Rajab Toyib Erdog’an 28-may kuni o’tgan prezidentlik saylovining ikkinchi raundida yana besh yilga saylanib, tobora avtoritar siyosatini davom ettirish mandatini qo’lga kiritdi.
Uning raqibi, muxolifat lideri Kamol Qilichdoro’g’li poygani “so’nggi yillardagi eng adolatsiz saylov” deb tanqid qilgan bo’lsa-da, natijaga qarshilik bildirmagan.
Rasmiy raqamlarga ko’ra, Erdog’an 52,1 foiz, Qilichdoo’g’li 47,8 foiz ovoz to’plagan.
“Bizga Turkiyani kelgusi besh yil davomida boshqarish mas’uliyatini yana bir bor topshirgan xalqning har bir a’zosiga minnatdorchilik bildiraman”, - dedi Erdog’an Istanbuldagi nutqida.
Muxolif partiyalar 20 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan, inflyatsiya sabab va zilziladan so’ng tanqidga uchragan Erdog’anni lavozimidan chetlatishga umid qilgan edi. Ammo saylov uning yengilmas imijini mustahkamlagan ko’rinadi.
Poyganing 14-martda o’tgan birinchi bosqichida ham Erdog’an raqibidan 2,5 million ko’proq ovoz to’plagan, ammo g’alaba uchun 50 foizli chiziqdan o’ta olmagan.
Qilichdoro’g’li o’z chiqishlarida davlat boshqaruvini isloh qilish, inson huquqlarini e’zozlash, sudlar va markaziy bank mustaqilligini tiklashga va’da bergan edi.
“Davlatning barcha resurslari bitta siyosiy partiya uchun, bitta shaxs uchun safarbar qilindi”, - dedi u Anqarada saylovdan keyin qilgan nutqida.
Olti muxolif partiyadan yagona nomzod bo’lgan Qilichdoro’g’li mamlakat kelajagidan qayg’uda ekanini aytib, unga ovoz bergan 25 million saylovchiga minnatdorchilik bildirdi.
Erdog’an deydiki, saylovda Turkiya va demokratiya g'olib bo'ldi. Tanqidchilar uni ko’p yillik boshqaruvi davomida demokratik normalarni barbod qilganlikda, raqiblarini qamashda va hokimiyatni markazlashtirishda ayblab keladi.
Tashviqot kampaniyasida Erdog’an bosh raqibini terrorizmga qarshi kurashni eplay olmaydi, deya tanqid qilgan. Unga ko’ra, muammolar girdobidagi mintaqada Turkiyadek davlatga kuchli yetakchi kerak.
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon muloqotda Erdog’anni “ishonchli, tarixiy” g’alaba bilan tabriklagan. Turkiya rahbariga, shuningdek, Rossiya, Eron, Fransiya, Germaniya, AQSh, Ozarbayjon, Ukraina, Liviya va Saudiya Arabistoni ham tabrik yo’llagan.
Tarafdorlari oldida Anqarada qilgan g’alaba nutqida Erdog’an inflyatsiyani pasaytirish, zilzilada vayron bo’lgan shaharlarni tiklash hukumat oldidagi ustuvor vazifalar ekanini ta’kidladi.