Dunyodagi eng kuchlilaridan biri deb hisoblansa-da, Rossiya armiyasi Ukrainada Vladimir Putin istagan darajada muvaffaqiyat qozona olgani yo’q. Moskva “maxsus harbiy operatsiya” deb ataydigan urush bir yarim yildan beri davom etmoqda.
2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida Vladimir Putin poytaxt Kiyevni uch kun ichida egallashini bildirgan edi. Oradan 18 oy o’tdi. Kreml Kiyevni egallay olmadi.
Vashingtonda joylashgan Amerika Biznes instituti tadqiqotchisi Gari Shmittga ko’ra, Kreml hozirgacha urushga 60 milliard dollar sarfladi.
"Ko’pchilikning e’tibori Kremlning harbiy sarfiyatida edi. Rus armiyasi salohiyatini shunga qarab o’lchashayotgan edi", - deydi Shmitt.
Atlantika Kengashi eksperti Yan Bjezinskiy fikricha, Kreml urushni qisqa muddatli kampaniya bo’ladi, deb o’ylagan. Hozirda esa bu mudofaa urushiga aylandi.
“Endi ular o’zini himoya qilishiga to’g’ri kelyapti. Istehkomlar qurish, katta maydonlarni minalash, xandaqlar qazishga ancha vaqt sarflashdi. Rus armiyasini jahon darajasida deb bo’lmaydi, ammo baribir kattagina kuch“, - deydi ekspert.
Bugun Rossiya armiyasida taxminan bir million askar bor. Ukrainadagi yo'qotishlar tufayli majburiy safarbarlik joriy etildi. Shunga qaramay, Shmittning aytishicha, armiyaning katta qismi jangga tayyor emas.
“Zirhli texnikali operatsiyalarda ular bir paytlar gigant edi. Fosh bo’ldiki, qo’shma amaliyotlar olib borish qobilitiyati bo’lmasa, logistika xarob bo’lsa, havo kuchlari to’g’ri ishga solinmasa, bu gigant umuman mavjud emas”, - deydi Shmitt.
Mutaxassis fikricha, 2008-yilda Gruziyadagi mojaro Rossiya armiyasida tartib-intizom yetishmasligi, tuzilmaning zaifligini ko’rsatgan.
“Sharmandali tomosha bo’lgandi. Putin hamma narsani o’zgartirishga va’da berib, 10-15 yilga mo’ljallangan harbiy modernizatsiya rejasini amalga oshirishga kirishgandi”, - deydi u.
Moskva o’shanda qurolli kuchlarini modernizatsiya qilib, G'arb uslubidagi ixcham, kontrakt asosidagi batalyon, taktik guruhlarni tuza boshlagan. Lekin Shmitt fikricha, sifat emas, son muhim bo’lgan. Harbiy rahbarlar siyosiy yetakchilarni xursand qilish uchun salohiyatni bo’rttirib ko’rsatishgan. Islohotlar samara bermagan.
“Pulning katta qismi armiyani yaxshilashdan ko’ra generallar va pudratchilarning cho'ntagiga ketgan”, - deydi Shmitt.
Nafaqadagi amerikalik general Filip Bridlav deydiki, bugun Rossiya Ukrainada askar yetishmovchiligi muammosiga duch kelmoqda. Qo'shin sonini oshirish oson bo’lmaydi, bu yordam ham bermaydi, deydi u. Havo kuchlari generali Bridlav 2013-yildan 2016-yilgacha NATO qo'mondoni bo’lgan.
“Rossiya tamom bo’ldi deb o’ylasangiz, xato qilasiz. Imkoniyatlari hamon katta. Lekin Putin qo’shimcha kuch jalb etishi, qilishi kerak bo‘lgan ba’zi ishlarni bajarishi uchun unga kattagina siyosiy kapital kerak”, - deydi u.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ekspertlar “Vagner” a’zolari Yevgeniy Prigojinning o’limiga qanday javob qaytarishini diqqat bilan kuzatmoqda. Zero, ko’pchilik aviahalokatning “muallifi” sifatida Putinni ko’radi.