Japarov Putindan o'rnak olmoqdami?

  • Amerika Ovozi

"Xorijiy vakil" degan tamg'alar, fuqaro jamiyati vakillariga ko'ra, Qirg'izistonni erkin dunyoga emas, Rossiya singari yakkahokimlikka asoslangan, repressiv tuzumga aylantiradi.

Qirg'iziston hukumati ham Rossiya singari o'z hududida ishlaydigan xalqaro tashkilotlar va ular bilan hamkorlik qiladiganlar hamda chet eldan mablag' oladigan muassasa va va mutaxassislarni "xorijiy agent" deya tamg'alashga bel bog'lagan. Respublika adliya vazirligi ajnabiy tomondan grant olganlar va ayniqsa siyosiy masalalar bilan shug'ullanadigan guruhlar va markazlarni alohida ro'yxatga olishni ko'zlamoqda.

Qirg'izistonda 18,500 nohukumat tashkilot bor va taxmin shuki, ularning aksariyati xorijdan mablag' oladi, xususan hukumat hamkor deb hisoblaydigan davlatlardagi fondlardan yoki yordam dasturlarida qatnashib, grant qozonadi.

Bishkekda "xorijiy agent" emas, "xorijiy vakil" degan atama ishlatilmoqda. Tashkilotlar qayta registratsiya qilinib, munosib nom olmasa, ya'ni "xorijiy vakil" degan maqomga ega bo'lmasa, ishi cheklanadi yo butkul to'xtatiladi.

Buni ham ko'ring HRW: Tojikiston-Qirg'iziston chegarasida urush jinoyatlari amalga oshirilgan

"Human Rights Watch" (HRW) inson huquqlari tashkilotidan Syinat Sultanaliyeva deydiki, bu hozircha taklif, qonun loyihasi, hali tasdiqlanmagan.

"Biroq u Qirg'izistonning fuqaro jamiyatiga misli ko'rilmagan zarba va darhol bekor qilinishi kerak".

Fuqaro jamiyati xalq hayotini osonlashtirishga undaydi, muammolarni ko'taradi, yechimlar taklif qiladi, hokimiyatdagilarni savolga tutadi, adolat targ'ib qiladi, deya tushuntiradi mutaxassis.

O'xshash taklif 2022-yilning noyabrida olg'a surilganida, qarshilikka uchrab, chetga surilgan.

O'tgan oy esa uni 32 qonunchi yoqlab chiqdi va qayta tanishtirdi.

Loyiha nafaqat mahalliy balki chet el tashkilotlarini ham nishonga olmoqda. Adliya vazirligi ulardan ham yillik hisobotlar talab qiladigan bo'ladi, jumladan xodimlari, moliya va mulklari haqida.

Adliya vazirligi bu muassasalarning ichki ishlariga aralashishi mumkin bo'ladi, majlislarida qatnashib, kuzatadi.

Biror tashkilot fuqaroni qonunlarni buzishga undayotgani aniqlansa, deydi qonunchilar, uni yopish kerak va jazolash lozim.

Buni ham ko'ring Qirg'iziston: Urushning salbiy ta'sirini sezayapmiz

Bu, deydi Sultanaliyeva kabi ekspertlar, hukumat uchun qurol bo'ladi. Har qanday siyosiy faollikni targ'ib qilish rahbariyat tomonidan qonunni buzishga undash deb talqin qilinib, muxolif harakat qilganlar va ma'muriyatni hamda siyosatchilarni tanqid qilganlar bosim ostida qoladi.

2010-yillarda ham Qirg'izistonda shu singari choralar muhokama qilingan, ammo unda mamlakatda fuqaro jamiyati kuchliroq edi. Hozirda u zaiflashgan va hukumat tizginni mahkamlagan.

BMT, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro organlar va davlatlar Prezident Sadir Japarov va u boshliq tizimni bunday qadamlar tashlamaslikka undashi kerak, deyiladi HRW bayonotida.

Qirg'iziston bu yildan boshlab BMT Inson huquqlari kengashi a'zosi. Bishkek "biz erkinmiz va demokratiyamiz" deya maqtanar ekan, real vaziyat buning aksini namoyon etmoqda, deydi tanqidchilar.

"Xorijiy vakil" degan tamg'alar, fuqaro jamiyati vakillariga ko'ra, Qirg'izistonni erkin va qonun ustuvor jamiyatga emas, Rossiya singari yakkahokimlikka asoslangan, repressiv rejimga aylantiradi.