtisodiy bo‘ladi.
"Shu paytgacha atrofimizda ancha qulay geosiyosiy sharoitlarning mavjudligi barqarorligimizni ta’minlar edi. Afg‘onistonda nisbatan tinchlik, u tomondan hech qanday tahdid yo‘q edi va shu bilan birga Rossiyada faol ravishda kengayib borayotgan mehnat bozori mavjud edi",–deydi Mullojonov.
Your browser doesn’t support HTML5
Tahlilchining fikricha, Afg‘onistondagi yangi voqeiylik va Rossiya-Ukraina jangi Markaziy Osiyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Bu ta’sir mintaqaning eng zaif yoki aholisi eng zich joylashgan Farg‘ona vodiysida tezda ko‘rinish berishi mumkin. Chunki bu mintaqada aholi jon boshiga tabiiy resurslar zaxirasi juda kam to‘g‘ri keladi va hatto kun kechirish uchun ham yetmaydi.
Oxirgi paytlar tahlilchi va kuzatuvchilar Markaziy Osiyo mintaqasiga bog‘liq geosiyosiy rejalar katta ehtimol bilan o‘zgarayotganligi haqida gapirishmoqda. Buning oqibatida Farg‘ona vodiysida nizolar qo‘zg‘alishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Ba’zilar bu nizolarning xarakteri ijtimoiy-iqtisodiy bo‘lishini ham ta’kidlashmoqda. Ammo nizolar, agar qo‘zg‘alsa, etnik, diniy, chegaraoldi yoki boshqacha tus olishi haqida aniq fikrlar yo‘q. Bunday nizolar qo‘zg‘alishida katta ehtimol bilan tashqi manfaatdor kuchlarning ta’siri bo‘lishi haqida ham aytishmoqda. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, tahlilchi va kuzatuvchilar tashqi kuchlar ichki muammolarni olovlanishiga yordam berishlari mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Muzaffar Olimov fikricha, Farg‘ona vodiysida diniy omillar asosida mojaro qo‘zg‘almaydi.
"Ba’zi hamkorlarimiz mintaqada nizolarning asosiy sababi sifatida islom dinini ko‘rsatishganida hayratlanaman. Farg‘ona vodiysida diniy e’tiqod, islom ortidan mojarolar kelib chiqadi, deyish, jiddiy emas. Farg‘ona vodiysidagi mahalliy musulmonlar Tolibonni qo‘llab-quvvatlaydi, degan fikr juda zauf va asossiz. Islom ta’sirini salbiy ma’noda bo‘rttirib ko‘rsatish real emas. Muning fikrimcha, islomdan, aksincha, barqarorlashtirish uchun foydalanish kerak",–deydi Olimov.
Falsafa fanlari nomzodi, jamiyatshunos olim Ravshan Usanov fikricha, Farg‘ona vodiysida har qanday mojarolarning oldini olish uchun mavjud imkoniyatlardan unumli va to‘g‘ri foydalanish kerak.
"Haqiqatdan ham Farg‘ona vodiysida aholi juda zich yashaydi. Tabiiy resurslar esa, kam. Shunday holatda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak. Aks holda mojarolar qo‘zg‘alishi, tabiiy. Ma’lumki, har uch davlatda ham kadrlar yetishtirish bo‘yicha Farg‘ona vodiysi viloyatlari yetakchilik qilib keladi. Bu mintaqada zehniy potensial Tojikistonda ham, Qirg‘izistonda va O‘zbekistonda ham boshqa hudularga nisbatan juda yuqori. Ana shu potensialdan samarali foydalanish kerak. Yaxshi mutaxassislar tayyorlab, xorijga ham yuborish kerak. Bu vodiydagi mavjud imkoniyatlardan biri. Zarur bo‘lsa ona shunday kuchli jihatlarni topish kerak. Faqatgina shu yo‘l bilan inqirozni oldini olish mumkin, deb o‘ylayman",–deydi Usanov.