Vilnyusda o’tgan NATO sammitining ilk kunida, blok konkret muddatni ko’rsatmagan holda Ukrainani o’z safiga qo’shishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Ukraina uchun blokka a’zolik shartlari ikki bosqich emas, bir bosqichdan iborat bo’ladi. A’zolikka taklif esa shu shartlar bajarilgan paytda beriladi”, - dedi NATO rahbari Yens Stoltenberg.
Your browser doesn’t support HTML5
Stoltenberg taklifida murosa bor. AQSh va Germaniya rahbarlariga ko’ra, Ukrainani qisqa fursatda NATO ga qo’shish Rossiya bilan urushga eltishi mumkin.
Boltiqbo’yi mamlakatlari, xususan, mezbon Litva Ukrainani tezroq a’zo qilish tarafdori.
Sammitda ittifoqchilar Ukraina rahbarini to’liq qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“Ukrainani NATO safiga qo’shish bo’yicha dadil qadamlar uchun tashakkur”, - dedi Prezident Volodimir Zelenskiy.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etar ekan, NATO liderlari yalpi ichki mahsulotining kamida ikki foizini mudofaaga ajratish majburiyatiga amal qilishini bildirdi. Urush fonida blok 32-a’zosini qabul qilishga yaqin turibdi.
“Finlyandiya va Shvetsiyaning NATO ga kirishi tarixiy voqea”, - dedi Prezident Jo Bayden.
Shvetsiyani blokka qo’shishga qarshilik qilib kelgan Anqara Bayden F-16 harbiy samolyotlarini Turkiyaga sotishga rozi bo’lgani ortidan o’z qarorini o’zgartirdi. O’z navbatida, Shvetsiya Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish harakatini dastaklaydigan bo’ldi.
“Davlat rahbarlari darajasida maslahatlar uchun fursat yetildi deb o’ylayman, NATO doirasidagi uchrashuvlar bu yo’ldagi ilk qadam”, - dedi Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an.
Sammit bugun yakunlanadi va Bayden Shimoliy Yevropa mamlakatlari liderlari bilan uchrashish uchun Xelsinkiga jo’nab ketadi.